Hunar bilan turmush, mehr bilan ko‘ngil obod

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Imkoniyati cheklangan o‘quvchi-yoshlar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan kar-soqov, zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz, zaif ko‘ruvchi va harakat-tayanch a’zolarida nuqsoni bo‘lgan 500 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ular “Keng assortimentdagi tikuvchilik ishlab chiqarish”, “Radiotexnika va teleapparatlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash”, “Kompyuter tarmoqlarini ishlatish va ularning dasturiy ta’minoti”, “Buxgalteriya ishi”, “Maishiy uy-ro‘zg‘or buyumlarini ta’mirlash”, “To‘qimachilik galanteriyasi ishlab chiqarish (ko‘zi ojizlar uchun)”, “Poyabzal ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rganmoqda.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning jamiyatga moslashuvini samarali amalga oshirish maqsadida o‘quv sinflari, amaliyot xonalari, sport zallari va 52 ta yo‘nalishda (6 ta sport, 22 ta fan, 24 ta kasb bo‘yicha) to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Uch qavatli binoda joylashgan o‘quvchilar yotoqxonasining har bir qavatida dam olish xonalari mavjud. Bu yerda ular o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazadi. Shuningdek, zarur texnik jihozlar bilan ta’minlangan kutubxonada o‘g‘il-qizlar o‘zlarining bilimini mustahkamlaydi.

O‘quvchilarning intizomli, zamonaviy bilimlardan boxabar bo‘lishlari yo‘lida Ma’mura Xalilxo‘jayeva, Zarifa Musaxo‘jaeva, Ixtiyor Botirov, Nizomiddin Umirov, Mohira Jumaniyozova, Shahnoza Yusupova, O‘ktamxon Qo‘ldasheva kabi tajribali tarbiyachilarning alohida o‘rni borligini ta’kidlash joiz.

Yaqinda mazkur o‘quv maskanida qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yuksaltirish, ilm-ma’rifatni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, onalik va bolalikni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini yoshlar ongiga yetkazish maqsadida “Zebolar bahsi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rik-tanlovda kollejning zukko, iste’dodli va zebo o‘quvchilaridan bir guruhi “Tanishtiruv”, “Savol-javob”, “Sahna ko‘rinishi”, “Alla aytish” shartlari bo‘yicha bellashdilar.

Qizlar zamonamiz ayolining sport, san’at, tadbirkorlik sohalaridagi erishayotgan ulkan yutuqlari, onalik va bolalikni muhofaza qilish, qizlarni turmushga tayyorlash, “Nikoh shartnomasi” va “To‘ydan oldingi tibbiy ko‘rik” masalalaridagi bilimlari, kiyinish madaniyati, mehr-oqibat tushunchalari, milliy urf-odatlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari orqali o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish qildilar. Ayniqsa, ishtirokchilar tomonidan ijro etilgan muqaddas an’analarimiz va milliy urf-odatlarimiz aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari hamda o‘ziga xos “Alla” ijrosi barchaga zavq bag‘ishladi.

Hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilarining bilim saviyasini to‘rtta shart bo‘yicha 10 ballik tizimda baholadi. Tanlov natijasiga ko‘ra Karomat Jo‘rayevaga 1-o‘rin nasib etdi. 2-o‘ringa Gulasal Hayitova va Mahbuba Xurramova, Charos Turdibekova, Lobar Musaboyeva 3-o‘ringa sazovor bo‘ldilar. G‘oliblarga kollejning hamda homiy tashkilotlarning faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi o‘g‘il-qizlarning o‘ziga va hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Яна ўқинг:  Касб-ҳунар таълими: бугунги билим эртанги кун тамал тоши

M.XO‘JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: