Talabalarimizning dastlabki medallari
Rossiyaning Qozon shahrida boshlangan XXVII Jahon universiadasida dunyoning 170 ga yaqin mamlakati talabalari sportning 27 turi bo‘yicha 351 medallar jamlanmasi uchun kurashga kirishdi.
Nufuzli musobaqaning birinchi kuni 31 mamlakat vakillari medallarga sazovor bo‘ldi. Jahon universiadasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilarimiz dastlabki medallarni dzyudo va belbog‘li kurash bellashuvlarida qo‘lga kiritdi.
Dzyudo bo‘yicha 64 mamlakatning to‘rt yuz nafarga yaqin talaba-sportchisi g‘oliblik uchun raqobatlashmoqda. 100 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan iste’dodli polvonimiz Soyib Qurbonov germaniyalik Dino Pfayfer, qirg‘izistonlik Bolot Toktogonov, yaponiyalik Ryoko Ogava hamda Janubiy Koreya vakili Shim Ji Xo ustidan g‘alaba qozonib, O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga dastlabki bronza medalni keltirdi.
Yaqinda Buxoroda o‘tgan «Universiada – 2013» musobaqasi g‘olibi, jahon chempioni Zaylobiddin Ortiqov «Jahon universiadasi – 2013» dasturiga kiritilgan belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishida bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Mohir polvonimiz bellashuvlar davomida mo‘g‘ulistonlik Temuulen Saranxuu, yaponiyalik Daisuke Fukagava va gruziyalik Omari Niazashvilining kuragini yerga tekkazdi.
Belbog‘li kurash ustalaridan Nozimjon Ibrohimjonov ham armanistonlik Karen Janoyan, gruziyalik Rudolf Oganezov va mo‘g‘ulistonlik Otgonbaatar Lxagvasurendan ustun kelib, bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi og‘ir atletika bahslarida Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Mahliyo Tog‘ayeva to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Osiyo chempionatlarida sovrindor bo‘lgan iste’dodli sportchimiz bu gal 53 kilogramm vazn toifasida shtangani dast ko‘tarishda 77, siltab ko‘tarishda 96 va ikkikurash bo‘yicha 173 kilogramm natijani qayd etdi.
Dunyoda yetakchilardan hisoblangan o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari yozgi universiada musobaqalarida ham zafarli odimlarini davom ettirmoqda. Terma jamoamizning yangi a’zolaridan 20 yoshli Hasanboy Do‘stmatov 49 kilogramm vazn toifasidagi janglarda ozarboyjonlik Araz Imamakiyev va tojikistonlik Fayzmamad Malaxbekovni katta ustunlik bilan yengib, yarim final yo‘llanmasini naqd qildi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sardori, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Elshod Rasulov italiyalik Simon Fiorini, jahon chempionati sovrindori Jasurbek Latipov ozarboyjonlik Tural Ahmadovni, Osiyo chempioni Sanjarbek Rahmonov meksikalik Kevin Alexandro Rivasni, mamlakatimiz chempionlari – Fazliddin G‘oyibnazarov Xitoy Taypeyi vakili Chin Yuan Kaoni, Rustam To‘laganov ozarboyjonlik Abdulqodir Abdullayevni, yosh bokschi Azizbek Abdug‘ofurov qirg‘izistonlik Nursulton Osmonovni mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Kecha bo‘lib o‘tgan bahslarda boks bo‘yicha Elshod Rasulov, Jasurbek Latipov va Mirzohid Abdullayevlar bronza medali sohibi bo‘lishdi.Shuningdek, belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida gilamga chiqqan jahon chempioni Zaylobiddin Ortiqov terma jamoamiz hisobiga ikkinchi kumush medalni keltirdi.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA.