Gipertoniya va uning asoratlari
Gipertoniya kasalligi – bu arterial bosimning turg‘un baland bo‘lishi. Arterial bosimning yuqori chegarasi muntazam 140 mm simob ustuni va pastki qismi esa 90 mm simob ustunidan baland bo‘lishidir. Ushbu xastalik hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi.
Bemor o‘z vaqtida davolanmasa yoki noto‘g‘ri davolansa juda og‘ir asoratlarga sabab bo‘ladi. Ba’zan bu asoratlar mudhish oqibatlarga olib keladi. Gipertoniya kasalligining asoratlaridan quyidagilarni misol keltirishimiz mumkin.
Miokard infarkti – og‘ir asoratlarga olib keluvchi, yurak sohasidagi kuchli og‘riqlar, uni tez-tez urib ketishi, kuchli holsizlik, sovuq ter bosishi kabi og‘riq holatlar bilan namoyon bo‘ladi. Miokard infarktining asoratlari o‘lim yoki nogironlik bilan yakunlanadi. Insult – miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi yoki miyaga qon quyilishi. Qon bosimining keskin ko‘tarilib ketishidan kelib chiqadigan kasallik. Xastalikning belgilari tananing yarmining ishlamasligi, qo‘l-oyoqlarning ishlamay qolishi. Nutqning buzilishi, boshda kuchli og‘riq bo‘lishi shuningdek, xastalik boshning aylanishi bilan kuzatiladi.
Yurak yetishmovchiligi – yurak faoliyatining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik hansirash, tez charchash, oyoqlarda shish paydo bo‘lishi bilan kechadi.
Agar bemorlar qon bosimini doim nazorat qilib tursa, ushbu asoratlar kuzatilmaydi. Qon bosimining yuqorigi chegarasi 120 mm simob ustuni, pastki qismi 80 mm simob usunidan oshmasligi kerak.
Gipertoniya kasalligiga uchramaslik uchun doimo tana vaznining oshib ketmasligiga harakat qilish kerak. Hayvon yog‘larini kam iste’mol qilish zarur. Dukkakli mahsulotlarni, sabzavotlarni, mevalarni ko‘proq iste’mol qilish sog‘liq uchun foydalidir. Spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik shart. Tamaki mahsulotlarini chekish ta’qiqlanadi. Sport bilan muntazam shug‘ullanib borish natijasida bunday xastalikka chalinmaysiz.
Eng asosiysi sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash va har bir inson serharakat bo‘lmog‘i darkor.
Mahmuda ABDUXALILOVA,
Toshkent shahar 104-sonli tumanlararo TMEK ekspert-nevropatologi