Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etmoqda.
Assambleya JSSTning yuqori organi hisoblanib, uning har yilgi sessiyasi may oyida Jenevada bo‘lib o‘tishi odatga aylangan.
An’anaga muvofiq, joriy yilgi 71-sessiya ham Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilmoqda. Tadbir rasman 21 may kuni ochildi. Unda JSSTga a’zo 194 ta mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha rahbarlari qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
Har yili sessiya davomida ishtirokchilar JSST faoliyatini ko‘rib chiqib, o‘z oldiga yangi maqsad va vazifalar qo‘yadi. Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining bu yilgi sessiyasida sog‘liqni saqlash sohasiga doir murakkab masalalar va ularning yechimiga doir chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta’siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta’minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha global strategiya masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi 26 mayga qadar davom etadi.