Nafsni isloh qiluvchi zahmat

yoki kafforati ulug‘ kasalliklar xususida

Inson uchun salomatlikdan ko‘ra muhim narsa yo‘q. Shu bois xastaliklardan saqlanish, sog‘liqni asrash va mustahkamlashga hamma birdek majbur. Bunda turli muolajalar, badantarbiya mashqlari, sport bilan shug‘ulanishning nechog‘li ahamiyatli ekani sir emas. Yoki shifobaxsh ne’matlardan tanov­vul qilish, shifokor va tabiblar qabulida bo‘lib, ularning maslahat va tavsiyalariga amal qilishga jiddiy e’tibor qaratish zarur.

Rivoyat qilinishicha payg‘ambarimizning (s.a.v.) amakilari Abbos (r.a.) Rasulullohdan duo o‘rgatishni so‘raganlarida, u kishi: «Allohdan avf va ofiyat tilagin. Zero, U hech kimga qat’iy iymon-ishonchdan keyin ofiyatdan ko‘ra afzalroq ne’mat ato etmagan», degan ekanlar. Ofiyat esa tanlarimiz sog‘­ligi, rizqlarimiz mo‘lligi va turli xavf-xatarlardan omonlikdir.

Shuni afsus bilan qayd etish joizki, salomatlik va ofiyatning qadri aksariyat hollarda ular qo‘ldan boy berilgandagina bilinadi.

Ayrimlar xastalik va dardni Yaratganning g‘azabiga uchraganlik va jazo sifatida qabul qiladi. Ammo dard kishilar irodasini sinovdan o‘tkazuvchi bir imtihon desak, yanglishmaymiz. Chunki, hadisi shariflardan birida aytilganidek, odamlar ichida eng qattiq balolarga yo‘liqadiganlar anbiyolar, ulardan keyin mashaqqatli sinovlar ularga ergashgan solihlarga, keyingisi o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi. Ya’ni, kasalliklaru mashaqqatlar, musibatlarning eng og‘irini payg‘ambarlar chekkanlar. Nabiy(sallolohu alayhi vasallam) bir kuni «men sizlardan ikki kishi og‘rigandek og‘riyman», degan edilar. Holbuki, ul zot bashariyat sayyidi, anbiyolar Hotami, ­Rahmonning xalilidirlar.

Chekkan dardi tufayli insonning gunohlari kechirilibgina qolmay, tanadagi ortiqcha g‘ubor va zararli moddalar tashqariga chiqishini, hujayralar yangilanishini, ayrim a’zolarning faoliyati qaytadan izga tushishini ham unutmaslik lozim. Qolaversa dard chekish tufayli inson Yaratganni ko‘proq eslaydi. Unga yanada yaqinlashadi, salomatlikning qadriga yetadigan bo‘ladi. Sog‘ayib ketgach esa sog‘lom yurgan har lahzasi uchun Allohga shukr qiladi.

Demak, kasallikni aslo yomonlik sifatida emas, balki ortidan ko‘p yaxshiliklar va ne’matlar eshigini ochib beradigan Allohning bir sinovi va ne’mati deb qabul qilish kerak. Inchunun, tanaga yetgan zahmat nafsni isloh qiladi, bemorni Allohga yaqinlashtiradi, sabrni yuzaga chiqaradi, kishi sihat-salolmatlik eng katta ne’mat – bebaho xazina ekanini anglab yetadi. Bemorni ko‘rgani borish ham xayrli amallardan bo‘lib, bu haqida hadisi qudsiyda: «Alloh taollo aytadi: Ey, Odam bolasi! Falon bandam kasal bo‘ldi, ko‘rgani bormading, agar borganingda uning huzurida Meni topgan bo‘larding»

Yana o‘qing:  Lipomani olib tashlash kerakmi?

Insonning rohatni, tana orom olishini kutishi ham ayni xastalik oqibatida yuzaga keladi. Aslida najotni kutish ibodatlarning afzali, u qalbni Allohga bog‘laydi. Rivoyat qilishadiki, Fuzayl ibni Iyozning kichik yoshli qizlari bor edi. Kunlardan birida, qizning kaftiga bir yara chiqdi. Fuzayl undan: «Qizim, kafting tuzukmi?» deb so‘radi. Shunda qizcha: «Rahmat, otajon yaxshiman. Allohga qasamki, garchi Alloh meni tanamni oz qismiga ofiyat ato etganidir. Alloh kaftimga kasallik berdi, qolgan a’zolarimni esa sog‘ qoldirdi. Buning uchun Allohga hamd bo‘lsin» deb javob berdi.

Kasallik tufayli gunohlar kafforat qilinadi. Imom Ahmad sahih sanad bilan Ibn Umardan ushbu hadisni rivoyat qiladilar: «bir kunlik isitma bir yillik gunohlarga kafforatdir». Imom Ahmad va Nasoiy­ Abu Said raziallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Kunlarning birida bir kishi Rasululloh sallolohu alayhi vasallamdan so‘radi: Yo Rasululloh biz uchun kasalliklarda nima bor? Rasululloh: «Kafforat bor» dedilar. Shu suhbatda ishtirok etayotgan Ubay ibn Ka’b so‘radilar: «Yo Rasululloh oz miqdorda bo‘lsa hammi?» Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: «Bir tikan kirishdan boshlab undan yuqorigacha» javob berdilar. Shunda Ubay o‘z haqqiga duo qilib, Allohdan haj, umra, jamoat namozi va hokazodan to‘smaydigan doimiy isitmani so‘radi. Roviy aytadilarki, Ubay o‘ziga shu duoni qilganidan keyin, uning qo‘lini ushlagan kishi uni hamisha isitma holida topardi. Bu hol to uning vafotigacha davom etdi. Muqaddas dinimizda biror kasallikka chalinganlarga o‘zlarini muolaja qilish, omonat jonni, moli va aqlini doimo muhofaza qilish buyurilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tib ilmidan ham ancha xabardor ekanlari, hadislarda aks ettirilgan beozor davo choralaridan ham namoyon bo‘ladi. Alqissa, boshlari og‘risa, uni mahkam bog‘lardilar. Ochlikdan me’dalari og‘riganida yeyishga hech narsa topolmasalar qorinlariga tosh bog‘lab olardilar. Shuningdek, Koinot sarvari bosh og‘rig‘idan xalos bo‘lish uchun xina qo‘yishni, ko‘z kasalliklarida tinchlikni saqlash, osoyishtalik va dam olishni tavsiya qilganlar. Tomoq og‘rig‘ini davolashda hind yog‘ochini, qorin og‘rig‘ida asalni qo‘llash koni foyda ekanini zikr etganlar. Ul zot (alayhissalom)shifo sutda, asalda va kuydirishda ekanini aytib, kuydirib davolashdan qaytarganlar. Yana bir hadislarida davolanishiga chaqirib (ma’nosi):»Davolaninglar, zero Alloh nimaiki dard yaratgan bo‘lsa, albatta uning davosini ham yaratgan. Qachonki, davo dardga muvofiq kelsa, albatta Allohning izni bilan shifo topadi» deya marhamat qilganlar.

Yana o‘qing:  Kataraktadan holi olam yanada ravshan

Abul Barokotning yozishicha, «Bir kasallik chiqqan joyda bo‘lsangiz, boshqa biror yoqqa chiqmang, bir yerda kasallik tarqasa u yerga sayohat qilmang», deb buyurib, karantin usulini ham ilk marta Rasululloh (s.a.v.) tavsiya etganlar. Yana u zot barcha kasalliklarda parhezga buyurib, «Hamma davolarning boshi shudir», deganlar.

Payg‘ambar (s.a.v.)ning kuniga bir necha marta misvok bilan tishlarni tozalashga buyurishlarining hikmati ham juda katta. Olimlarning e’tirof etishicha, misvok nafaqat noxush hidlarni yo‘qotadi, balki ko‘plab tish va milk kasalliklarining oldini oladi. Ularni mustahkamlaydi, ov­qat hazmini yaxshilaydi. Bundan tashqari, yurak, me’da, hatto ko‘z xastaliklariga davo bo‘ladi. Tadqiqotlarda misvokning ovozni chiroyli qilishi, yuzni go‘zallashtirib, zakovatni kuchaytirishi hamda qarishni sekinlashtirishi kabi ko‘plab xosiyatlari namoyon bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har bir fuqaroning malakali tibbiy yordam olish huquqiga ega ekanligi o‘z ifodasini topgan. Darhaqiqat, yurtimizda hech bir fuqaro ushbu g‘amxo‘rlikdan chetda qolgan emas. Ayniqsa, mamlakat mustaqillikka erishgach, sog‘liqni saqlash, aholiga malakali tibbiy xizmat qo‘rsatish, shifo maskanlarini rekonstruksiya qilish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Diyorimizning barcha hududlarida bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilishi barobarida, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazlari ham faoliyat yuritayotir. Hatto, eng chekka qishloqlarda ham zamonaviy jihozlangan tibbiyot muassasalari – qishloq vrachlik punktlari aholi salomatligi yo‘lida beminnat xizmat qilyapti. Ona va bola salomatligi jiddiy muhofazaga olingani bois, shahar va tumanlarda onalar va bolalar markazlari, skrining, perenatal markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yillar mobaynida yurtimizda tibbiy xizmat sifati va ko‘lami tobora yaxshilanib bormoqda.

Dardni bergan, uning shifosini ham beradi, deyishadi. Biroq, asl haqiqat shuki, Alloh ham o‘zini asraganni asraydi. Tanasi va qalbini toza, pok saqlaganlarga dard yaqin yo‘lamaydi. Jannatmakon o‘lkamizda inson salomatligi ustuvor sanalib, shart-sharoitlar yetarli bo‘lishiga qaramay, salomatligimizni saqlash, xastalikka chalinmaslik choralarini ko‘rish eng avvalo o‘zimizga bog‘liq.

Har bir fuqaro tibbiy savodxonligini oshirib, o‘zi va oila a’zolarining sog‘­lig‘iga jiddiy e’tibor berishi zarur.

Odilxon qori ISMOILOV,

Toshkent shahar Shayxontohur tuman bosh imom-xatibi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: