Men hayotni va kuylashni sevaman
Hayotni sevgan, mehr-muhabbat va sadoqatini dilbar qo‘shiqlari orqali tarannum etib, o‘zbek san’ati ixlosamandlari qalbini zabt etib kelayotgan xushovoz xonanda, matonatli qalb egasi, I guruh nogironi Dildora KUNUZOQOVAni 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan yakkaxon konsert dasturi oldidan suhbatga tortdik:
– Dildoraxon, hayotga bo‘lgan intilishingiz, qolaversa, matonat va jur’at sizni katta sahanaga chorlagan. Keling, san’at olamiga kirib kelishingiz haqida suhbatlashsak.
– Alloh sevgan bandasiga dard berarkan. Men ham hayotda ko‘p sinovlarni boshimdan o‘tkazdim. Qiyinchilik va mashaqqatlarni esa Yaratganning menga bergan sabru matonati tufayli yengib o‘tdim.
Sizga aytsam, o‘quvchilik yillarim maktabimizdagi har qanday tadbir mening qo‘shiqlarimsiz o‘tmasdi. Qayerda bo‘lmay, doim qo‘shiq xirgoyi qilib yurardim.
10 yil mobaynida oyoq va tos suyakdan 28 marta yengil va murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazdim. Og‘riq va dardni faqat qo‘shiq bilan yengdim. Bir kuni singlim Sadoqat ovozimni diktofonga yozib olib, “O‘zbekkonsert” (avvalgi “O‘zbeknavo”) birlashmasining tuman bo‘limi rahbari Abdurahmon Teshayevga eshittiribdi. Shundan so‘ng u kishi meni shifoxonaga izlab keldi va bunday ovoz bilan yaxshi qo‘shiqlar kuylay olishimni aytdi. Qalbimda azaliy orzularimga yetishishga yana ishtiyoq tug‘ildi.
– Sahnaga chiqish, repetitsiya va ovoz yozish jarayonlarining o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Bu vaziyatda ota-onangiz sog‘ligingizga zarar yetishi, toliqib qolishingizdan cho‘chimaydimi?
– Ular hech qachon farzandlarining istaklariga qarshi chiqmagan. Bolaligimizdan o‘qib-o‘rganishimiz, bilim olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Ayniqsa, ular doim meni ko‘nglimga qarashgan. Hozir ham ota-onam yonimda yordamga shay turishadi.
– Konsertoldi tayyorgarliklar haqida gapirsangiz.
– Ustozim va maslakdoshim Sanjar Sanayevning katta yordami, qolaversa, “O‘zbekkonsert” birlashmasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli “Istiqlol” san’at saroyida ilk yakkaxon konsertimni muxlislarga, san’at ixlosmandlariga taqdim etish arafasida turibman. To‘g‘risini aytsam, biroz hayajonlanyapman. Chunki, bunday katta sahnada qo‘shiq kuylash men uchun katta sinov. Qolaversa, konsert dasturimiz 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston nogironlar jamiyati tomonidan xayriya maqsadida tashkil etildi. Shu sabab asosan nogiron, imkoniyati cheklangan insonlar, kam ta’minlangan oila farzandlari, keksa va nuroniylarga taklifnomalar tarqatiladi.
– Muxlislarga tilaklaringiz…
– Ilohim, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikka ko‘z tegmasin! Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Baxtimizga ota-onalarimiz salomat bo‘lishsin. Insonlar o‘rtasidagi mehr-u muruvvat va oqibat tuyg‘ulari hech qachon yo‘qolmasin!
Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi.