Tarbiyada hafsala – eng asosiy masala

Ota-onalar farzandining sog‘lom, tarbiyali, har bir ishga mas’uliyat bilan yondoshadigan shaxs bo‘lib kamol topishini istaydi. Bu borada oilaning, qolaversa, jamiyatning o‘rni nihoyatda muhim. Biz uchun qadrli, ammo, tarbiya chog‘ida ko‘pincha urg‘u berilmaydigan fazilatlar ham ana shu ijtimoiylashib borayotgan muhitda shakllanadi. Jumladan, mas’uliyatli bo‘lish hissi. Kimdir uni insonning ulg‘ayish jarayonida, ma’lum shart-sharoitdan so‘ng yuzaga keladi, deb o‘ylasa, yana kimdir bu tushuncha irsiyat omili deya baholaydi.

Shu o‘rinda pedagoglarning xulosaviy natijalariga to‘xtalib o‘tsak: bunga ko‘ra insonning qanday shaxs bo‘lib yetishishi 15 foiz irsiyatga, 40 foiz hollarda muhitga, 45 foiz esa tarbiyaning ta’siriga bog‘liq bo‘lar ekan. Demak, oqil tarbiya hamisha o‘z samarasini beradi. Oila, bog‘cha, maktab esa ana shu tarbiya jarayonida muhim omil vazifasini o‘taydi. Shu o‘rinda Asadbek ismli to‘rt yashar bolakayning onasi aytgan gaplar e’tiborimni tortdi. Uning so‘zlariga ko‘ra bola har safar onasidan qo‘l-oyoqlari tozaligini, dastro‘moli har safar yonida bo‘lishni talab qilar ekan. Bolaning nazdida bo‘lg‘usi harbiy hamisha ozoda va tartibli bo‘lmog‘i shart emish. Ehtimol bu oddiy manzaradir. Ammo bolaning jajji yuragida bo‘lg‘usi kasbning mas’uliyati shakllanib borayotgan bo‘lsa ne ajab. Har bir bolada mas’ullik hissining ilk kurtaklarini payqash qiyin emas. Uni shakllantirish va mustahkamlash esa biz – ota-onalarga bog‘liq. Bu borada pedagoglarning fikri qanday?

– Maktab bolada mas’uliyat hissini mustahkamlaydigan ilk maskan hisoblanadi, – deydi Zangiota tumaniga qarashli 59-umumta’lim maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sohibjamol Xo‘jayeva. – O‘quvchilarning darsga kechikmay kelishi, vazifalarni o‘z vaqtida ado etishi, har doim o‘quv kiyimida bo‘lishi ham ta’limga bo‘lgan mas’uliyatidan dalolatdir. Ammo masalaga bir tomonlama yondashmaslik lozim. Maktabdagi intizom, o‘qituvchining qat’iyati bolaning mas’uliyatini oshiradi. Shu o‘rinda ota-onalarning ko‘magi bilangina maktabda shakllangan jihatlar mustahkamlanib borishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ota-onalarning bu masalaga jiddiy yondashmagani tufayli boladagi mavjud fazilat va qobiliyatni yo‘qqa chiqaradi.

Haqiqatan ham bola jamiyat bag‘rida kamol topadi. Ammo tarbiya borasidagi asosiy talab ota-ona gardaniga tushishini unutmaslik lozim. Zero, “Qush uyasida ko‘raganini qiladi”, deb bejiz aytilmagan. Ba’zida o‘zimiz o‘ylamagan xatti-harakatlarimiz bilan bolaga ozor yetkazib qo‘yamiz. Shu xulosaga kelishimda tanish bir qizaloqni kuzatib borishim sabab bo‘ldi. Birinchi sinfda ta’lim oladigan Arofat ismli qizchaning maktabi uzoqda bo‘lgani bois, kattalar hamisha uni o‘zlari olib boradi. Uy egalarining mas’uliyatsizligi tufayli qizaloq hamisha darsga kechikadi. Har safar bolaning jig‘ibiyron bo‘lishini, hatto bir necha marotaba uy ostonasida kattalarni kutib yig‘laganiga guvoh bo‘lganman. Sababini so‘rab unga taskin berishga urinsang, a’lochi o‘quvchi maktabga kechikmasligi lozimligini bolalarcha kuyunib ta’kidlardi.

Yana o‘qing:  Inson xotirada barhayot yashaydi

Bolada namunali o‘quvchilarga xos mas’uliyat shakllangani kundek ravshan edi. Ammo uzluksiz kech qolishlar odatga aylanib, qizaloq bora-bora maktabiga shoshilmay qo‘ydi… Ba’zida biz kattalardagi illat bolalarimizdagi fazilat va qobiliyatlarni o‘ldirib borayotganini ko‘p ham anglab yetavermaymiz. Bu esa tarbiyaning og‘riqli nuqtasi hisoblanadi.

– Har bir bola o‘zga bir dunyo, – deydi mavzu borasida biz bilan suhbatda psixolog Roziya Niyazimbetova. – Ularning qarashlari, dunyosi biz kattalarnikidan mutlaq farq qiladi. Bolaning qiziqishlari, o‘y-fikrlarini hurmat qilishimiz, ularga ijobiy erkinlik berishimiz lozim. Shuni unutmasligimiz kerakki, shijoati so‘ngan bolaning ruhiyatini yana tiklash mushkul masala.

Psixologning ta’kidlashicha, boladagi aynan mas’ullik hissi uni mustaqil shaxs bo‘lib kamol topishiga zamin hozirlaydi. O‘z xatti-harakatlariga javob berish hissini oshiradi. Bola o‘z orzu-istaklariga yetishishi uchun unga muhim vosita kerak. Mas’uliyat ana shu vositaning asosi hisoblanadi.

Bolani tarbiyalash borasidagi ko‘rsatmalar bo‘lgani kabi, undagi mavjud mas’ullik hissini shakllantirib, uni mustahkamlashda ham psixologlarning o‘ziga xos tavsiyalari mavjud.

Bolangizga ozodalik hayotda muhimligini va tozalik ham salomatlikning asosi ekanligini tushuntiring. Shifokor farzandingizga dori vositalarini belgilagan bo‘lsa, bolangizga uni albatta, o‘z vaqtida ichish kerakligini uqtiring. Bu orqali bolada o‘z sog‘lig‘iga mas’ullik hissi shakllanadi. Farzandingizni bog‘cha va maktabga kechiktirmasdan olib boring. Kechikib borish qanchalar xunuk odat ekanini uning ongiga singdiring. Ruhiyatni doim tetik tutishga o‘rgating. O‘qituvchi topshirgan vazifalar va ko‘rsatmalarni farzandingiz to‘liq ado etishini nazoratga oling. Shuni unutmangki, dars va topshiriqlarga “bo‘laveradi” qabilidagi yondashuv bolaning mukammalashuviga jiddiy ta’sir etadi. Unga xarid qilib bergan narsalar: masalan kompyuter, g‘ildirakli konki, o‘yinchoq mashina kabilarni asrab-avaylagani kabi opa-singil, ota-ona, bobo-buvilarning, yaqin insonlarning qadriga yetib, ularni asrab-avaylash kerakligini uqtiring. Begonalar orasida bir o‘zi qolishi qiyin bo‘lgani kabi, yaqin insonlarsiz ham shu holga tushishi mumkinligini ayting. Pul munosabatida me’yorida bo‘ling. Farzandingizga bu mablag‘ uning shaxsiy mulki ekanini, uni istagan narsalarga sarf etishi mumkinligini ammo, pul jamg‘arib borsa, o‘zi orzu qilgan narsalarni olishiga imkoniyat bo‘lishini tushuntiring. Buning uchun pul jamg‘argich xarid qilib bersangiz ayni muddao. Bordiyu, farzandingiz berilgan pulni tezda sarf qilib yuborgan bo‘lsa, biroz pulsiz qolishini, vaholanki, uni tejab sarf etilsa, bunday vaziyat yuzaga kelmasligi mumkinligini tushuntiring.

Yana o‘qing:  DSENM: Salomatlik yo‘lida sergak

Farzandingiz uyda biror bir jonivorni yoki o‘simliklarni parvarishlash uchun sharoit yaratib bering. Shuningdek, bu gul va jonivorlar farzandingiz ko‘magiga nihoyatda muhtoj ekanini, bola jiddiy e’tibor bermasa ular nobud bo‘lib qolishi mumkinligini misollar bilan so‘zlab bering. Albatta bunday ishlarni bola zimmasiga tashlab qo‘ymasdan unga ko‘maklashish zarur.

Eng muhimi, farzandingizga ishoning va unga ishonishingizni, uni xatti-harakatlari yuzingizni yerga qaratmasligini ta’kidlab turing.

Har bir bolaning fitrati sof bo‘ladi. Uni musaffo rangin bo‘yoqlar bilan boyitish biz kattalarga bog‘liq. Bola asta-sekin bizning fe’l-atvorimizga qarab moslashib boradi. Shunday ekan, farzandingizda mas’ullik hissini singdirib boring. Zero, bu tuyg‘u ortidan kelajakda oila, Vatan va do‘st-yor oldidagi mas’uliyat qaror topib boradi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: