Dardni hech kim sotib olmaydi

Silning ham davosi bor

Bizga ko‘pincha “Sil kasalligiga chalingan qiz turmushga chiqishi mumkinmi?” degan savollar bilan murojaat etishadi. Ba’zi insonlar ongida sil kasalligi nasl suradi va u onadan bolaga yoki otadan farzandga o‘tadi, uni yuqtirgan qizlar turmushga chiqishi mumkin emas kabi tushunchalar mavjud. Albatta, bu gaplarda hech bir asos yo‘q.

Yaqinda uyimizga qo‘shni mahallada yashovchi bir ayol keldi. Aytishicha, o‘g‘lining sevgan qizi bolaligida sil kasalligi bilan og‘rigan ekan. “Otasi bilan o‘g‘limizni bu yo‘ldan qaytarishga juda ko‘p urindik. Axir aytishadi-ku, sil nasl suradi, deb. Kelgusida bu dard nabiralarimga o‘tmasligiga kim kafil bo‘la oladi? O‘g‘limizga buni tushuntirayap­miz, lekin u aytgan so‘zida turib olgan. Nima qilishni bilmay boshimiz qotib qolgan”, deydi u. Men unga bir voqeani so‘zlab berdim.

Kasalxonaga o‘rta yoshli bir juvon juda og‘ir ahvolda olib kelindi. Muolaja qilindi, tezda sog‘aya boshladi ham. Lekin u kasalligini o‘zi bilmagan holda 13 yoshli qiziga yuqtirgan ekan. Zudlik bilan qilingan muolajalar tezda qizning oyoqqa turishiga yordam berdi. Ona va bola bizning nazoratimiz ostida davolanib turishdi. Ular xastalikni yengib, to‘liq sog‘ayib ketishdi.

Qiz hamshiralarimiz bilan yaqin bo‘lib qolganligi sababli tez-tez kasalxonaga kelib turardi. Bir kuni uni tushkun kayfiyatda ko‘rib qoldim va sababini so‘radim. “Ayrim tushunmagan odamlar tufayli malomatga qoldim. Bir paytlari sil kasali bilan og‘riganimni aytib qo‘shnilar sovchilarni qaytarishayotgan ekan. Buni bir kuni onam otamga yig‘lab “Qizimiz sil kasalligini boshidan o‘tkazganligi uchun  uni hech kim kelin qilishni istamayapti. Undan tug‘iladigan bola ham shu dardga yo‘liqib qolsa nima bo‘ladi, deb sovchilar qaytib ketishayotganmish”, deya aytayotgan so‘zlaridan bilib qoldim. Qizning bu so‘zlarini eshitib juda xafa bo‘ldim. Chunki ko‘p hollarda kuzatganim, otasi yoki onasi shu dardga chalingan qadrdonimizning yaxshiligini bilib turib ham unga qiz bermaymiz yoki qiz olmaymiz. Bu – jamiyatning dardi. Bu “dard”ni yengish uchun fikrimiz sof, bag‘rimiz keng bo‘lishi lozim. Axir sil yuqumli xastalik bo‘lgani bilan nasldan-naslga o‘tmasligi tibbiyotda aniqlanganini ham bilishimiz shart. Vaqt – oliy hakam, deganlaridek, hozir o‘sha qizning ikki nafar farzandi bor. O‘zi ham bolalari ham sog‘lom. U kishi gaplarimni diqqat bilan eshitdi va yengil tin olib, menga rahmat aytib chiqib ketdi.

Yana o‘qing:  Nonushtaga sut ichish tavsiya etiladi

Demak, har dardning davosi bor, deganlaridek, sil kasalligi ham bedavo emas. Qiz bolalar yoshligida bu kasallikni boshidan o‘tkazib, sog‘ayib ketgan bo‘lsa, ular bemalol turmushga chiqishi va albatta ona bo‘la olishlari mumkin. Muhimi, har birimiz o‘z sog‘ligimizga bee’tibor bo‘lmaylik. Ehtimol, yaqinlarimiz orasida silga chalinganu bundan bexabar kishilar bordir. Zero, hamma ham xastalikning belgilariga e’tibor qilavermaydi. O‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib turish kasallikni erta bosqichlarida aniqlash va uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.

 

Shokir RO‘ZIYEV,

ftiziatr

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: