Polvonlarimizning to‘rt medali
Moskvada o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» turkumidagi xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikki kumush va ikki bronza medal jamg‘ardi.
Xalqaro dzyu-do federatsiyasining (IJF) eng nufuzli musobaqalaridan biri – «Katta dubulg‘a» turkumidagi ushbu turnirda dunyoning qirq mamlakatidan 300 nafarga yaqin eng kuchli dzyu-dochi sovrinli o‘rinlar uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining yangi a’zosi – Erkin Doniyorov 90 kilogramm vazn toifasidagi saralash uchrashuvlarida slovakiyalik Milan Randl, chexiyalik Aleksandr Yurechka, yaponiyalik Xirotaka Katoni yengib, ikkinchi o‘rinni oldi.
100 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan Osiyo chempioni Ramziddin Saidov gruziyalik Varlam Liparteliani, rossiyalik Sergey Samoylovich, braziliyalik Lusiano Korrea ustidan qozongan g‘alabalari evaziga kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Tajribali sportchilarimizdan Navro‘z Jo‘raqobilov hamda Mirzohid Farmonov shohsupaning uchinchi pog‘onasini egalladi.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA muxbiri