So‘lim oromgohda orom oldik
Joriy yilning 5 iyul kuni «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan yuborilgan, «Mehribonlik» uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklangan bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlaridan iborat 150 nafar bolajonlar «Oqtosh kimyogarlar oromgohi» (Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani) sog‘lomlashtirish maskanidan maroqli hordiq olib qaytishdi.
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab quvvatlash, «Mehribonlik» uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklangan bolalar salomatligini tiklashga qaratilgan dasturlar bo‘yicha tibbiy, madaniy va ma’rifiy yo‘nalishlarda qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini ta’til vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida yozgi va qishki oromgohlarni tashkil etib, ko‘plab bolajonlarni o‘z sog‘liqlarini tiklashlari uchunbarcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.
Jamg‘arma 2007 yildan buyon Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Jumladan, «Obod turmush yili» Davlat dasturiga asosan Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, 18 iyun-4 iyul kunlari 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan kam ta’minlangan va Toshkent shahridagi 24-sonli «Mehribonlik» uyining 129 nafar va Toshkent viloyati Chirchiq shahri 14-sonli «Mehribonlik» uyining 21 nafar tarbiyalanuvchilari jalb etilgan mazkur oromgohda bolajonlar ko‘ngildagidek madaniy hordiq chiqarish barobarida o‘z sog‘liqlarini ham mustahkamlab qaytdilar.
O‘ylaymizki, bolajonlarimizning mazkur oromgohlardan o‘z sog‘liqlarini tiklab qaytishi kelgusida ularninig o‘qishlarida o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Farrux BERDIYOROV