Bolalar sporti: ehtiyoj, e’tibor, e’tirof
Qadim qadimdan qahramonlarga ehtiyoj sezilganda ertaklar, afsona va rivoyatlar to‘qilgan. Ellarda, tillarda mashhur bo‘lgan ertak qahramonlariga hamma havas qilgan. Yoshlar ulardek bo‘lishga intilgan…
Hozirgi kunga kelib ertak qahramonlariga zarurat qolmadi chunki ular ertaklardan chiqib hayotiy qahramonlarga aylanib ulgurdi. Dunyoda do‘stlik elchisi bo‘lmish sport shiddat bilan rivojlanib millatlar, elatlarni bir-biri bilan og‘a-ini, do‘st-birodar bo‘lishlariga, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Sportchilarning ko‘rsatgan natijalari va o‘rnatgan rekordlari tillarda doston bo‘lib ular haqida yangi yangi afsonalar yaratilmoqda. Har bir millat o‘zining chempion farzandlari bilan faxrlanmoqda, ular esa vatani nomini dunyoga yanada mashhur qilmoqdalar.
Bularning barchasi sportga qaratilayotgan e’tibor va sportchilarga yaratilayotgan imkoniyatlar samarasi desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Butun dunyoda O‘zbekiston sportga, bolalar sportiga yuksak e’tibor qaratilayotgan davlatlar ro‘yxatida turishi bugungi kunda hech kimga sir emas. Mustaqil O‘zbekistonimizda sportni rivojlantirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Yurtboshimizning «Hech narsa mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi», degan so‘zlari naqadar haqiqat ekanligi o‘tgan yillar mobaynida ko‘p bora o‘z isbotini topdi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab, sportga, ayniqsa, bolalar sportiga yuksak e’tibor qaratib kelinmoqda. Ana shu e’tiborning natijasi o‘laroq sportchilarimizning dunyo sport maydonlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarining salmog‘i ham yildan yilga ortib bormoqda. Uch bosqichli sport o‘yinlari «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va «Universiada» bahslari, yangi, zamonaviy sport inshootlari va komplekslarining bunyod etilishi yurtimizda sportning ommalashishiga turtki bo‘lmoqda. Yoshlarimizga yaratilayotgan bunday imkoniyatlar bugun o‘z samarasini bermoqda.
2002 yil oktyabr oyida Prezident Farmoni bilan tashkil qilingan «Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi» bolalar sportining yanada rivojlanishiga juda katta sabab bo‘ldi. Mamlakatimizda sportning boks, kurash, karate, taekvondo, dzyudo, kikboksing, futbol, erkin kurash, shaxmat, qo‘l jangi, katta tennis va stol tennisi, badiiy va sport gimnastikasi, suzish, yengil atletika, basketbol, gandbol, voleybol, futbol, kurash va dunyo bo‘ylab keng tarqalgan boshqa sport turlari jadal rivojlanib, tobora ommalashib bormoqda. Yosh sportchilarimiz orasidan ko‘plab O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari yetishib chiqa boshladi.
Birgina futbolni oladigan bo‘lsak, futbol bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda ko‘rsatgan mazmunli o‘yinlari orqali O‘zbekiston so‘nggi yillarda Osiyoning eng kuchli jamoalari orasidan joy oldi. Futbolchilarimizning Osiyo va Yevropa jamoalarida to‘p surayotganligi ham yurtimizda futbol naqadar shiddat bilan rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Buning natijasida o‘zbek futboliga dunyo miqyosida bo‘lgan e’tibor yanada kuchaymoqda. O‘smirlarimizning 2009 yil Toshkentda o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati finaliga chiqish, 2010 yil Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi yorqin ishtiroki, 2012 yilgi Osiyo chempionligi, yoshlar terma jamoasining shu yil Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi yutuqlari, O‘zbekiston futbol federatsiyasiga FIFA tomonidan «FAIR PLAY», ya’ni «Halol o‘yin» sovrinining topshirilishi… Xullas, sanayversak yutuqlar bisyor! Bu faqatgina futbolga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar. Boshqa sport turlarida ham maqtansa arzigulik muvaffaqiyatlarimiz talaygina.
Buxorolik dzyudochimiz Rishod Sobirovning ikki karra jahon chempioni bo‘lishi, ikki karra Olimpiya o‘yinlari bronza medaliga sazovor bo‘lganligi ham yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.
Bundan tashqari bolalar sportiga qaratilayotgan e’tiborning natijasi o‘laroq bugun yoshlarimiz xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ining yanada baland ko‘tarilishi va madhiyamizning baralla yangrashiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Yaqindagina Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan XXVII Jahon universiadasi bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik talaba sportchilar 2ta oltin, yettita kumush, o‘nta bronza jami 19 medalni qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida MDH davlatlari o‘rtasida oltinchi, Osiyo qit’asi bo‘yicha yettinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Bu natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Davlatimiz tomonidan sportga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarimiz sport bilan hamnafas ulg‘ayishmoqda.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan olib borilayotgan ishlar yoshlarimizni ham ma’nan, ham jismonan barkamol qilib voyaga yetkazishga qaratilgan. Zero, jamg‘arma tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida bu jihatni yana bir bor yodga olib o‘tdi: «… Jamg‘armani tashkil etishda biz sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish, sog‘lom hayot tarzini keng qaror toptirish, yosh naslimizni turli salbiy ta’sirlardan asrash, bolalar sportini tom ma’noda ommaviy, umumxalq harakatiga aylantirishdek olijanob maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganimizni yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman.»
Jamg‘arma bolalar sportini, birinchi navbatda qishloq joylarda rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, zamonaviy sport komplekslarini bunyod etish va ularni zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlashga asosiy e’tiborini qaratadi. Oxirgi o‘n yil davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1113 ta bolalar sporti ob’yekti, jumladan, 252 ta yangi sport kompleksi, 861 ta sport zali barpo etilgan bo‘lib, bularning 84 foizi qishloq joylarda qurildi.
Bundan tashqari, faoliyat ko‘rsatayotgan 262 ta sport inshooti rekonstruksiya qilindi va kapital ta’mirlandi. Bu maqsadlar uchun 570 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Birgina o‘tgan yilda 92 ta bolalar sporti ob’yekti va 16 ta suzish havzasi qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Respublikamizdagi mavjud 9600 ta umumta’lim maktablarining 81 foizi yangitdan qurilgan va rekonstruksiya qilingan sport zallariga ega. 1549 ta kollej va litseylar zamonaviy jihozlangan sport zallari bilan 100 foiz ta’minlangan.
Bolalar sporti ob’yektlari, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan anjomlar bilan jihozlandi va qayta jihozlanmoqda. Bugungi kunda 120 turdagi sport inventarlari va uskunalarining 114 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgani o‘tgan davrda bu borada ham jiddiy qadamlar qo‘yilganidan dalolat beradi.
Yurtimizda olib borilayotgan siyosatning yana bir asosiy bo‘g‘ini bu sog‘lom ona sog‘lom bola g‘oyasidir. Shu sababdan mamlakatimizda qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari, ularning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Oila va jamiyat tayanchi bo‘ladigan qizlarimizni yoshlikdan sport bilan oshno etish masalasiga yanada jiddiy e’tibor berishimiz, kelajakda ulardan sog‘lom farzandlarning dunyoga kelishini ta’minlaydi. O‘zbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra bugungi kunda yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 36 ming nafar qizlar badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanishmoqda. Qizlarni nafaqat sog‘lom, balki qomatlarining go‘zal bo‘lishiga yordam beradigan sport turlaridan yana biri bu suv sportidir.
O‘tgan besh yilda mamlakatimizning barcha viloyatlarida namunaviy loyihalar asosida hajmi 25 metrga 12 metr bo‘lgan 14 ta yangi, zamonaviy yopiq suzish havzasi barpo etildi, 13 ta suzish havzasi qaytadan qurildi, 83 tasi kapital ta’mirlandi. Shu davrda 110 ta suzish havzasi foydalanishga topshirildi, ularning umumiy soni bugungi kunda yurtimiz bo‘yicha 203 taga yetdi.
Yaratilgan bunday keng imkoniyatlar bolalarning suv sporti turlari – suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, vaterpol bilan ommaviy ravishda shug‘ullanishi uchun xizmat qilmoqda.
Hozirgi vaqtda respublikamiz miqyosida 13 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz ayni shu sport turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston sportchilari suv sporti turlari bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda.
2012-yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan suzish bo‘yicha xalqaro musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi 9 ta oltin, 9 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Bolalar ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir, deydi Prezidentimiz. Bu bejizga emas albatta. Chunki, farzandlari ham ma’nan ham jismonan barkamol bo‘lgan millatning kelajagi buyuk bo‘ladi. Biz o‘tmishi shonli tarixi va buguni faxrli millatmiz. Kelajagimizni qanday yozish esa o‘zimizga bog‘liq. Yurtimizda biz uchun kerakli bo‘lgan barcha sharoitlar muhayyo qilingan faqat ulardan to‘g‘ri va oqilona foydalansak ko‘zlagan maqsadimizga albatta yetamiz. Zero, Yurtboshimiz aytgandek biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham.
Farhod TOLIPOV
«Sog‘lom avlod» muxbiri