Andijon shahrida bo‘g‘ma kasalligiga gumon qilingan tashxis tasdiqlanmadi
Ayrim xorij internet nashrlarida Andijon shahrida yashovchi 3,5 yoshli bolada bo‘g‘ma (difteriya) kasalligi qayd etilganligi to‘g‘risida xabarlar berilgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi D. Tursunova boshchiligida mamlakatimizdagi yetakchi olim va shifokorlardan iborat tezkor guruh tashkil etilib, Andijon shahriga yuborildi.
Joriy yilning 7 may kuni 2014 yil 21 avgustda tug‘ilgan A. Shuhratbekov “yiringli-nekrotik angina” birlamchi tashxisi bilan Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Onasi bergan ma’lumotga ko‘ra bemor bola 5 may kuni muzqaymoq iste’mol qilgan va 6 may kuni unda holsizlanish, injiqlik, rangida oqarish kabi belgilar paydo bo‘lgan. 7 may kuni tana harorati ko‘tarilishi, tomoqda og‘riq kuzatilgani bois bola viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Shifoxonada mutaxassislar tomonidan bemor ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng, unga zamburug‘li angina birlamchi tashxisi qo‘yilib, o‘rtacha og‘irlikda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng tahlil uchun tegishli biologik namunalar olinib, laboratoriyaga topshirilgan va barcha muolajalar vaqtida o‘tkazilgan.
Bemor Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuborilgan mutaxassislar nazoratida konsilium qilinib, takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Unga yiringli-nekrotik angina va bo‘g‘maga qo‘shimcha tekshirish buyurildi.
Ta’kidlash joizki, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar milliy emlash jadvaliga muvofiq bo‘g‘ma kasalligiga qarshi 4 marotaba emlangan.
Ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam natijasida 11 may kuni A. Shuhratbekovning umumiy salomatligi qoniqarli, deb baholandi va o‘sha kuni mikrobiologik tahlil natijalari ham olindi. Bemorga streptokokk etiologiyali yiringli-nekrotik angina yakuniy tashxisi qo‘yildi.
Ayrim xorij elektron nashrlari tarqatganidek, bemor A. Shuhratbekovga qo‘yilgan bo‘g‘ma kasalligi taxminiy tashxisi tasdiqlanmadi.