Bo‘lg‘usi chempion
Xorazm viloyati, Xiva tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Jasur Salimovning yutuqlaridan ota-onasi behad xursand.
U ayni paytda sportning stol tennisi turi bilan shug‘ullanadi. Jasur respublika va viloyat miqyosida o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalarida muntazam ravishda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, u “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun” stol tennisi bo‘yicha VIII respublika sport musobaqalarining viloyat bosqichi g‘olibi. Shuningdek, iqtidorli sportchi yaqinda Xiva tumanida o‘tkazilgan yengil atletika musabaqasining 60 metrga yugurish bahslarida 9,63 soniya natija bilan shohsupadan joy egalladi.
– To‘rt yoshimdan sportning yugurish, shaxmat-shashka, balandlikka sakrash, uzunlikka sakrash va stol tennisi turlari bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Bo‘sh vaqtlarimda kitob mutolaa qilaman. Rus va nemis tilida bemalol so‘zlasha olaman. Kelajakda qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni maqsad qilganman, – deydi Jasurbek.
Bugun yurtimizda jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni tarbiyalash, ularning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Buni Jasurbek qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Safiya NAZAROVA