E’tibor va e’tirof soha vakillariga mas’uliyat yuklaydi
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini sog‘lom voyaga yetishlari uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilgan.
Ushbu xayrli ishlarni amalga oshirishda davlat tashkilotlari bilan birga, jamoat tashkilotlarining ham munosib hissasi borligini aytib o‘tish lozim. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham mana chorak asrdirki, jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalash, onalar va bolalar salomatligini asrash, yurtimizning chekka va ekologik noqulay hududlarida istiqomat qiluvchi aholini sog‘lomlashtirish bo‘yicha samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Qolaversa, ona va bola salomatligini muhofaza qilishning barqaror asosini yaratishga qaratilgan kompleks ilmiy, texnik, ishlab chiqarish, tashviqot-profilaktik va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Hozirda fond aholining tibbiy madaniyatini oshirish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishni metodik ta’minlash, “Mehribonlik” uylari, maxsus bolalar muassasalari va kam ta’minlangan oilalarga muruvvat yordamini ko‘rsatish, yosh oilalarni patronaj nazoratiga olish, iste’dodli bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan “Sog‘lom avlod uchun” fondining Toshkent viloyati hududiy filiali direktori Muhabbat Yuldasheva, Navoiy viloyati hududiy filiali direktori Marhabo Yuldasheva, fondning “Mablag‘lardan maqsadli foydalanishni nazorat qilish” bo‘limi boshlig‘i Gulchehra Qurbonova, “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sayyora Qayumxo‘jayevalar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– Kasbim tufayli turli xastalikka chalingan bemor bolalar bilan ishlayman. Aytish kerakki, yurtimizning chekka-chekka hududlaridagi aholini ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularga manzilli muruvvat yordamini ko‘rsatish asosiy vazifalarimizdan biridir. O‘zbek bolalarini sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun oz bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman, – deydi Gulchehra Qurbonova.
Barcha tibbiyot xodimlariga sharafli mehnatlarida ulkan muvaffaqqiyatlar tilaymiz.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri