Tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalashda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» harakatini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.
Jumladan, jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari respublikamiz miqyosida mahallalar va qishloqlarda bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri shakllantirish mavzularida tibbiy maslahatlar berib kelmoqda.
Joriy yilning 7 oyi davomida Respublika tibbiy-ijtimoiy patronaj ko‘chma brigadalari tomonidan joylardagi Sog‘liqni saqlash boshqarmalari mutaxassislari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 596 ta qishloq va 1515 ta mahallalaridagi 26 643 ta oilalarning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit va bolalar sog‘lig‘i o‘rganildi. Tibbiy ko‘rik davomida jami 116 662 nafar fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Yaqinda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasining Tibbiy ijtimoiy markazi shifokorlari Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Jarariq» mahallasida bo‘lib, «Sog‘lom oila — taraqqiyot poydevori» shiori ostida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik davomida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish mavzusida tushuntirish ishlari olib borildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning asosiy qismini ayollar, o‘smirlar va fertil yoshidagi ayollar tashkil etdi.
M. TOLIPOVA