MAHORAT, SHAHD VA SHIDDAT

Nazokatli va nafosatli o'zbek qizlari yurtimiz dovrug'ini bugun dunyo bo'ylab taratmoqda. Jahon sport arenalarida, muxtasham san'at saroylarida, xalqaro ko'rgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Barchinoy, To'maris avlodlariga chindanda havas qilsang arziydi. Ana shunday qizlar safiga 2011-yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo'lgan Zulxumor Boboyevani ham qo'shish mumkin.

Zulxumor olti yoshidan boshlab sportga oshno bo'ldi. Bunga, avvalo, mamlakatimizda yuksak intellektual salohiyatli, mustaqil fikr, keng dunyoqarashga ega yoshlarni tarbiyalash, ularni jismonan chiniqtirish, barcha hududlarda, shuningdek, chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilishiga jiddiy e'tibor qaratilayotgani, qolaversa, oilaviy muhitning ham ijobiy ta'siri bo'lgani aniq. Otasi – O'zbekiston shotokan karate-do assotsatsiyasi Toshkent viloyat terma jamoasi murabbiyi Bahodir Boboyevning sa'y-harakatlari tufayli olti yoshida Zulxumor sportning karate turining shotokan yo'nalishi bo'yicha shug'ullanishni boshladi. Mashg'ulotlar besamar ketmadi. Tez orada qizaloq o'zining Barchinoy izdoshi ekanini isbotladi. 2007-yili dastlab Yaponiyada o'tkazilgan jahon birinchiligida g'oliblikni qo'lga kiritgan sportchimiz, aynan shu yili Ruminiyaning Buxarest shahrida o'tgan Yevropa ochiq birinchiligi bahslarida ham muvaffaqiyat qozonib yutuqlarining tasodif emasligini isbotladi. Muvaffaqiyatlardan ruhlangan Zulxumor mashg'ulotlarga zo'r berib yana yangi-yangi marralar sari qadam tashladi. 2008-yili Osiyo birinchiligida birinchi o'rin, 2009-yili Yaponiyada jahon birinchiligi bahslarida uchinchi o'rinni egalladi. 2010-yilning avgust oyida Turkiyaning Istanbul shahrida 33 mamlakat sportchilari ishtirokida o'tkazilgan Jahon chempionatida qatnashgan mustaqil yurtimiz farzandi birinchi o'ringa qo`lga kiritib yana bir karra barchaning olqishiga sazovor bo'ldi. 2010-yilning oktyabr oyida esa tinib-tinchimagan sportchimiz Gretsiyaning Kipr orolida bo'lib o'tgan Jahon kubogi bahslarida ham birinchi o'rinni egallab, oltin medal sovrindori bo'lishi ko'plarni hayratga soldi.

2012-yil ham mamlakatimizda shotokan karate-do bo'yicha o'tkazilgan jahon kubogi musobaqasida ham Zulxumor Boboyeva yana g'oliblikni qo'lga kiritdi. Buni chinakam mahorat desa bo'ladi.

O'tgan yillar davomida yosh Zulxumorning 54 ta medal shodasini qo`lga kiritib, ulardan 33 tasi oltin, 14 tasi kumush va 7 tasi bronza medallari sovrindori bo'lishi uning sport olamidagi yuksak nufuzidan dalolatdir.

– Bir niholni bukilmasdan ko'kka bo`y cho'zishida bog'bonning o'rni katta. Meni ham shu yutuqlarga erishishimda dadam O'zbekiston shotokan assotsatsiyasi Toshkent viloyat terma jamoasi murabbiyi Bahodir Boboyevning xizmatlari katta. Men shu muhitda o'sganligim hamda ularning ko'magi meni muvaffaqiyatlarga erishishimda zamin bo'lgan bo'lsa ne ajab, – deydi faxr bilan Zulxumor biz bilan suhbatda.

Яна ўқинг:  Tanlov g'oliblarini qutlaymiz!

Bahodir Boboyev oilasini bejiz sportchilar oilasi deyishmaydi. Negaki, Bahodir aka va Zumradxonlarning besh qizi ham sportning turli yo'nalishlari bilan muntazam shug'ullanishadi.

Zulxumor hozirda Moskva Davlat Universitetining Toshkent shahar filiali qoshidagi akademik litseyining iqtisod yo'nalishida tahsil olmoqda. Nega aynan iqtisod yo'nalishida, deb ajablanishingiz mumkin. To'g'risi men ham ajablandim. Sportga mehr qo'yib shu orqali shuncha muvaffaqiyatlarga erishgan qiz nega endi boshqa yo'nalishda tahsil olmoqda, deb so'raganimda:

– Sport men uchun xobbi edi. O'zim esa iqtisodga qiziqaman. Lekin bu bilan sportni ham tashlab qo'ymoqchi emasman. Men ikki sohada ham yuqori natijalarga erishishni o'z oldimga maqsad qilib qo'yganman, – deya javob berdi Zulxumor.

Bunday gaplarni eshitib Zulxumor Boboyevani haqiqiy zamonga mos o'zbek qizi degim keldi. U chindan ham o'z oldiga qo'ygan masdalari sari intilib, tengdoshlaridan ham ildamlab ketdi. Hamma havas qiladigan darajada ulkan yutuqlarga erishdi. Ishonamizki, Zulxumor kelajakda har bir ayol niyat qilgan va erishishi mumkin bo'lgan marralarni zabt etadi.

Mayna HASANOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: