Dubayda Wi-Fi tarqatuvchi sun’iy daraxt o‘rnatildi
Dubayda Wi-Fi tarqatuvchi va uyali telefonlar batareyalarini quvvatlantirish imkonini beruvchi “aqlli palma daraxtlari” o‘rnatildi.
Quyosh batareyalari bilan jihozlangan ushbu qurilmalar kun davomida quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantirib beradi. Har bir “palma”da telefonni quvvatlantirish uchun 8 ta nuqta bor. “SmartPalm” kompaniyasi vakilining ta’kidlashicha, shaharda o‘rnatilgan “aqlli daraxtlar” uyda foydalaniladigan oddiy quvvatlantirish qurilmasiga nisbatan telefon batareyalarini ikki marta tez quvvatlantiradi.
Shuningdek, har bir “daraxt” 100 metr kenglikda Wi-Fi tarqatadi. Qurilmalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Hozircha bitta “daraxt” shahar plyaji va ikkinchisi esa istirohat bog‘iga o‘rnatilgan. “SmartPalm” keyinchalik aholi gavjum bo‘ladigan boshqa joylarda ham bunday qurilmalarni o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Kompaniya asoschisi Viktor Nelepaning qayd etishicha, ular o‘rnatayotgan ushbu qurilmaning palmaga o‘xshatib ishlangani, mamlakat aholisining madaniy qadriyatlariga ishora.
Dilfuza AZIMOVA