Boy berilgan vaqt

Ijtimoiy tarmoqlardagi til o‘rgatuvchi kanallarning maqsad-muddaosi nima?

 

 Yaqinda xorij tillarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan biridagi “til o‘rganamiz” nomli kanalga a’zo bo‘ldim. Avvaliga hammasi risoladagidek edi: har kuni yangi so‘zlar, iboralar, qisqa matnlar orqali onlayn darslar olib borildi. Qolaversa, kunlik mashg‘ulotlardan audio va video darslari ham o‘rin olgan.

Ammo, biroz vaqt o‘tgach, kanal sahifalarida turli mahsulotlar va xizmat turlarining reklamalari, havolalar orqali boshqa kanallarning manzillari paydo bo‘la boshladi. Bunga bir e’tibor qiling: “Salom Telegram yoki IMO narsalan o‘rgataman KASPIM shifoko HohlovCHILAR uchun grupa KRIN SUXBATLASHAMZ”, “DIQAT! TELEGRAM Tarmog‘ida Ilk Bor Bunaqasi Xali Bo‘lmagan UZBEK SHOU BIZNES Yulduzlarining VIDEO Va Rasmlari VIDEO 100% BOR TANLANG!”, “Qizlarimiz uchun maxsus Sevgi kanalimiz”… Eh-he, bu manzillarni davom ettirsak, adog‘iga yetolmaymiz. Havolalardagi qo‘pol imloviy xatolarni-ku aytmay qo‘yaqolay. Afsuski, bunday kanallar men kabi til o‘rganmoqchi bo‘lgan qancha-qancha yigit-qizlarning oltindan qimmat vaqtlarini behuda sarflanishiga sababchi bo‘lmoqda.

Bugun axborot almashish shu darajada tezki, dunyoning narigi nuqtasida sodir bo‘layotgan hodisadan internet orqali soniyalar ichida xabardor bo‘lish, hatto, voqealar rivojini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoni mavjud. Bu borada internet eng yaqin ko‘makchiga aylandi. Xalqaro tarmoqning afzalliklariga ko‘z yummagan holda shuni aytish kerakki, ayni payt onggi hali to‘la shakllanmagan ayrim g‘o‘r yoshlarimiz internetga “uya qurgan” yovuz niyatli insonlarning buzg‘unchi g‘oyalariga aldanib, ona Vatani, yaqinlari yuziga oyoq qo‘ymoqda. Dunyoning notinch mamlakatlarida sodir bo‘layotgan qo‘poruvchilik harakatlari ishtirokchisiga aylanib, begunoh insonlar qonini to‘kmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli asossiz axborotlar yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib, ularni turli huquqbuzarliklar sodir etishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan axborot almashinuvi yashin tezligida kechayotgan, turli g‘oya va madaniyatlar o‘rtasidagi kurash avj olgan bugungi davrda farzandlarimiz ongini asrash, ularning tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etadi.

Nottingem Trent universiteti olimlari “kishi ruhiy xarakteristikasi, shaxs tipi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish” mavzuida olib borgan tadqiqotlar natijasida internet foydalanuvchilarining ayrimlarida ruhiy xuruj sindromi mavjudligini aniqladi. Bir necha yil avval Suonsi universiteti olimlari ham internetdan foydalanishni to‘xtatgan kishilar ruhiy xurujdan aziyat chekishini ma’lum qilgandi. Ya’ni, bu tarmoqqa juda ko‘p vaqtini sarflovchi kishilar mobil qurilmadan foydalanishni to‘xtatganda, tashvishli holatga tushib qolishi va ruhiy holatdagi o‘zgarishlar real jismoniy o‘zgarishlar bilan birga kechishi aniq bo‘ldi.

Yana bir gap. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari istamagan holda o‘zini tarmoqning boshqa foydalanuvchilari bilan taqqoslaydi. shu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar natijasida ushbu omil kishilarda tushkunlik, ijtimoiy yakkalanish hissini yuzaga keltirishi aniqlandi.

 

Yana o‘qing:  OILA – JAMIYAT KO‘ZGUSI

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar orqali ijtimoiy tarmoqlardan hech qanday naf yo‘q, deyish fikridan yiroqmiz. Aytmoqchimizki, axborot telekommunikatsiya vositalaridan to‘g‘ri va oqilona foydalansangiz, eng avvalo, o‘zingizga yaxshilikni ilingan bo‘lasiz.

 

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: