Xalq salomatligi muhofazasida muhim omil
Har bir mamlakatning kuch-qudrati nafaqat uning iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, sport sohasidagi salohiyati bilan, balki inson omiliga yuksak e’tibor qaratishi, shuningdek, aholi salomatligi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligi muhofazasiga doir olib borayotgan insonparvar siyosati, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlariga ham bog‘liq.
Bu jihatdan yurtimizda istiqlolning ilk yillaridanoq barcha sohalarni rivojlantirishga yuksak e’tibor qaratilib, Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida barcha jabhalarda joriy qilingan keng ko‘lamdagi islohotlar, ozod va obod Vatan, farovon turmush bunyod etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar jahon ahlining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda xalq salomatligi va el farovonligini ta’minlash yo‘lida har yili davlat dasturlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgani e’tiborlidir. Bu dasturlar avvalo yil nomidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Jumladan, 2013 yilga «Obod turmush yili» deb nom berilishi va Davlat dasturining qabul qilinishi o‘tgan yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Davlat dasturida joriy yilda ham mamlakatimiz tibbiyot tizimida qator chora-tadbirlar amalga oshirish belgilangan. Unga ko‘ra eng chekka hududlarda 32 ta qishloq vrachlik punkti (QVP)ni barpo etish, 54 ta tibbiyot birlashmasini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, 11 ta viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ularning barchasi, shuningdek, 13 ta viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
Ma’lumki, sog‘lom bola tug‘ilishi hamda uning benuqson rivojlanishida onalar va bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda O‘zbekistonda mikronutriyent tanqisligining oldini olish hamda bartaraf etish, ya’ni iste’mol tuzini yodlash, unni boyitish, temir, foli kislotasi va A vitaminini saplementatsiya qilish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Har yili polivitamin komplekslarini xarid qilish uchun byudjet mablag‘larini ajratishni ko‘zda tutadigan Davlat dasturini amalga oshirish doirasida 2013 yilda 400 ming nafardan ziyod homilador ayolning sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Bolalarni ko‘krak suti bilan emizish amaliyotini yanada kengaytirish, sog‘lom turmush tarzini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va qaror toptirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bolalar tug‘ilishiga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida joriy yilda tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smir qizlar o‘rtasida «Salomatlik haftaligi» har oyda muntazam o‘tkazib borilayotir. Ushbu tadbirlar davomida barcha hududlar, ayniqsa, chekka va borish qiyin bo‘lgan tumanlarda respublikamizdagi yetakchi ixtisoslashtirilgan markazlar, ilmiy tekshirish institutlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining yuqori malakali mutaxassislari xotin-qizlar hamda bolalar salomatligini tiklaydi. Ularga zarur maslahatlar beradi. O‘zbekistonda tug‘ma hamda irsiy nuqsonlarni erta aniqlashga yordam berish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ayollar va chaqaloqlar skrining tizimini takomillashtirish davom ettirilmoqda. 2013 yilda Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» va «Sog‘lom yoshlar» loyihalari amalga oshirib kelinmoqda. Birinchi loyihaning maqsadi o‘smir qizlarga to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena va kamqonlikning oldini olish sohasida tibbiy ma’lumotlar berish, shuningdek, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash, tug‘ruqqa tayyorlanish va bir yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarishlash masalalari bo‘yicha xabardor qilishdan iborat.
«Sog‘lom yoshlar» loyihasi esa OIV/OITS, giyohvandlik, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar va sil kasalligining oldini olishga doir ta’lim uslublari hamda dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishga yo‘naltirilgan. 15 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar «Sog‘lom yoshlar» harakatiga seminar-treninglar, davra suhbatlari va yoshlar ijtimoiy aksiyalarini, jumladan, «Biz — sog‘lom hayot tarzi tarafdorimiz!» respublika ijodiy tanlovini o‘tkazish orqali keng jalb etiladi.
«Hayot uchun!» assotsiatsiyasi va «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bu yil ham mamlakatimizning barcha hududlarida xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, shu jumladan, «Hayot uchun!» xayriya forum-marafoni va boshqa ijtimoiy aksiyalar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Yevropa Ittifoqi/YUNISEFning «Onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirish. II bosqich.» qo‘shma loyihasi, YUNFPA, Global fond, KfW banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasida mehnat qilayotgan 18 ming nafar tibbiyot xodimi o‘z malakasini oshiradi. 2013 yilda tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida bolalarga tashxis qo‘yish va ularni davolash bo‘yicha JSST/YUNISEFning zamonaviy texnologiyalari hamda jahon standartlarini joriy etish loyihalari ham hayotga tatbiq etiladi. Bularning barchasi mamlakatimizda onalar va chaqaloqlar o‘limini yanada kamaytirish bo‘yicha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini – ambulatoriya-poliklinika xizmati va 3 ming 200 ta qishloq vrachlik punktlaridan (QVP) tarkib topgan tarmoqni mustahkamlashga, ular faoliyatida profilaktika ishlari ustuvorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. «Obod turmush yili» Davlat dasturida aholiga maslahat berish va tashxis qo‘yish, profilaktika hamda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha QVPlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir bir qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Misol uchun, «Salomatlik-3» loyihasini amalga oshirish doirasida QVP, oilaviy poliklinikalar va tuman tibbiyot birlashmalarida faoliyat olib borayotgan 5 ming 100 nafar shifokor hamda 12 ming 500 nafar xodimni sayyor kurslarda o‘qitish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizdagi eng yaxshi klinikalar mutaxassislari ishtirokida «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi» loyihasini amalga oshirish orqali eng chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholini chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu jarayonda 146 ming kishi, shu jumladan, yolg‘iz keksalar, nogironlar va pensionerlar qamrab olinadi. Bundan tashqari, yil davomida har bir hududda 200 mingdan ortiq kishi ommaviy ravishda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boriladi.
Shuningdek, dasturda aholining yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga doir chora-tadbirlar ham belgilangan. Masalan, 2012 yilda kardiojarrohlik bo‘limi tashkil etilgan V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi, ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya markazlarida o‘ta murakkab va texnologik darajadagi operatsiyalarni o‘tkazish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Vaholanki, bunday operatsiyalar bugun dunyoning hamma davlatlarida ham amalga oshirilayotgani yo‘q.
Soha mutaxassislarining kasbga oid bilimlarini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Germaniya, Italiya, Fransiya, Avstriya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Malayziya, Singapur, AQSH, Isroil va boshqa mamlakatlarning yetakchi klinika hamda tibbiyot markazlarida mutaxassislarimizning tajriba oshirishi tashkil etilayotgani so‘zimiz isbotidir.
O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotgani tufayli mustaqillik yillarida mamlakatimiz hududiga karantin qilinadigan va o‘ta xavfli infeksiyalar kirib kelishi hamda tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Aholini, ayniqsa, bolalarni emlashga alohida e’tibor berilmoqda. 2013 yilda Milliy emlash taqvimiga muvofiq, 2,5 million bolani profilaktik emlash rejalashtirilgan va bu ish bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Vaksinalarni sotib olish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda atrof-muhit gigiyenasi bo‘yicha milliy harakat rejasini, birinchi navbatda, ekologik jihatdan noqulay hududlarda amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, bu yil ichimlik suvi va ochiq suv havzalaridagi suv sifatini monitoring qilish hamda ularning laboratoriya nazorati kuchaytirildi. Ichimlik suvi sifatining kimyoviy va mikrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha sanitariya nazorati tizimi joriy etilishi rejalashtirildi.
2013 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida 143 tibbiyot ob’yektini barpo etish va rekonstruksiya qilish, kuniga 10 ming 145 kishini qabul qiladigan ambulatoriya-poliklinika muassasalarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Ularni tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha jahon standartlariga muvofiq jihozlash hamda qayta jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda Investitsiya dasturiga kiritilgan beshta investitsiya loyihasi asosida umumiy qiymati 40,5 million AQSH dollariga teng tibbiyot asbob-uskunalarini xarid qilish va yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu maqsadda xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qator loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish davom ettiriladi.
Xulosa qilib aytganda, «Obod turmush yili» Davlat dasturi sog‘liqni saqlash milliy tizimi va uning barcha yo‘nalishlarini yanada rivojlantirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ularning amalga oshirilishi esa aholi salomatligi va farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bilan hamkorlikda Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi.