Toshkent shahrida I Xalqaro gastronomik festival
9-11-avgustdа Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) hamda Xalqaro konferensiyalar va konvensiyalar assotsiatsiyasi (ICCA) mutaxassislari ishtirokida davlat idoralari va xususiy sektor vakillari uchun trening va mahorat darslari oʻtkazildi.
Ushbu mahorat darslaridan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizda oʻtkazilayotgan biznes tadbirlarini yanada yuqori saviyaga koʻtarish, Oʻzbekistonning MICE turizmi salohiyatini yanada oshirish va undan daromad olishni koʻpaytirish boʻyicha jahonning eng ilgʻor mutaxassislari tajribalarini oʻzlashtirishdan iborat. Mahorat darslari ishtirokchilari UNWTO akademiyasi va ICCA mutaxassislari tomonidan taqdim etiladigan amaliy mashgʻulotlar orqali bepul treninglarda qatnanish va oʻz sohalarida tadbirlar oʻtkazish boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarini kengaytirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Soʻnggi vaqtda MICE turizm iqtisodiyotning istiqbolli sohalaridan biri boʻlib, mamlakatlar rivojiga bevosita va bilvosita taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, bu yerda ham MICE turizmi salohiyatini yetarli darajada rivojlantirishga eʼtibor qaratila boshlandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi MICE turizmining maqsadli vazifalari va xalqaro tajribalaridan kelib chiqib, 2019-2025-yillarda Oʻzbekistonda MICE turizmni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish, strategiya va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, mamlakatda MICE turizmni rivojlantirish bilan bogʻliq alohida davlat muassasasi (Qoʻmita qoshida) tashkil etish, MICE turizmini rivojlantirish uchun mamlakatning hududlarida zarur infratuzilmalarni yaratish, Xalqaro kongress va konferensiya assotsiatsiyasi (ICCA) bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy ishlarni olib bormoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda jahon miqyosida oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlar, ayniqsa, festival, konferensiya va kongresslarning koʻlami tobora kengayib bormoqda.
Global mavzularni qamrab olgan xalqaro ajumanlarda minglab mutaxassislar, olimlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.
5 ming kishilik konferensiyani koʻz oldimizga keltiraylik: 25 ta yirik samolyot toʻla turist bir vaqtda mamlakatimizga tashrif buyurishi, 3-5 kun davomida ularning yurtimizda qolishi, ovqatlanishi, transportda yurishi, ular ishtirokida koʻngilochar tadbirlar uyushtirilishi, sovgʻa va boshqa buyumlar xarid qilishi va h.k. Xuddi shu kabi yuqori darajada tashkil qilinadigan keng miqyosdagi festival, yarmarka, EXPO va boshqa tadbirlar haqida ham shunday tahlil oʻtkazish mumkin. Yuqorida taʼkidlanganidek, mazkur yoʻnalish, ya’ni MICE turizm yuqori malakali kadrlarni, jahon standartlaridagi xizmatlarni, bu boradagi xalqaro tajribani oʻzlashtirish hamda milliy koloritga uygʻunlashtirishni talab etadi. Taʼbir joiz boʻlsa, dunyoni lol qoldira oladigan tashkilotchilik sanʼati namoyishini taqozo qiladi. Shu jihatdan ham bu masalada Xalqaro kongress va konferensiya assotsiatsiyasi (ICCA) bilan hamkorlik yuksak ahamiyat kasb etadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyatining 2019-yil may oyida Xorvatiyaning Zagreb shahriga tashrifi jarayonida UNWTO va ICCA tashkilotlari mutasaddilari bilan olib borilgan muzokaralar samarasi oʻlaroq ushbu nufuzli xalqaro tashkilot vakillarining mamlakatimizda trening va mahorat darslari oʻtkazilishi boʻyicha kelishuvga erishildi. ICCA tashkiloti dunyodagi eng nufuzli tadbirlar tashkilotchilarini oʻzida birlashtirgan xalqaro tashkilot. Mazkur tashkilot vakillarining birinchi marta Oʻzbekistonga tashrif buyurishi va tegishli treninglar oʻtkazib, soha sirlarini mamlakatimizdagi hamkasblari bilan oʻrtoqlashishi soha vakillari uchun beqiyos mahorat maktabi boʻlishi shubhasiz. Mana shu tajriba almashinuvining natijasida mamlakatimizda ham yirik xalqaro kongress va konferensiyalarni tashkil etish, bu sohada yanada ilgarilashga erishish uchun zamin hozirlanishiga umid qilish mumkin boʻladi.
Марям АХМЕДОВА,
Амаль СОЛИЕВА