Huquqiy tarbiya
– Bilishimcha, ta’lim muassasasini tamomlaganiga uncha ko‘p bo‘lmagan bitiruvchi yoshlarga daromad solig‘ini to‘lashda imtiyozlar joriy qilingan ekan. Shu to‘g‘rimi?
Anvar XUDOYBERDIYEV, talaba
– Ha, imtiyozlar joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘ini birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytirish belgilandi.
– Qozog‘iston Respublikasidan o‘z ehtiyojim uchun qancha miqdordagi tovarlarni O‘zbekistonga olib kirishim mumkin?
Xosiyat BAKIYEVA,
Toshkent viloyati
– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar tomonidan respublikamiz hududiga tovarlarni bojsiz olib kelish bo‘yicha normalar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra chegaradosh davlatlar, ya’ni Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Tojikiston Respublikalaridan 10 AQSH dollari miqdorida, chegaradosh bo‘lmagan davlatlardan 1000 AQSH dollari miqdorida o‘z ehtiyoji uchun tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin.
Mazkur me’yorlardan ortiqcha miqdorda tovarlar olib kirilganda, belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari to‘lanadi.
Savollarga Toshkent shahar Shayxontohur tumani 7-sonli notarial
idorasi notariusi Iroda MUSTAFOYEVA javob berdi.