Biblioterapiya – mutolaa bilan salomatligingizni tiklang

Mutolaa – miya uchun eng yaxshi mashq. Bu mashg‘ulot miyaga qabul qilingan axborotning saqlanishini ta’minlaydigan asab tolalarini ko‘paytiradi.

Odatda kitobni ma’naviyatni boyituvchi, bilimni oshirib, fikrlash, dunyoqarashni o‘stiruvchi vosita deb bilamiz. O‘z navbatida xorijlik olimlarning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, mutolaa inson salomatligi uchun ham foydali mashg‘ulot ekan.

Keyingi yillarda o‘tkazilgan shunday tadqiqotlar natijalari kitob mutolaasi yordamida bir qator xastaliklarni samarali davolash mumkinligini isbotladi.

Bir guruh shotland olimlari kitob o‘qish yordamida depressiya – tushkunlik kasalligini davolashga urinib ko‘rishdi. Natijalar esa hayratomuz: ushbu xastalikning birmuncha og‘ir turlarini ham tibbiy dori-darmonlarsiz shunchaki, qiziqarli asarlar orqali davolash mumkin ekan. Tajribada depressiyadan aziyat chekayotgan 2 ming 500 nafar kishi qatnashdi. Olimlar ko‘ngillilarni ikki guruhga bo‘lishdi: birinchi guruhdagilar tushkunlikni yengish uchun antidepressantlardan foydalanishdi. Ikkinchi guruhga esa kitob o‘qish yordamida davolash usuli tavsiya etildi va ular mutolaa bilan muntazam shug‘ullana boshlashdi. Roppa-rosa 4 oydan keyin o‘tkazilgan tekshiruvda esa birinchi guruhdan faqat 25 foiz kishi depressiyadan halos bo‘lgani aniqlandi. Ikkinchi guruhda esa bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etdi.

Bir yildan so‘ng qayta o‘tkazilgan tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, kitob mutolaasi orqali davolanganlar o‘z holatini antidepressant qabul qilganlarga qaraganda yaxshiroq nazorat qila boshlagan. Bu esa kitob o‘qish depressiyaning turli bosqichlarida ham birday samarali ta’sir ko‘rsatishini isbotladi.

Yuqoridagi kabi tadqiqotlar natijalari olimlarni quyidagi xulosalarga olib keldi: kitob o‘qish xotirani yaxshilaydi, miyani rivojlantiradi va aqliy qobiliyatni o‘stiradi. Mutolaa – miya uchun eng yaxshi mashq. Bu mashg‘ulot miyaga qabul qilingan axborotning saqlanishini ta’minlaydigan asab tolalarini ko‘paytiradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, aqliy faollikning pasayishi mutolaani sevadiganlarda birmuncha kam kuzatilar ekan.

Mutolaa Alsgeymer (keksalarda aqli zaiflik) kasalligiga chalinish ehtimolini kamaytiradi. Kitob o‘qish jarayonida miya faolligi ortadi. Bu esa uning umumiy holatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Olimlarning aytishicha, kitob mutolaasi keksalikda ham aqlni faol, tetik saqlab qolishning eng yaxshi yo‘lidir. U stress (ruhiy zo‘riqish)ni kamaytiradi. Boshqa hech narsa odamni kuchli ruhiy zarbalardan yaxshi kitob o‘qiganchalik tez xalos eta olmaydi. Tadqiqotlarda isbotlanishicha, hatto sayr qilish yoki musiqa tinglash ham kitob mutolaasi bilan tenglasha olmaydi: bor-yo‘g‘i 6 daqiqalik mutolaa stress darajasini 3/2 foizga kamaytira oladi.

Yana o‘qing:  Hokim harbiylar bilan uchrashdi

Kitob o‘qish uyqusizlikni bartaraf etadi. Pasaytirilgan yorug‘lik ostida mutolaa qilish organizmni bo‘shashtirib, uyquga tayyorlaydi. Shuningdek, kitob o‘qish odamning sportga bo‘lgan rag‘batini oshiradi. “O‘qiydigan” odamlar sport mashg‘ulotlariga ham ko‘proq moyil bo‘ladilar.

Biblioterapiya, ya’ni kitob yordamida davolash usuli Buyuk Britaniyada joriy etilganiga endigina 10 yildan oshdi. Bugungi kunda terapiyaning bu yoqimli va foydali turi amalda ancha ommalashdi.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Obuna bo‘yicha kitob” deb nomlangan maxsus dastur joriy qilindi. Unga ko‘ra shifokorlar o‘z bemorlariga depressiyadan xalos bo‘lish uchun badiiy adabiyotning turli janrlarini o‘qishni tavsiya etishadi. Shifokorlar depressiyadan aziyat chekayotganlarga ushbu asarlarni antidepressantlarni qabul qilishdan oldin o‘qib chiqishni tavsiya qilishadi. Kitob mutolaasi kishiga bir zamondan boshqasiga bemalol o‘tishga, har kunlik hayotdan uzilib, yon-atrofda ro‘y bergan ko‘ngilsizliklarni unutishga yordam beradi.

Liverpul universiteti tadqiqotchilari ham bu borada noodatiy tajriba o‘tkazdilar. Ular Shekspir, Vordsvort, Tomas Sternz Eliot va ingliz she’riyatining boshqa yorqin yulduzlari ijodini o‘qish inson miyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi ustida kuzatuv olib bordilar. Olimlar inson miyasi she’rdagi har bir so‘zni qanday tahlil qilishini, har bir jumla tuzilishi, odatiy-noodatiy qurilishlardan qay darajada ta’sirlanishini tadqiq qilishdi. Oddiy matn o‘qilganida uni miya qanday qabul qilishini bilish maqsadida oldin o‘qilgan she’r mazmunini nasriy matnga aylantirib, ko‘ngillilarga taqdim etishdi. Ma’lum bo‘lishicha mumtoz she’riyat faqatgina ruhiyatga zavq bermaydi, balki u miyaga xuddi neyrofiziologik mashq kabi ta’sir qiladi. She’rdagi noodatiy jumlalar, kam qo‘llanadigan so‘zlarni qayta ishlash jarayonida miya doimiy holatidan chiqadi.

Sasseks universiteti olimlari esa stress holatini mutolaa yordamida bartaraf etish ustida ish olib borishgan. Ko‘ngillilarga dastlab ruhiyatda stress uyg‘otadigan matn va mashqlarni bajartirishdi. Shundan so‘ng ularga relaksatsiyaning keng tarqalgan bir necha usulini taklif qilishgan va ushbu usulning tomir urishi va mushaklar tarangligini me’yorlashtirishdagi ta’sirini o‘rganishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, stress darajasini kamaytiradigan eng samarali usul mutolaa ekan. uning ta’siri 68 foizni ko‘rsatdi. Tomir urishini me’yorlashtirish va mushaklarni bo‘shashtirish uchun sokinlikda 6 daqiqa mazmunli biror asarni mutolaa qilish yetarli bo‘ldi.

Tajriba davomida musiqa tinglash stressni 61 foizga, bir piyola choy yoki qahva ichish 54 foizga, sayr qilish esa 42 foizga kamaytirgan. Videoo‘yinlar esa bunday asabiy qo‘zg‘alishni bor-yo‘g‘i 21 foizga yo‘qota oladi, xolos. Chunki, o‘yin davomida puls ko‘p ham odatiy holga tushmagan.

Yana o‘qing:  Gul turlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

Tadqiqot muallifi neyrofiziolog Devid Lyuis stressdan xalos bo‘lish uchun har qanday janrdagi mazmunli kitobni o‘qish ahamiyatli, deya xulosa qildi. Eng muhimi kitob muallifining ichki dunyosiga kirib olishga intilishdir.

Nemis ekspertlari esa mutolaani yoshlik eliksiri, deb atashmoqda. Ular yosh ulg‘ayganida ham, hatto, ko‘rish qobiliyati pasaya boshlaganida ham kitob o‘qishdan to‘xtamaslikni tavsiya etishmoqda. Muntazam o‘qish odam miyasini rivojlantiradi. Chunki bu tadbir miyada yangi sinapslar – asab to‘qimalari va boshqa hujayralarni o‘zaro bog‘laydigan tolalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu esa butun organizm faoliyatini yaxshilaydi. Kitobdan olingan taassurotni boshqalar bilan o‘rtoqlashish esa yanada yaxshiroq natija ko‘rsatadi.

Xullas, bu kabi tadqiqotlar davom etmoqda. Biz esa qayta-qayta ota-bobolarimiz kitobga bejiz oshno bo‘lmaganini o‘zimizga faxr bilan ta’kidlab qo‘yishimiz mumkin. Zero, qadimda uzun qish kechalari moychiroq yorug‘ida, yoz tunlarida oy shu’lasida davom etgan ommaviy kitobxonlik ajdodlarimizga cheksiz zavq, ko‘tarinkilik baxsh etgani shubhasiz. Bu esa o‘z navbatida, salomatlik garovi ekanligini Abu Ali ibn Sino kabi hakimi hoziqlar o‘z asarlarida aniq-ravshan qilib yozib qoldirishgan.

Xurshida ABDULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: