Bolari

Ming bir dardga davo bo‘lmish asalni tinim bilmas bolari tomonidan ne mashaqqatlar evaziga yig‘ilishini hech tasavvur qilganmisiz? Bu mitti hasharotning bir kunda 10 kilometrlab yo‘l bosishini-yu minglab o‘simliklardan nektar yig‘ishi igna bilan quduq qazishdan-da og‘irroq yumush ekanligini-chi? Bu xuddi chelakni uzoq masofadan angishvonada suv tashib to‘ldirmoqchi bo‘lganday gap. Bolari bilan taqqoslaganda biz uchun bu ham ancha yengil vazifa.

Bolari – go‘zallik shaydosi. U Allohning beg‘ubor, farishtamisol xilqati, toza, pok, bag‘rida g‘ubori yo‘q hasharot. Butun umri davomida gard inmagan anvoyi gullar uzra parvoz qilib, ular atrofida parvona bo‘ladi.

Gohida uning harakatlarini kuzata turib, “vizzillab” qanot qoqishidan o‘zgacha zavq tuyasan. Go‘yoki, u chin oshiqdek o‘z zabonida kishi bilmas alyor o‘qiyotganday. Shundan bo‘lsa kerak, asalarining uchar yo‘li samoga, qo‘nar joyi chamanga bog‘langan. U tinim bilmay ishlaydi, insonga shirin va tansiq tabiat ne’matini hadya etadi. Ne qiyinchiliklar evaziga tayyorlangan bebaho, shifobaxsh asalning ming dardga davo, tanga malham bo‘lishini hisobga olsak, u ataylab inson uchun mehribonlik, g‘amxo‘rlik qilayotgandek. Bolarining a’moli shunchalar buyuk esa-da, umri qisqa. Nailoj, u tabiatan shunday yaralgan. Ammo asalarining shu qisqa umri hecham besamar ketmaydi. Uning qilgan ishi faqat insoniyatga naf keltiradi. Ezgulik qilish ila gulu giyohlarni changlatish evaziga ularning hayotini uzaytiradi, hosildorligini oshiradi, yiqqan asali esa insonga shifo.

O‘zgalarga naf keltirishni yuksak maqsad deb bilganlarni shu tinim bilmas mitti bolariga qiyoslayman: hayotini faqat o‘zi uchun emas, o‘zgalar baxti uchun ham sarflaydi. Qaniydi, hamma shunday bo‘lsa.

 

Dilfuza TILLAYEVA

Yana o‘qing:  HIKMAT IZLAGANGA...

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: