Xalq dardi bilan yashash – azaliy qadriyat
Tinch va osuda yashayotgan elda barkamol avlod voyaga yetadi. Zotan, har qanday davlatchilikning tadrijiy taraqqiyoti, avvalo, el salomatligi, yurt obodligiga bog‘liq. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Namangan viloyat filiali tomonidan o‘tgan vaqt davomida bu borada qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinyapti.
Viloyat hokimligining ishchi guruhlari bilan hamkorlikda chekka qishloq va aholi punktlaridagi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati va salomatligi doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. O‘tgan yillar davomida filialning tibbiy-ijtimoiy patronaj ko‘chma brigadasi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining quyi tizimi muassasalari xodimlari o‘zaro hamkorlikda shahar va tumanlardagi 700 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan 42 ming 614 ta kam ta’minlangan oila va ulardagi 418 ming 970 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu jarayonda 12 ming 645 nafar fuqaro, jumladan, 850 nafar nogironligi mavjud insonlarga xayriya yordamlari ko‘rsatildi.
Viloyat filialining nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish dasturiga muvofiq, 2003-2018 yillar davomida Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl” xalqaro tashkiloti grant mablag‘lari hisobidan 34 nafar bola Germaniya, 5 nafar bola Koreya va Ukraina davlatlaridagi nufuzli klinikalarda davolandi. Ayni paytda 2 nafar nogiron bola Germaniya davlatida davolanishni davom ettirmoqda.
Bular faoliyatimizdagi ezgu ishlarning ayrimlari xolos. Filialimiz xodimlari kelgusida ham aholining muammo va murojaatlarini e’tiborda tutib, ularga moddiy, tibbiy va ijtimoiy-ma’naviy yordam ko‘rsatishdan sira charchamaydi.
Xayrullo ARTIQOV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi
Namangan viloyat hududiy filiali direktori