“Cho‘qqi” buvam, “Hi-hi” xolam va men

Salom, og‘ayni, kel, tanishaylik. Mening ismim Tirkashvoy. Sezib turibman, otim qulog‘ingga g‘alatiroq eshitilyapti. O‘zi asli ismimni «Yaxshivoy» qo‘yishmoqchi ekan-u irim qilishibdi. Yaxshivoy degan akasiga o‘xshab bir yoshga yetar-etmas o‘lib qolmasin tag‘in deyishibdi-da, keyin otasiga ergashib tirgashib yursin, deb Tirkashvoy qo‘yishibdi.

Doya buvi qo‘llariga oppoq ro‘mol olvolib, «odamlarga doim yaxshilik qiladigan yigit bo‘lsin», deb tanglayimni ko‘targan ekan. Buni menga oyijonim roppa-rosa yetti yoshga to‘lib 1 sinfga borganimda aytib bergan edi. Avvaliga bu gapga tushunmagandim, keyinroq uning mag‘zini chaqib oldim. O‘rtoqlarim bilan inoq bo‘laman, yaxshiliklarimni ulardan ayamayman! Mening yashash shiorim shu!

Hozir anchagina katta yigitcha bo‘lib qolganman. Mahallamizdagi ba’zilarining Tirkashvoy desa og‘izlarining tanobi qochadi. Ba’zilari «og‘irimni yengil qiladi», deb yo‘limni poylashadi. Ba’zilari… ayniqsa, Cho‘qqi buva degan jikkakkina bitta buvajonim bor. Bo‘ylariyam buvimning qarichlarida bir qarichgina. Buvim shunday deydi-da, shu kishiga negadir juda yoqib qolganman. Bobojonim qayoqqa borsa, nasibasi deb menga shokolad, konfetni cho‘ntagiga solib oladi, yana eng qimmatidan. «Cho‘qqi» buvamning otlari aslida Nortoy ekan, shu… toychoqqa o‘xshab gijinglab yursin deb shunaqa qo‘yishgan bo‘lsa kerak. Katta kishi bo‘lganida sal «salidna» bo‘lay deb soqol qo‘yibdi-yu, u ham yakkam-dukkam chiqibdi. Bor-e, bo‘lganicha bo‘ldi deb, qo‘yib yuboraveribdi-yuboraveribdi. Soqol bobojonimning yuzini cho‘ziltirishga cho‘ziltiribdi-yu, ko‘pam uzaymabdi. Biz ham zerikdik, «Cho‘qqi» buvamning yo‘llarini poylaymiz. Kampiri qazo qilganiga ancha-muncha bo‘ldi. Nevara-chevaralari uzoqda turishadi. Olib ketamiz deb shunaqa yalinishdi, shunaqa yalinishdi, u kishi ketmadi. Kampirimning arvohi chirqiraydi, dedi. «Cho‘qqi» buvam sal g‘alatiroq bo‘lgani uchun o‘rtoqlarim ham sal hazillashishgan ekan, fig‘oni chiqib quvlab ketibdi. Meni ularning yonida ko‘rib, bobojonimning yana battar jahli chiqdi deng.

– Ha, badbaxt, seni yaxshi bola desam…

Buvajonim shunaqangi tez nafas ola boshladiki, hozir ichlaridagi hamma havo og‘izlaridan chiqib ketadi-yu, yiqilib tushadi derdim achinganimdan. U kishining jahli chiqsa, quloq cho‘zadigan odati bor-da. Shuning uchun ham mayli, bir alamidan chiqsin deb, sekin qulog‘imni tutqazdim. Shunday keksa chol uchun bitta quloq ketsa-ketibdi-da. Yo‘q, unga tegmadi. Faqat hassasini dam o‘qtalib, dam osmonga ko‘tarib, dam yerga niqtab allanimalar deb tashladi. Oxirida sal xovuridan tushib: unaqa bolalar bilan o‘rtoq bo‘lmang, yaxshilikka olib kelmaydi», dedi buvajonim. Bobojonimni ayaganimdan faqat «xo‘p bo‘ladi», deb turibman. Qarasam u kishi ancha charchab qolyapti. «Endi… «Cho‘qqi» buva, uyingizga olib borib qo‘yay», – dedim muloyimlik bilan. Buvajonim ko‘naqoldi.

Yana o‘qing:  Ezgu tashabbuslar, izchil islohotlar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda

Uyidan «Cho‘qqi» buvam judayam uzoqlashib ketgan bo‘lsak kerak, deb o‘ylagandim, yo‘q, o‘n-o‘n besh metrga ham yurmagan ekanmiz. Eshigiga yaqinlashganda buvam sekin to‘xtadi. Nimagadir yelkamga qo‘llarini qo‘yib, «yo‘lingizdan adashmang, bo‘tam» deb qo‘ydi ko‘ngillari yumshab.

Ertasiga maktabdan qaytayotsam «Cho‘qqi» buvam yana yo‘limni poylab turibdi. U kishining ishlari shoshqichroqmi yo choponining etagi uzunmi, harqalay, uning o‘ng barini bellaridagi qiyiqchaga qistirib olgan edi. Har kuni qiyiqchasi g‘ijim, kir bo‘lib yotardi, bugun yaraqlab ochilib ketibdi. O‘tirvolib bir soat dazmollaganga o‘xshaydi.

– Mulla Tirkashvoy!

– Labbay, otaxon!

– Umrlariga baraka, otasi jonidan.

Popkani yerga qo‘yib, qo‘l qovushtirib turibmiz, odobli desin deb.

– Bir yaxshilik qilasiz-da, bo‘tam.

– Sizga yaxshilik qilmasak, kimga qilamiz, otaxon, – dedim g‘urur bilan.

– Bo‘lmasa… «Cho‘qqi» buvam atrofga jovdir-jovdir qilib qarab qo‘ydi, – sir saqlashni bilasizmi, bo‘tam?

– Bilganda qandoq? Tunov kuni Qodirvoy akamni bitta ketvorgan qiz bilan ko‘rdim. Hech kimga aytma degandi, aytmadim.

– Buni siz gapirmadingiz, men eshitmadim, xo‘pmi? Manov maktub, – «Cho‘qqi» buvam yon cho‘ntagidan uchburchak qilib buklangan, sarg‘ayib ketgan qog‘ozni olib qo‘limga tutqazdi.

– Shuni tutli hovlidagi Mohi xolangiz bor-ku, u kishiga bersangiz.

– «Cho‘qqi» buva, u yerda Mohi xola degan xotin turmaydi. «Hi-hi» xola turadi, xolos.

«Cho‘qqi» buvam soqoloni selkillatib kulib yubordi.

– Siz oboravering, bo‘tam, xat egasi o‘sha yerda bo‘ladi.

– Mohi xola deb, «Hi-hi» xolaga berib qo‘ysam-chi?

– Oboravering… hihi-hi… ikkalalari bir odam.

– Rostdanmi? Nega bo‘lmasa «Hi-hi»

– Xolangiz bir kun kimningdir to‘yida judayam ko‘p kulgan ekan, bitta g‘arazgo‘y xotin shunaqa deb laqab qo‘yib yuborgan. Lekin buvijoningiz baodob, ko‘hlikkina kampir.

– Buva, buva… bu xatda nima bor?

– Hali yoshsiz, bo‘tam, katta bo‘lganingizda…

– Ha-…a… javobini darrov olib kelaymi? – dedim quvnab.

– Sharoitga qaraysizda, bo‘tam, sharoit­ga. Lekin zinhor-bazinhor birov sezmasin. Ayniqsa, «Moshxo‘rda» xolangizga ehtiyot bo‘ling. U bildi tamom, televizorga chiqib e’lon qiladi. Ana o‘shanda ko‘ring tomoshani.

Menam uncha-munchaga bo‘sh kelmaydiganlardanman. Uzoqdan «Hi-hi» xolaning darvozasini mo‘ljallab boraverdim. Birpas negadir kutib ham turdim. Hech kim kirmadiyamchiqmadiyam. Shundagina hovliga bemalol kirib boraverdim. To‘g‘ridagi ayvonda «Hi-hi» xola ko‘zoynak taqvolib, yap-yangi atlas ko‘rpani qaviyapti. Obbo kampirshoyey, to‘y bo‘lishini qayerdan bilaqoldi ekan-a?! Ataylab shippagimni «shap-shap» tashlab boraverdim. Bitta-yarimta uyda bo‘lsa, hech bo‘lmasa, derazadan kim ekan, deb mo‘ralar, deb-da, albatta.

Yana o‘qing:  Karomat sozgarning muvaffaqiyati

– Tapillatmay kelaver bolajonim, yerning ham joni bor, – dedi xolajonim.

Ayvonga chiqib salom berganimdan keyingina u kishi boshini ko‘tardi.

– Ie, senmiding, nabiram maktabdan keldimi depman, – deya ninani g‘altak ipga qadadi, – kel, rahmatli Maqsudabonuning nabirasimisan?

– Topdingiz, xolajon.

– Oying yaxshimi? Tuzuk bo‘lib ketganmi?

– Ishga ketgan edi. Men sizga-chi, – ovozim o‘z-o‘zidan pasaydi, – hech kim yo‘qmi, xolajon?

– Yo‘q, gapiraver, – dedi «Hi-hi» xola ham negadir pichirlab.

U yoq-bu yoqqa qarab oldim-da, qo‘ynimdagi xatni olib shosha-pisha xolajonimga tutqazdim.

Xolajonim hayron bo‘lib bir menga, bir uchburchak maktubga qaradi.

– Sirli, – dedim shivirlab, – ochib o‘qing.

«Hi-hi» xolaning qo‘llari negadir titrab ketdi. Vahimali bir gap yozilgandek qo‘rqa-pisa ko‘z yugurtirgan bo‘ldi. Men ham xatga qiyalab qaradim. Lekin bitta harfni ham o‘qiy olmadim, u arabchada yozilgan edi. Mana hozir «Hi-hi» xolam o‘qib, suyunganidan mening cho‘ntagimga bir hovuch shokolad solib qo‘yadi desam… Xolajonim birdan ko‘zoynagini olib, xontaxta ustiga zarb bilan qo‘ydi. Shartta o‘rnidan turib (yo, tavba mening oyijonim yosh bo‘lsa ham bunchalik tez turolmaydi), baqira ketdi.

– Tsss. Xolajon, birov eshitadi, o‘zingizga qiyin bo‘ladi, – desam qani tinchisa.

– Hu, nafsingni shamol uchirsin, xat olib kelmay ket. O‘sha «Cho‘qqi» buvang bilan qo‘shmozor bo‘l! Ko‘zimga ko‘rinsin, o‘sha qolgan to‘rtta soqoliniyam yulib qo‘liga berman!

«Hi-hi» xola mushtlarini tugib, tomirlarini o‘ynatib gapiraverganidan og‘zidan tufuklari sachrab, ko‘zlari olayib ketdi. Hozir o‘zini tappa tashlaydi-yu to‘lovlariga qolaman, deb qo‘rqib ketdim. «Xo‘p, xolajon, xo‘p, xolajon», deb sekin orqamga tisarila boshladim. Bu qilig‘im ma’qul bo‘lmadimi, yana allanima deb baqira boshladi xolajonim. Shu payt bo‘yni cho‘zilib, og‘zidan go‘yoki bir narsa «pir-r» etib uchib, «taq» etib yerga tushdi. «Hi-hi» xola «voy» deganicha og‘zini ushlab qoldi. Keyin «viz» etib, xuddi bedana tutayotgandek hovuchini yozib o‘zini yerga otdi. Endi tamom: o‘pkasi cho‘zilib, tilining bir parchasi yerga uzilib tushdi, dedim. Rostini aytsam, beozor «Cho‘qqi» buvamni o‘zim ham ayab ketayotgandim – shu kampirga kuni qoldimi deb. Endi «Cho‘qqi» buva uylansangiz ham shu kampirga uylanasiz, uylanmasangiz ham. Axir u kishining sizni deb tili uzilib tushdi. Boshqa qaysi chol ham gung xotinni olardi?! Lekin bir tomondan endi sizga mazza bo‘ladi: jahlingiz chiqsa baqiraverasiz, baqiraverasiz. «Hi-hi» xola bo‘lsa, javob qaytarolmay alam qilib o‘tiraveradi.

Yana o‘qing:  Yoshlik

Xullas, bir falokat ro‘y bermasidan qochib qolmoqchi bo‘ldim. Endi ikki qadam tashlagan edim, orqamdan soqov bo‘lib qolgan «Hi-hi» xolaning buyruqli ovozi eshitildi: «To‘xta!». Esim og‘ib qolayozdi. U kishining o‘qlangan miltig‘i boru, hozir orqamga niqtab, qo‘limni osmonga ko‘tarib, butun mahallani boshiga ko‘tarib yuboradi deb o‘yladim. Ana endi sharmanda bo‘lamiz. Ko‘ribsizki, «Cho‘qqi» buvaning ham, beozor sovchining ham siri ochildi. Hammasiyam mayli-ya bolalarga kulgi bo‘ladigan bo‘ldimda.

«Hi-hi» xolaga qarashga qo‘rqib, ikki qo‘limni sekin tepaga ko‘tardim asirman deb. «Tushir qo‘lingni! Bor choygumdagi suvni olib kel!»

Hech narsaga tushunmay qo‘rqa-pisa oshxona oldi-da turgan choygumni olib keldim. Oftobda turaverganidan suvi ancha-muncha ilib qolgan ekan.

– Qo‘limga quy!

Shundagina cho‘kkalab olgan «Hi-hi» xolaning qo‘liga ko‘zim tushdi. Qo‘llarida tanglay tishlari irjayib turardi. Xayriyat-ey, tillari joyida ekan. Uchib tushgan tili emas, protez (yasama) tishi ekan. Suvni jildiratib quyayotgandim «tuzukroq quy», deb jerkib berdi xolajonim.

– Singanida o‘sha «Cho‘qqi» buvanga to‘latib olardim, – dedi yuvgan tishlarini og‘ziga solayotib.

– Xola, sinmasayam buvajonim sizga bunaqa suyagidanmas, tillasidan qo‘ydirib beradi, – dedim xolajonimning havasini keltirib.

Bu gapdan keyin u oldiga solib quvlaydi degandim, yo‘q, bu gal «Hi-hi»xola indamadi. Qo‘shnilarnikiga ochilgan tuynuk eshigiga qarab xotirjam bo‘ldi shekilli, bu yoqqa yur, dedi.

– Xat yozib berasizmi? – dedim tantiqlanib.

– O‘chir tovushingni, «Moshxo‘rda» xolang eshitib qolsa, butun mahallaga gap qilib yuboradi.

– Boyagi baqirishingizni magnitofonga yozib olgan bo‘lsachi?

– Qo‘shnim ertalab chillagurazonga ketgan, kechqurun keladi.

Xolam ichkari uyga chaqqongina kirib, qo‘llarida quling o‘rgilsin to‘rt dona konfet olib chiqdi.

– Maktabingda yersan.

– Buvamga nima deb qo‘yay, – dedim yana jahli chiqib ketsa, solvormasin deb o‘zimni orqaroqqa olib.

– Birov bilmasin, buvangni o‘zlari uchrashsin menga.

– Ur-re!

– Sekin, mahmadona!

– Hohlarkansiz-u, nimaga shuncha dag‘dag‘a qildingiz? – dedim kulib.

– Bor endi, hozir naq aynib qolaman.

– He, sizday kampirga topiladi-yu… Mana Nor opam erga teyolmay xunob.

– Tur-e, taltayma!

Yana xolajonim aynib qolmasin deb, «urra» qochdim.

Voqeani eshitib «Cho‘qqi» buvam og‘zini yig‘olmay hingir-hingir kulib yubordi. Keyin cho‘ntagini kavlay-kavlay, g‘ijimlanib ketgan ming so‘mlikni topib, qo‘limga tutqazdi.

– Muzqamoq yersiz, bo‘tam.

– Yana shunaqa ishlaringiz bo‘lsa, aytib turing, dedim-da, popkamni olib, uyga jo‘nadim.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: