Maktab yaratgan ustoz
80 yoshni qarshilayotgan professor Akram Fozilov tibbiyot sohasiga bundan yarim asr muqaddam qadam qo‘ygan. Shifokor mashaqqatli ilm yo‘lidan sabr bilan borib, o‘z ustida tinimsiz ishladi.
Ustoz ultratovush diagnostikasining ilmiy va amaliy rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi va hozir ham bu jarayonda tinim bilmay mehnat qilmoqda.
A. Fozilov olim, mohir pedagog, o‘quv va ilmiy tadqiqotlar jarayonining tashkilotchisidir. U ilk faoliyatini 1961–1987 yillarda O‘zbekiston onkologiya va radiologiya ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodimlikdan boshlab, ultratovush laboratoriyasiga rahbarlik qilish darajasigacha yetdi. Bu yillar oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ilmiy kengashida bosh mutaxassis, ushbu kengash muovini lavoimlarida mehnat qildi. O‘zbekiston olimlarining ilmiy ishlarini amaliyotga tatbiq etishga katta hissa qo‘shdi. Ustozning mehnatlari beiz ketmadi. Unga 1983 yilda professor ilmiy darajasi berildi.
Ustoz 30 yildan ortiq vaqt davomida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida turli lavozimlarda mehnat qildi. Hozirda u mazkur dargohning “Ultratovush diagnostikasi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda.
O‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish tarafdori bo‘lgan A. Fozilov doimo o‘qitish va amaliy ko‘nikmalarga e’tibor qaratib keladi. Kafedra AQSH, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi davlatlarning yirik o‘quv markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Tajribali ustoz xalqaro ekspert va mutaxassislar bilan birgalikda respublikamizning barcha viloyatlarida trenerlar va umumiy amaliyot vrachlarini tayyorlashning yo‘nalishlarini belgilash va tatbiq etish sohasida keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda. Uning rahbarligida anemiya, gipertoniya va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda qator o‘quv dasturlari tayyorlangan. Ona va bola salomatligini himoya qilish, ko‘krak suti bilan boqish, davolash vositalaridan ratsional foydalanish bo‘yicha bir qancha qo‘llanmalari chop etilgan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Akram Fozilov Rossiya tibbiy-texnika va Qozog‘iston tibbiy Akademiyasining akademigi hisoblanib, AQSHda ta’sis etilgan Jahon ultratovush instituti va Assotsiatsiyasining faxriy diplomi bilan taqdirlangan. Tibbiyot texnologiyalari va mutaxassislar tayyorlashdagi ulkan hissasini e’tiborga olib Kembrij universiteti A. Fozilov nomini “2000–2001 yillarning ilg‘or insoni” sifatida xalqaro “Yuz yillikning buyuk olimlari” kitobiga kiritgan va ustozni kumush medal bilan taqdirlagan. A. Fozilov Butunjahon, Yevropa va Rossiya ultratovush diagnostika mutaxassislari assotsiatsiyalari va O‘zbekiston radiologlari uyushmasi a’zosi sanaladi.
A. Fozilov o‘zining keng qamrovli bilimi, iqtidori va tashkilotchilik qobiliyati bilan tibbiyot fani va amaliyotida yangi yo‘nalish bo‘lgan O‘zbekiston ultratovush diagnostikasi ilmiy maktabini yaratdi. Uning onkologiya faniga qo‘shgan hissasi ham beqiyos.
– Ustoz mehnati va faoliyatining 30 yili Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutidagi faol hayotiy bosqichiga to‘g‘ri keladi. Olimlarning ta’diklashicha, MDH davlatlarida ultratovush diagnostikasi bo‘yicha bajarilgan dissertatsiya ishlarining har uchinchisi O‘zbekistondandir. Aytish joizki, bunda A. Fozilovning mehnatlari beqiyos, – deydi ushbu dargohning “Ultratovush diagnostikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Mirqosim Miryusupov.
Olim rahbarligida 3500 dan ortiq ultratovush diagnostikasi mutaxassislari tayyorlangan va malaka oshirgan. Shogirdlarining 10 nafardan ortig‘i fan doktori, 40 nafardan ortig‘i esa fan nomzodi hisoblanadi.
Mahfuza ABDUQODIROVA