Qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga biometrik pasport uyda rasmiylashtirib beriladi
Endi o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga fuqaroning biometrik pasporti yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish va berish belgilangan tartibda ushbu shaxslarning doimiy ro‘yxatga turish yoki yashash joyiga borgan holda amalga oshiriladi.
Ular endilikda ma’lumotlar yig‘ish punktiga borishlari talab etilmaydi. Buning uchun tegishli murojaatni taqdim etish zarur. Davlat personallashtirish markazi saytining “Interaktiv xizmatlar” bo‘limida biometrik pasport va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini olish uchun elektron navbatga turish mumkin. Murojaatga 1 ish kun davomida ishlov berilib, arizachiga SMS-xabar orqali band qilingan navbat sanasi hamda vaqti to‘g‘risida axborot keladi. Shu yerning o‘zida ariza-anketa blankasini to‘ldirib, qog‘ozga chiqarish yoki to‘ldirilmagan blankani qog‘ozga chiqarish mumkin.