Ajdodlarimiz jasorati va qahramonligi xotiramizda mangu qolajak
Davlatimiz tomonidan keksa avlod, jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va frontorti xizmatchilarining ko‘nglini ko‘tarish, salomatligini mustahkamlash, ular uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoevning joriy yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar ifodasini topgan.
Ushbu hujjatlarga muvofiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabriknomasi, 5 million so‘mdan pul mukofoti va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazmoqda.
9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar kelgan.
Soat 9: 00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kirib keldi.
Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi – harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Motamsaro ona haykali turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qo‘yilgan gullarga burkandi.
Shu kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan urush va mehnat faxriylari taklif etildi.
Bog‘ bayramona bezatilgan. Sahna ortidagi ulkan monitorda xalqimizning urush davrida ko‘rsatgan matonati va jasorati, yovqur o‘g‘lonlarining mislsiz qahramonliklari aks etgan lavhalar namoyish qilindi. Mardlik, ozod Vatan, tinchlik tarannum etilgan shiorlardan yuraklar junbushga keldi.
Bog‘ ichidagi maydonda urush yillaridagi muhit aks etgan. Qo‘mondonlik shtabi, okop va blindajlar, tibbiyot punkti, dala oshxonasi qurilgan, Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy texnika, qurol-aslaha namunalari joylashtirilgan. Jang maydonlarida askarlarimiz ko‘rsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning frontorti mehnat faoliyati aks etgan.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosida musiqa yangradi.
Bayram tantanasida hozir bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni qarsaklar bilan kutib oldi.
Chorlov musiqasi yangraydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev minbarga taklif etildi.
Davlatimiz rahbari bu yerga yig‘ilganlarni, butun xalqimizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan tabrikladi.
Janggohlarda mardlik ko‘rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag‘ishlab yurgan faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilishimiz, ayni vaqtda Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur yurtdoshlarimizning nomlarini ham hurmat-ehtirom bilan esga olish, ularning oila a’zolari, farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilishimiz zarurligini ta’kidladi.
Butun dunyoda millionlab insonlar umriga zomin bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Unda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Xalqimizning urush yillaridagi chinakam matonat va jasorati butun insoniyat uchun ibratdir. O‘zbek xalqi jang maydonlaridan yurtimizga evakuatsiya qilingan bir millionga yaqin kishiga o‘z uyidan joy berdi. Ular orasidagi 200 ming bolani yuzlab o‘zbek oilalari “Sen yetim emassan”, deb o‘z panohiga olgan, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo‘rayev va Ashurxo‘jayevlar oilasi 8 nafardan bolani o‘z bag‘riga olgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgan shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasi xotirasiga hurmat sifatida barpo etilgan haykal qayta o‘rnatilgani bu bag‘rikenglikning namunasidir.
Shuningdek, general Sobir Rahimov haykali Toshkent shahri Olmazor tumani hokimligi qarshisidagi eski o‘rniga qaytarilgani 1941–1945 yillarda Ikkinchi jahon urushi frontida matonat ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz xotirasini ulug‘lash yo‘lidagi yana bir ezgu qadam bo‘ldi.
– 1943 yil urushga ketdim, ikkinchi Ukraina frontida xizmat qildim, – deydi Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi Mahmadali ota Siddiqov. – 1946 yilda yurtga qaytib keldim. U davrlarni eslash biz uchun azob. G‘alabaga hissa qo‘shgan o‘nlab quroldosh do‘stlarimiz xoki begona yurtlarda qolib ketdi. Urushdan so‘ng Samarqand o‘qituvchilar tayyorlash maktabini tamomlab, uzoq yillar yoshlarga dars berdim. Yoshim 96 da, to‘rt farzand, qirqdan ziyod nevara-chevara ko‘rdim. Bugungi bayram, Prezidentimizning e’tibori ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Ilohim, elimizdan mehr-oqibat, ahillik arimasin. Yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Sahnada va ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayot aks ettirilgan lavhalar o‘tadi.
…O‘zbekiston san’at arbobi Turob To‘laning “Ona monologi” yangraydi.
Mashhur suxandon Yuriy Levitanning urush boshlangani to‘g‘risidagi e’lonni o‘qigan ovozi yangraydi. Yigitlar Vatan himoyasiga otlanadi. Monitorda Ikkinchi jahon urushi voqealari tasvirlanadi.
Bu yilgi Xotira va qadrlash kuni tadbirlarida Ikkinchi jahon urushida xalqimizning tinchligi va omonligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan bobolarimizni xotirlash, bugun oramizda bo‘lgan faxriylarimizning ko‘nglini ko‘tarish, umriga umr qo‘shishdek olijanob maqsad ko‘zlangan. Zero, ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi.
– Bugungi tadbir yurtingizda faxriylarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning yorqin namunasi bo‘ldi, – deydi Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen xonim. – Bayramga O‘zbekistonning barcha hududidan nuroniylar taklif etilgan, harbiy libos kiygan yigit-qizlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda. Keksalarga izzat-hurmatli, mehr-oqibatli bo‘lish xalqingizga xos yuksak fazilatdir. Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida bugungi tinch-osoyishta, baxtli-saodatli kunlarni ta’minlashga hissa qo‘shgan faxriylarning hurmatini joyiga qo‘yish va hayotini mazmunan boyitish yo‘lidagi bu harakatlar tahsinga loyiq.
Bayram dasturida atoqli shoir va san’atkorlarimizning she’r va qo‘shiqlariga keng o‘rin berilgani Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatiga mos tushgan. Hamid Olimjonning “Fashizm balosi”, Zulfiyaning “Jangga ketgan o‘g‘ilga”, G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan” she’rlarining mualliflardan yozib olingan parchalari eshittirilganda, qalblar larzaga keldi.
…Kamtarning “Frontdan xat”, Habibiyning “Ko‘rgum kelur”, G‘afur G‘ulomning “Yigit omon bo‘lsa”, Konstantin Simonovning “Jdi menya”, Yakov Galitskiyning “Siniy platochek” she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi.
Konsert harbiy orkestr va milliy ijrochilar ishtirokida davom etdi.
Urush tugab, g‘alabaga erishilgani haqida Yuriy Levitan e’lon qiladi.
73 yil oldingi bu quvonch, surur yana bir bor tadbir ishtirokchilarini hayajonga soldi.
– Biz baxtli avlodmiz – shunday tinch-osoyishta mamlakatda yashayapmiz, – deydi Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ilhom To‘laxo‘jayev. – Bunda bobo-buvilarimizning, barcha nuroniylarimizning hissasi beqiyos. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ularga g‘amxo‘rlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir.
– O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgani zamirida juda katta ma’no-mazmun bor, – deydi Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ito Nobuaki. – Ikkinchi jahon urushi bo‘lib o‘tganiga ancha bo‘ldi, lekin undan chiqariladigan saboq, xulosalar hali tugagani yo‘q. Bu esa g‘alabaning qadr-qimmatini oshiradi. O‘zbek xalqi ana shu ulkan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgani bilan faxrlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish zarurligini ta’kidladi. Darhaqiqat, xotira bugungi avlodni tinchlikni qadrlashga o‘rgatadi. Prezidentingiz, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan hamkorligi bundan buyon ham mustahkamlanib borishini qayd etdi. Biz bu munosabatlarni g‘oyat qadrlaymiz. O‘zaro hamkorligimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonamiz.
Urush yillarining ayanchli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy dastur qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Matnazar ELMURODOV,
O‘zA muxbirlari