Yozgi oromgohlar mavsumga shaymi?
Yurtimizda yoshlarni bilimli, zukko shu bilan bir birga sog‘lom voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, yozgi ta’tilni maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida respublikamizning barcha hududlaridagi bolalar oromgohlarida bu yilgi sog‘lomlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Oromgohlarda bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish Konsepsiyasi talablari asosida joriy mavsum avvalida 1313 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 206 tasi statsionar, 978 tasi kunduzgi va 129 tasi “Mehnat va dam olish” oromgohlaridir. Mavsum davomida 301 589 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Ularning 153 mingdan ortig‘i statsionar, 148 mingdan ziyodi esa kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi.
Orolbo‘yi mintaqasiDAGI 4,5 ming nafar kam ta’minlangan oilalarNING FARZANDLARI, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar (Qoraqalpog‘iston – 3 000 nafar, Xorazm – 1 500 nafar) Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 12 ta eng namunali oromgohlarda bepul dam olISHADI.
700 nafar kam ta’minlangan oilalarning farzandlari va ota-onasiz bolalar “Mahalla” jamoat fondi hisobidan bepul sog‘lomlashtiriladi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda viloyatdagi Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlaridagi 500 nafar, “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ tomonidan 100 nafar ehtiyojmand oila farzandlari ham bepul hordiq chiqarishadi.
– Bu yil ham O‘zbekiston Kasaba uyushmalar Federatsiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida maktablarda turli fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi” g‘oliblari uchun Toshkent viloyatidagi “Quyoshli” oromgohida “Intellektual rivojlantirish oromgohi” tashkil etiladi, – deydi “Quyoshli” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi direktori Yo‘lchiboy Rahimjonov. – Bu yerda bolalarning bilim va salohiyatini yanada oshirish maqsadida turli intellektual o‘yinlar uyushtirilib, oromgoh miqyosida bilimdonlar musobaqalari ham tashkil etiladi.
Bundan tashqari bolalarning qiziqishini inobatga olgan holda joriy yilda 206 ta ixtisoslashtirilgan oromgoh tashkil etiladi (14 ta intellektual rivojlantirish, 14 ta harbiy-sport, 7 ta ijtimoiy-moslashuv, 14 ta ekologik-biologik, 14 ta texnik ijodkorlik, 14 ta badiiy ijodkorlik, 129 ta mehnat va dam olish oromgohlari).
– Katta o‘g‘lim Bekzod 8-sinfda o‘qiydi. U bu yilgi “Bilimlar bellashuvi”da faxrli 2-o‘rinni egalladi, – deydi Sirg‘ali tumanidan Husniya Xoliqova. – Bugungi kunda yurtimizda bilimli va zukko bolalar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan biz, ota-onalar benihoya mamnunmiz. Endilikda shu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda biz ham o‘g‘limizni “Quyoshli” oromgohiga yuborishni niyat qilganmiz.
Mavsum davomida oromgohlarda sifatli tibbiy xizmat va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Bunga zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlangan tibbiyot xodimlari biriktirildi. Oziq-ovqat xavfsizligi, sanitariya-gigiyena qoidalari, jalb etilayotgan xodimlar, qabul qilinayotgan har bir bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, ularga malakali tibbiy-xizmat ko‘rsatish ishlari doimiy nazoratga olinadi. Malakali pedagog xodimlar jalb etilib, ularga o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yetkazib beriladi, kutubxonalar yetarli adabiyotlar bilan boyitiladi. Shuningdek, bolalar ko‘nglini shod etish, ularni ruhan hamda jismonan chiniqtirish maqsadida har bir maskanda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Sulaymon ARZIQUL o‘g‘li