Daxldorlik hissi bilan yashash har birimizning muqaddas burchimizdir

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasini katta hayajon va qiziqish bilan tingladik. Yurtboshimizning ma’ruzasi har galgidek, chin yurakdan chiqdi.

O‘z xalqini sevadigan, uning buguni va ertasi haqida qayg‘uradigan, haqiqiy vatanparvar, chinakam adolatparvar davlat rahbarining ma’ruzasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan juda muhim vazifalarni o‘rtaga qo‘yarkan, bu muammolarni bartaraf etishning yolg‘iz yo‘li adolat bilan, yuksak vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yashash, erta-yu kech ona Vatan, fidoyi xalqimizning manfaatlarini o‘ylab, ishlarni tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Murojaatnomada Prezidentimiz barcha sohalarning bugungi holati bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini aytib o‘tdi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan adolatli qaror chiqarish, yosh avlod ongini har xil zararli axborotlardan asrash lozimligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda, bosqichma-bosqich rivojlanish yo‘lini takomillashtirib, zamonaviy taraqqiyot sari dadil odimladik. Shiddatli zamonga munosib bo‘lish, xalqaro hamjamiyatda Vatanimiz nufuzini yanada oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu borada xalq bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni atroflicha o‘rganish, tizimli hal qilish yo‘lidan borildi. Aholi ehtiyojlari, elimizning orzu-maqsadlari har bir loyihada Prezidentimizning diqqat markazida bo‘ldi.

Hech kimga sir emas, o‘zbek xalqi bolam deb yashaydi. Barcha orzu-intilishlari, kelajak umidlari zamirida o‘z farzandining kamoloti, baxtu iqbolini ko‘rishdek umumniyati jamuljam bo‘ladi. Shunday ekan har bir ota-ona jigargo‘shasi shu Vatanga, shu xalqqa beminnat xizmatkor bo‘lishini istaydi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Prezidentimiz esa bularni inobatga olib, har bir bolaning qiziqishiga mos shart-sharoitlar yaratib berishga bel bog‘ladi. Xususan, sportni yanada rivojlantirish, farzandlarimizning adabiyot va san’atga mehrini oshirish borasida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtasham sport inshootlari, ulug‘ yozuvchi va shoirlarimiz nomidagi ijodkor yoshlar maktablari tashkil etilayotgani fikrimiz tasdig‘idir. Bugun guvoh, kelajak shohid. Hali bu yoshlar ulug‘ allomalarimiz izidan borib, Al Beruniy, Xorazmiy, Hazrat Navoiydek dunyo ilmu fani, adabiyoti va san’atida o‘zining munosib o‘rnini egallaydi.

Bunday tarixiy murojaatnoma mamlakatimiz hayotida birinchi marta ro‘y bermoqda. Bu esa xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Yurtboshimizning har bir gapi, teran fikrlari va o‘rtaga tashlagan muammolari zamirida faqat va faqat bir maqsad – Vatanimiz qudratini oshirish, xalqimizning farovon yashashini ta’minlash yotgani barchaga ayon. Buning uchun esa barcha rahbarlar qatori xalqimiz, har bir O‘zbekiston fuqarosi mas’ul. “Sog‘lom avlod uchun” fondi ham mazkur murojaatnomadan kelib chiqib, bundan keyingi ishlar samaradorligini yanada oshirish niyatida. Jumladan, fond ona va bola salomatligini ta’minlash, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga ko‘mak berish, ular sog‘lig‘ini asrash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish yo‘lidan og‘ishmaydi. Kelayotgan 2018 yilda ham turli tanlovlar, tibbiy ko‘riklar tashkil etish, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, olis va ekologik noqulay bo‘lgan hududlarga ijtimoiy va tibbiy ko‘mak qo‘lini cho‘zish ishlarini yuqori saviyada tashkil etamiz. Bir so‘z bilan aytganda “O‘zbekistonning har bir bolasi mening bolam”, degan umuminsoniy shiorga amal qilib, ular salohiyatini yuksaltirishga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

Yana o‘qing:  Oilaviy quvonch olib kelgan yil

Maqsadimiz sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish. Bu yo‘lda “suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib” o‘tishga tayyormiz. Zero, daxldorlik hissi bilan yashash har birimizning muqaddas burchimizdir. Burch esa albatta bajarilishi shart.

25 dekabr kuni esa Prezidentimizning “2018–2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Bu, avvalo, xalqimizni xursand qildi. Ushbu huquqiy hujjatda belgilab berilgan vazifalar har tomonlama sog‘lom avlodni tarbiyalashda bosh omil bo‘ladi. Uning amalga oshirilishida esa “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham mas’ul qilib biriktirilgani bizni yanada mas’uliyat bilan ishlashga undaydi. Xususan, olib borilayotgan ishlar yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali skrining markazlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga xizmat qiladi. Bunday yuksak shart-sharoitlar homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy ko‘p tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tug‘ishdan oldin ommaviy ravishda tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarni genetik sindromlarga biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan homilada tug‘ma va irsiy kasalliklar profilaktikasi va barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirishga imkon yaratadi.

Qolaversa, laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, shu jumladan, homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlarga tashxis qo‘yishda sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etishga ko‘mak beradi.

Shuningdek, bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va shifobaxsh ozuqalar bilan ta’minlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish ham oldimizda turgan mas’uliyatli vazifalardan biridir.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimiz ulkan salohiyatga ega. Imkoniyatlarni to‘liq namoyon etish uchun sidqidildan mehnat qilish talab etiladi. Xususan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz”.

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya

fondi Boshqaruvi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: