El salomatligini saqlash osoyishta hayot barpo etishdir

Mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar aholi salomatligini saqlash, yosh avlodni sog‘lom insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Bu borada joylardagi davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlarining alohida o‘rni bor. Jumladan, Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani DSENMida bugun 150 nafar xodim O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi va “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlari asosida samarali faoliyat olib bormoqda. Aytish kerakki, bugungi tezkor taraqqiyot davrida soha xodimlaridan aholi salomatligini saqlash borasida yanada mas’uliyatli bo‘lish, ular o‘rtasida tibbiy madaniyatni keng targ‘ib etish, sanitariya talab va qoidalarini qat’iy nazorat qilishni taqozo etmoqda.

– Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida tumanimizdagi 4 ming 510 ta ob’yektning 185 tasida rejali nazorat o‘tkazildi.

DSENM laboratoriyasining barcha bo‘linmalari tomonidan olingan 1863 ta namuna chuqur tekshirildi. Oziq-ovqat mahsulotlari, suv va tuproqning sanitariya talablariga javob bermagan 27 tahliliga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rildi, – deydi markaz rahbari U. Temirov. – Shuningdek, dehqon bozori hududi va bozordan tashqarida, yo‘l va yo‘laklarda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan qo‘lbola oziq-ovqat mahsulotlarining sotilishini ta’qiqlash bo‘yicha sanitariya tavsiyanomalari ishlab chiqilib, ushbu holatni nazorat qilishga malakali mutaxassislar biriktirildi. Olib borilgan tekshiruvlarda oziq-ovqat mahsulotlari orasidan iste’molga yaroqli-yaroqsizligi to‘g‘risida sanitariya xulosalari berib borilmoqda. Bu o‘z navbatida, aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, ovqatdan zaharlanish (botulizm)ning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruvlarda sanitariya me’yor va talablariga javob bermagan holatlar uchun 8 ta ob’yektning ishi vaqtincha to‘xtatildi. Jumladan, tumandagi 25-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tkazilgan sanitariya nazorati tadbirida binoning ta’mirtalabligi, tom qismining yaroqsizligi, muassasa oshxonasining avariya holatida ekanligi aniqlanib, ta’lim maskani ishi vaqtincha to‘xtatildi. 11–va 12-sonli maktabgacha ta’lim muassasi oshxonalaridan olingan bakteriologik tahlil natijalari musbat chiqqanligi sababli ushbu muassasalarda vaqtinchalik zararsizlantirish ishlari olib borildi. Qayta tekshiruvlardan so‘ng oshxonaning ishlashiga ruxsat berildi.

DSENM mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida muntazam davra suhbatlari o‘tkazildi, mahalliy nashrlarda sanitariya targ‘iboti bo‘yicha maqolalar chop etildi.

Bundan tashqari shahar tez tibbiy yordam bo‘limining toza bog‘lov xonasi, kardiologiya va muolaja xonalaridan olingan namunalarning tahlili musbat natija berganligi sababli vaqtincha yopildi. Xonalar zararsizlantirgandan so‘ng ularning faoliyat ko‘rsatishlariga ruxsat etildi.

Yana o‘qing:  Qutlug‘ yoshli qizaloq

Yaxshi bilamizki, korxona va muassasalarda faoliyat ko‘rsatadigan xodimlar, eng avvalo, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishlari lozim. Chunki bu aholi salomatligini saqlash va turli kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. DSENM xodimlari tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida ishlab tuamndagi chiqarish ob’yektlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan ana shunday 57 nafar ishchi-xodim aniqlanib, ular ishdan vaqtincha chetlatildi.

O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi yuzasidan markazga kelib tushgan murojaatlar o‘rganiladi va ularga vaqtida javob xati yo‘llanadi yoki tegishli chora-tadbirlar belgilanadi. Joriy yil markazga yuborilgan 8 ta yozma va 2 ta og‘zaki murojaatlarning barchasi ko‘rib chiqilib, tegishli tartibda qanoatlantirildi.

Tumandagi mavjud aholi o‘rtasida virusli gepatit kasalligining A turi bilan joriy yilning 6 oyi mobaynida jami 123 ta kasallik qayd etilgan.

A gepatiti kasalligining oldini olish maqsadida 1,5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 768 nafar bola emlandi.

Aholi o‘rtasida zahm, meningokokk, epidparotit, salmonellyoz kasalliklarini oldini olish bo‘yicha olib borilgan targ‘ibot ishlari va ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 3 yil mobaynida tuman aholisi o‘rtasida ushbu xastaliklar qayd etilmadi.

Ayni paytda tumanda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 36-sonli buyrug‘iga asosan 0-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida sil, virusli gepatit B, ko‘kyo‘tal, difteriya (bo‘g‘ma), qoqshol, qizamiq, qizilcha, epidparotit, pnevmokokk va rotoviruslar keltirib chiqaruvchi kasalliklar bo‘yicha ham Milliy emlash kalendariga binoan chora-tadbirlari oshirilmoqda. Ushbu kasalliklarga qarshi vaksinalar davlat byudjeti hisobidan doimiy ravishda ta’minlanmoqda.

Muhimi, olib borilayotgan ishlar aholi salomatligini saqlash, barkamol va sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Maryam AHMEDOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: