Bemorning sa’y-harakati diabet davosida muhim

Qandli diabetda organizmda uglevodlar va suv almashinuvi izdan chiqadi. Bunga sabab esa insulin gormonini ishlab chiqaradigan me’da osti bezi faoliyatining buzilishidir. Ushbu gormon organizmda qandni qayta ishlash jarayonida ishtirok etadi. Chunki qand qayta ishlansagina glyukozaga aylanadi. Aks holda u qonda to‘planadi va ko‘p miqdorda peshob bilan tashqariga chiqib ketadi.

Shu bilan birga vujudda suv almashinuvi jarayoni ham buziladi. Inson tanasidagi to‘qimalar o‘zidagi suvni saqlay olmay qoladi. Natijada ko‘p miqdordagi suyuqlik organizmga singishi o‘rniga o‘z vazifasini to‘liq bajarishga ulgurmay buyraklar orqali tez ajraladi.

Agar bemor qonida qand miqdori me’yordan yuqori bo‘lsa bu xastalikning ilk alomati hisoblanadi. Me’da osti bezining beta hujayralari insulin gormonini ishlab chiqarishga mas’ul. O‘z navbatida esa bu gormon hujayralar yetarli miqdorda glyukoza bilan ta’minlanishini nazorat qiladi. Qandli diabetda esa insulin gormoni yetishmovchiligi natijasida qand va glyukoza miqdori oshib ketadi. Shuningdek, hujayralarga glyukoza yetib bormasligi sababli ular shikastlanadi.

Organizmda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida yuzaga keladigan bu xastalik bemorning hayoti davomida orttirilgan yoki unga irsiy moyillik bo‘lishi mumkin. Insulin yetishmovchiligi natijasida xasta odamning terisida yiringli yaralar yuzaga keladi. Yana uning milklari va tishlari ham shikastlanadi. Yana ateroskleroz rivojlanadi. Xafaqon (gipertoniya) paydo bo‘ladi. Buyraklar faoliyati buziladi. Qandli diabet ta’sirida ko‘z nuri susayadi. Uning asab tizimiga ham zarari ko‘p.

Ushbu kasallikning ikki turi mavjud. Ular bir-biridan farq qiladi. Qandli diabetning har ikkala turini farqlash endokrinolog-shifokor uchun davolashni qay yo‘sinda olib borishga turtki bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu dardning kelib chiqishiga moddalar almashinuvining buzilishi sababdir. Ayniqsa, ushbu kasallikda uglevodlar almashinuvi izdan chiqadi. Natijada giperglikemiya (qonda qand miqdorining oshishi) rivojlanadi.

Yana qay hollarda qonda qand miqdori oshadi?

Feoxromatotsitom-buyrak usti bezlarining o‘smasi organizmda insulinga qarama-qarshi ta’sir etuvchi gormonlar ishlab chiqaradi. Glyukagonom va somatostatinom-hujayradan o‘sib chiquvchi o‘sma ham insulinga “raqib” bo‘lgan gormon sintez qiladi. Buyrak usti bezlarining giperfunksiyasi (o‘ta faolligi)da, ya’ni, giperkortitsizmda hamda gipertireoz kasalligida, jigar sirrozida, organizmning uglevodlarga nisbatan ta’sirchanligining buzilishida ham giperglikemiya kuzatiladi. Ayniqsa, bunday ta’sirchanlikning buzilishiga ertalab och qoringa glyukomerda qondagi qand miqdori me’yorda ekanligi aniqlangan holda uning ovqatlanishdan keyin oshishini kuzatish mumkin. Tranzitor giperglikemiyada qisqa muddat davomida qonda qand miqdori oshadi.

Yana o‘qing:  Saqich inson organizmi uchun foydali

Pankreatit ham me’da osti bezini zararlaydi. Shuningdek, me’da osti bezi raki, yana boshqa ichki sekretsiya bezlari kasalliklari ham ushbu a’zo faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Xavf guruhiga kiruvchi immuniteti zaif organizmga tahdid soluvchi qattiq ruhiy zarba va virusli infeksiyalar (qizilcha, suvchechak, gepatit, gripp, O‘RVI) ham qandli diabet rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Qonda qand miqdorining oshishiga sabab bo‘ladigan ushbu barcha holatlar bartaraf etilsa, xastalik ham chekinadi. Chunki bu belgilar ikkilamchi diabetda kuzatiladi.

Qandli diabetning birinchi turi

Diabetning bu turi insulinga qaramlikni keltirib chiqarmaydi. Bunday kasallik bilan odatda keksa yoshdagi kishilar og‘riydi.

Ayniqsa, 40 yoshdan keyin ayrim kamharakat, noto‘g‘ri va ko‘p ovqatlanadigan hamda semizlikka moyil odamlar bu dardga chalinadi.

Chunki hujayralar undagi oziq moddalarning ko‘pligidan insulinga nisbatan sezgirlikni yo‘qotadi. Dastlab endokrinolog bemorlarga parhez tavsiya etadi. Albatta, xasta odam tuzalishni istasa shifokor maslahatiga amal qilishi zarur. Ko‘p piyoda yurish va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish natijasida bemorlar har oyda asta-sekin 2-3 kg. ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga harakat qilishlari zarur.

Me’yordagi vaznni umr bo‘yi saqlab qolish shart. Agar xastaning qonida parhez tutish orqali qand miqdori kamaymasa, unda endokrinolog bemorga glyukozani kamaytiruvchi dori vositalarini tavsiya etadi. Juda-juda kam hollardagina kasal odamga qandli diabetning ikkinchi turida shifokor insulin berishi mumkin.

Xastalikning ikkinchi turi

Xastalikning bunday turi insulinga qaram diabet deb ataladi. Ushbu dard bilan 40 yoshgacha bo‘lgan bemorlar og‘riydi. Kasallik anchayin og‘ir kechadi. Uni davolash uchun insulin talab qilinadi. Xastalikning bu turida organizm me’da osti bezi hujayralarini nobud etuvchi antitela ishlab chiqaradi. Chunki me’da osti bezining Langergas orolida joylashgan beta hujayralar qondagi qand miqdorini me’yorga soluvchi insulin gormoni ishlab chiqaradi. Insulinga qaram diabetning birinchi turini butunlay davolashning iloji yo‘q. Teri ostiga ovqatlanish paytida bemor shprits bilan insulin yuboradi. Insulinni ham dori (tabletka) sifatida qo‘llash mumkin emas. Chunki bu dori vositasi me’da-ichak tizimi yo‘lida parchalanib ketadi. Xasta odam albatta, parhezga rioya etishi zarur. Ayniqsa, tarkibida yengil hazm bo‘luvchi uglevodlar mavjud bo‘lgan mahsulotlar (shakar, shirinliklar, meva sharbatlari, shirin yaxna ichimliklar)ni taomnomadan chiqarish zarur.

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda ilk bor global tadbirkorlik haftaligi

Xastalikning klinik belgilari

Dastlab bemorda doimiy og‘iz qurishi kuzatiladi. Qancha suv ichsa ham u chanqog‘ini qondirmaydi. Xasta odam haddan tashqari ozib ketadi yoki uning a’zoi badanini yog‘ bosib, semiradi. Terisi qurib, qichiydi. Tanasi yiringli yallig‘lanish jarayonlariga moyil bo‘lib qoladi. Mushaklari bo‘shashib, ko‘p terlaydi. Bemorda har qanday yaraning bitishi qiyin kechadi. Bu belgilar dardmand odamni sergak torttirishi zarur. Shifokor tavsiyasi bilan darhol u qondagi qand miqdorini aniqlash uchun laboratoriyaga analiz topshirishi kerak. Agar kasal odam o‘z vaqtida endokrinologning tavsiyalariga amal qilmay davolanishni kechiktirsa, uning ahvoli og‘irlashib boraveradi. Xastalik avj olib organizmdagi barcha a’zolarni shikastlaydi. Bemorning og‘zidan atseton hidi keladi. Xasta kishi terisida sezuvchanlik yo‘qoladi. Ayniqsa, oyoq panjasining tagidagi teri “karaxt” bo‘lib qoladi. Oyoqlarda bemor yurganda og‘riq kuzatiladi. Ular ushlab ko‘rilganda muzday bo‘ladi. Chunki qon tomirlarda mikrotsirkulyasiya buziladi. Xasta odamning yuz va boldirlari shishadi. Uning qon bosimi oshib, yuragida og‘riq kuzatiladi. Jigari ham kattalashadi. Bemorda ko‘p peshob ajralishi (poliuriya) kuzatiladi. Diabetik komada dardmand odam hushini yo‘qotgancha o‘ziga kelmasligi mumkin.

Qonda qand miqdori me’yorda qancha bo‘ladi?

Och qoringa laboratoriyada qon tekshirilsa me’yoriy ko‘rsatkich 3,3-5,5 mmol/l bo‘ladi. Agar uglevodli yuklama amali bajarilsa, ushbu ko‘rsatgich 7,8 mmol/lni ko‘rsatadi. Qondagi glyukozaga ta’sirchanlikning buzilishi och qorinda aniqlanganda ushbu miqdor 5,5-6,7 mmol/lgacha ko‘tariladi. Uglevodli yuklamadan so‘ng ushbu ko‘rsatgich 7,8-11,1 mmol/l bo‘ladi.

Qandli diabetda och qoringa qon topshirilsa, laboratoriya tahlili 6,7 mmol/lni ko‘rsatadi. Bemor shirin choy ichsa yoki shirinlik yegandan so‘ng ushbu uglevodli yuklama ta’siri ostidagi ko‘rsatgich 2 soat o‘tgach, 11,1 mmol/l ni tashkil etadi.

Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: