“0” SINF MASHG‘ULOTLARI

Maktabga tayyorlov darslari qanday tashkil etiladi?

Umumta’lim maktablarida bolajonlarni 1-sinfga tayyorlov ishlari qizg‘in pallaga kirmoqda. Albatta, farzandining qo‘lidan tutib maktab ostonasida turgan yosh ota-onalarning bu borada savollari talaygina. Quyida biz ana shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

 

Kichkintoylarni maktabga tayyorlov darslari qaysi dastur asosida olib boriladi?

Sabohat Mirjalilova,

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i:

– Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning aqliy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan o‘yinlar va o‘yinchoqlar, didaktik materiallar, ko‘rgazmali qo‘llanmalar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda vazirlik huzurida tashkil etilgan maxsus guruh MTMlar kesimida tayyorlov guruhlari va ular uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan o‘yinchoqlar ro‘yxatini shakllantirdi. Shuningdek, bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish past hududlarda ularni maktabga tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda kompleks chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqilgan. Mazkur rejaga ko‘ra o‘tgan yili joylarda 936 ta qisqa muddatli guruh tuzilib, boshlang‘ich sinflarga borishi mumkin bo‘lgan bolalar maxsus dastur asosida maktabga tayyorlandi. Qolaversa, joylarda maktabgacha ta’lim muassasalariga muqobil guruhlar, ya’ni “Savodxonlik” markazlari, qo‘shimcha ta’lim, maktab qoshida qisqa muddatli to‘garaklar tashkil etilmoqda. Bolalarni to‘liq qamrab olishda “Bolajon” dasturi ham keng imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgani alohida e’tiborga molikdir. O‘tgan o‘quv yilida bu boradagi barcha tadbirlar ijobiy samara berdi.

2015–2020 yillarda bolalarni, ayniqsa, qishloq joylarda maktabga tayyorlashni yaxshilashga yo‘naltirilgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil fevral oyidagi 15-sonli bayoniga ko‘ra joriy yilda 300 ta maktabgacha ta’lim muassasalari to‘liq ta’mirlash rejasiga kiritilgan edi.

2016–2017-o‘quv yilida ish boshlashi kutilayotgan 1 ming 620 ta qisqa muddatli guruhlar uchun “Bilimdon” dasturi ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkazildi hamda tasdiqlandi. Mazkur dastur 6 ming nusxada chop etilib maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilariga bepul tarqatildi. Shuningdek, MTMning 921 tasida qisqa muddatli guruh tarbiyachilari uchun “Bilimdon” dasturi asosida maxsus o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Bugungi kunda bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida turli (muqobil) tayyorlov guruhlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana o‘qing:  Ekologiya: Atrof-muhitni asraymiz

Hozirgi kunda respublikadagi maktabgacha ta’lim muassasalari qoshidagi 1 ming 775 ta qisqa muddatli, 3 ming 188 ta maktab qoshida esa savodxonlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu guruhlarga jami 69 ming 877 nafar bola jalb qilingan.

Shuningdek, 2016 yil sentyabr oyidan respublikaning 13 ta hududida (Toshkent shahridan tashqari) maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bo‘sh guruhlar hisobidan 1 ming 620 ta qisqa muddatli guruhlar tashkil etilmoqda.

Ularda pedagogika kollejlari bitiruvchilarining pedagogik faoliyat yuritishi ta’minlanadi.

 

Maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolajonlar maktab ta’limiga qanday tayyorlanmoqda?

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Xalq talimi vazirligi va Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markazi, maktabgacha ta’lim mutaxassislari tomonidan maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlash uchun ota-onalarga mo‘ljallangan 5 nomdagi qo‘llanmalar yaratildi. Mazkur qo‘llanmalar maktab kutubxonalari orqali ota-onalarga yetkazilib, o‘qitish metodikasi tushuntirildi. Bu bilan maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan 5-6 yoshli 436 ming 130 nafar bolaning ham maktabga tayyorlanishi to‘liq nazoratga olindi.

Shuningdek, 2015–2016 o‘quv yilida MTMga qamrab olinmagan 3-6 yoshli bolalarning ota-onalari uchun 7 nomdagi metodik qo‘llanmalar tayyorlash va bepul tarqatish, qolaversa, 1 ming 220 ta maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun 50 nomdagi hikoya va ertaklar to‘plami chop etish va uni foydalanish uchun taqdim qilish rejalashtirilgan.

 

 

Umumta’lim maktablarida tashkil etilgan maktabgacha tayyorlov guruhlari qanday moliyalashtiriladi?

Sherzod Pardayev,

Xalq ta’limi vazirligi moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil sentyabr oyidagi “Byudjet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 25 yanvarda 880-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Byudjet tashkilotlari tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish tartibi”ga asosan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maktabga tayyorlov o‘quv kurslari ota-onalar bilan kelishilgan narxlarda pulli asosda faoliyat yuritadi. Mazkur o‘quv kurslari ixtiyoriy ko‘rinishda tashkil qilinadi.

 

 

Kichkintoylarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash uchun qay jihatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq?

Yana o‘qing:  OBOD YURTDA OSUDA HAYOT

Shahodat Ma’rufova,

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi

220–umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:

– Kichkintoylar bilan mashg‘ulot o‘tayotganda ularning zerikib qolmasligini ta’minlash o‘qituvchining birinchi galdagi vazifasidir. 5 yarim hamda 6 yoshli bolalar qamrab olingan “O” sinf mashg‘ulotlarining dastlabki bir oyini asosan qo‘l harakati (motorika)dan boshlash lozim. Xususan, ruchka ushlash, tayoqchalar chizish hamda harf elementlarini yozdirish muhim rol o‘ynaydi. Harf elementlarini yozish uchun ularni har xil predmetlarga o‘xshatish tarzida o‘rgatish yaxshi samara beradi. Bolaning uchta barmog‘ida ruchka ushlab yoza olishi uning eng katta yutug‘i hisoblanadi.

Haftasiga bir marotaba 3-4 soat davom etayotgan saboq jarayonida bolajonlarga turli-tuman rasmlar xususan, soyabon, xokkey tayoqchalari yoki turli hayvonlarga qiyoslab berilgan bilim ularning qiziqishini yanada oshiradi. Ayrim bolalar tortinchoq bo‘ladi. Shu bois ularga o‘yin tarzida o‘zim turli hayvonlarga taqlid qilib, rolga kirib mashg‘ulot o‘taman va o‘quvchining fikrini to‘liq ifoda eta olishiga ko‘maklashaman.

O‘yinchoqlar, turli geometrik shakllardan foydalanib mashg‘ulot o‘tish kichkintoylarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaydi. To‘qqiz oy davomida o‘tilayotgan mashg‘ulotlar bolajonlarni yozish, matematika, rasm chizish hamda og‘zaki nutqini rivojlantirishni o‘rgatibgina qolmasdan ularning 1-sinfga tayyor holda kelishini ta’minlaydi.

Darhaqiqat, bolani maktabga tayyorlash murakkab jarayon hisoblanadi. Chunki, kichkintoyning birinchi sinfga tayyor holda borishi nafaqat ustozlar, balki ota-onalar, oilaning kattalari zimmasidagi eng mas’uliyatli vazifadir. Bir so‘z bilan aytganda ertamiz egalarining bilim va tafakkuri Vatanimiz ravnaqini belgilaydi.

 

Shavkat XO‘JAQULOV,

Jamila HAYDAROVA

yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: