Do‘stlikni tarannum etgan ohanglar

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Navro‘z sadolari” IV xalqaro ko‘p ovozli milliy cholg‘ular ansambli va orkestrlari musiqa festivali bo‘lib o‘tmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, “So‘g‘diyona” orkestri, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan madaniy tadbirda o‘zbekistonlik yosh musiqachilardan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistondan kelgan 700 nafar yosh ijodkor ishtirok etmoqda.

Har yili muntazam tarzda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro festival Markaziy Osiyo xalqlarining milliy musiqa san’ati va qo‘shiqchilik an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odati yaqin millat va elatlarni san’at vositasida yanada birlashtirish, ularni go‘zallik, nafosat va ezgulikka da’vat etishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, “Navro‘z sadolari” festivalidan ko‘zlangan yana bir maqsad yurtimizning musiqa ta’limiga oid salohiyatini xalqaro miqyosda namoyish etish, yosh ijodkorlar faolligini oshirish, ko‘p ovozli ansambl va orkestrlar repertuarining rang-barangligini, konsert dasturlarining qiziqarli va sermazmun bo‘lishini ta’minlash, musiqachi yoshlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun keng imkoniyat yaratishdan iborat.

Musiqa boshqa san’at turlari kabi o‘zida hayotni aks ettiradi. Ta’kidlash joiz, yosh avlodni har jihatdan yetuk inson bo‘lib kamol toptirish, ularning estetik didini yuksaltirishda uning o‘rni va ahamiyati beqiyos.

 

Tentimish MURATALIYEV,

Qirg‘iziston xalq artisti, professor:

– Kuy-qo‘shiqqa mehr-muhabbat bolalikdan shakllanadi. Musiqa va san’atning ijobiy ta’siri yoshlar hayotida o‘zgacha o‘rin tutadi. Bola darsdan bo‘sh vaqtida o‘zi istagan musiqa turi bilan shug‘ullanishi orqali kelgusida qaysi kasbni egallash uchun zamin tayyorlaydi, qalbida ezgu va olijanob fazilatlar bo‘y ko‘rsatadi. Buyuk faylasuflardan biri Platon musiqaning inson hayotidagi o‘rni haqida to‘xtalib, “Yaxshi musiqa butun dunyoni jonlantiradi, qalbni qanot bilan ta’minlaydi, tasavvur va yangi g‘oyalar tug‘ilishiga yordam beradi” degan edi. Darhaqiqat, hayotbaxsh kuy-qo‘shiq eshitgan, go‘zal va yoqimli ohang tinglagan keksa-yu yosh ruhiyatida mamnunlik aks etadi, qalbida ezgu tuyg‘ular shakllanadi.

Festivalda har bir xalq vakillari o‘z milliy musiqasining eng yuksak namunalarini namoyish etishi bilan ham ahamiyatlidir. San’atda milliy an’analarni asrash va davom ettirish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir. Albatta, har bir xalq bunga intiladi. Ushbu maqsadga erishish uchun san’at olamiga endigina kirib kelayotgan yoshlarga zarur bilim berish bilan birga, ular o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazish katta ahamiyatga ega.

Yana o‘qing:  Muallimning so‘nggi sabog‘i

O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan kadrlar salohiyati bizning yurtda ham ma’lum va mashhur. Mazkur musiqa bayramida mamlakatingiz nomidan ishtirok etayotgan iste’dodli bolalarning ijro mahoratiga qoyil qoldik.

 

Nyamdjansan GALSANDJAMS,

Mo‘g‘uliston Respublikasi, Mo‘g‘uliston davlat konservatoriyasi litseyi milliy cholg‘ular ansambli rahbari:

– O‘zbeklarning ko‘ngli ochiq, mehmondo‘st xalq ekanini avvaldan bilardik. Biroq, bizni bu qadar izzat-ikrom bilan kutib olishlarini kutmagandik.

Festival boshlanishidan bir kun avval Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi. Undan olgan taassurotlarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman.

Milliy va ma’naviy merosimiz asrlar mobaynida xalqimizning bebaho xazinasi sifatida ko‘nglimizni nurafshon etadi. Ushbu festivalda ham shogirdlarim milliy cholg‘u-asboblarimizda kuy-qo‘shiqlarimizni sahnaga olib chiqdi. Yurtingizda o‘tayotgan har bir daqiqa bizga hayotimizdagi eng unutilmas lahzalarni hadya etmoqda. “Navro‘z sadolari” xalqaro festivalida ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz.

 

Maxsutxan TASHIMOV,

Qozog‘iston Respublikasi, Almati shahri, A. Jubanov nomidagi RIMMI “Asil-mura” do‘mbirachilar ansambli rahbari:

– Mamlakatimiz vakillari mazkur musiqa bayramida muntazam qatnashadi. Ushbu san’at anjumani yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lab, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qadim Sharq va Yevropaning klassik musiqalarini ijro etish har qanday yosh avlod uchun yuksak sharaf. Mazkur tanlovda shogirdlarim o‘z iqtidorini to‘la namoyon eta olganlaridan baxtiyorman.

 

Dilorom ALIMOVA,

Farg‘ona san’at kolleji o‘zbek milliy cholg‘ulari aralash tarkibli ansambli rahbari:

– Festival g‘oyasi musiqa sohasida izlanayotgan yoshlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishiga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga molik. Qolaversa, o‘zbek musiqa ta’limidagi yangiliklar, qardosh xalqlarimiz yoshlarining ijodi bilan yaqindan tanishishida mazkur tadbir muhim ahamiyat kasb etadi. Festivalga o‘zbek milliy kuylaridan iborat musiqiy guldasta tayyorladik. Chiqishlarimiz barcha tinglovchilarga manzur bo‘lganidan mamnunmiz.

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: