Arazchi bolalar. Maslahat, tanbeh berishga shoshilmang!

Bolalar uch yoshgacha o‘zlari uchun muammoli vaziyatlardan tez chiqishadi, to‘g‘rirog‘i, osongina unutib yuborishadi. Biroq, ulg‘aya borgach, bog‘cha va maktabda tengdoshlari bilan muloqotga kirishadi. Endi bola tashqaridan o‘ziga diqqat-e’tibor talab qila boshlaydi.

Agar bu yetarli darajada bo‘lmasa yoki bolaga umuman ahamiyat berilmasa, o‘rtada araz, gina paydo bo‘lishi mumkin. Ota-ona boladagi ichki norozilik aynan qaysi vaziyatda tug‘ilganini ko‘p hollarda anglolmay qiynaladi. Bu esa yig‘ilib, katta muammoga aylanadi.

Bog‘cha yoshidagi bolalar o‘rtasidagi ziddiyatlarning eng oddiylari sirasiga o‘yinchoq talashish, bir-birining jig‘iga tegish, laqab qo‘yish kabilar kiradi. Bunday paytlarda doimo kattalarning g‘amxo‘rligini tuygan bolakaylar ruhiyatida shok holati yuzaga keladi. Ba’zi kichkintoylar o‘z noroziligini ochiq-oydin bildiradi, uni xafa qilganlar kechirim so‘rashlarini kutadi. Atrofdagilarning tavba-tazarru qilmasligi arazni yanada chuqurlashtiradi.

Endi vaziyatni sal boshqacharoq misol bilan tahlil qilib ko‘ramiz. Bola bog‘chaga kelib, o‘ynab o‘tirgan tengdoshlarini ko‘radi. Ularga qo‘shilib o‘ynashga harakat qilmay turib, unga shunchaki e’tibor berishmagani uchun arazlab, xarxashani boshlaydi. Vaziyat yaxshilab tahlil qilinsa, ushbu holatda u besabab xafa bo‘layapti va bunda o‘zgalarni ayblayapti. Bu yerda biz o‘rganmoqchi bo‘lgan muammoning ildizi yotadi. U ham bo‘lsa, o‘z-o‘zini baholashdir.

Arazchi kichkintoylarning eng xarakterli belgilaridan biri boshqa bolalarning muvaffaqiyatini ko‘ra olmaslikdir. Bunday farzandning oldida birov maqtalishini, eng yomoni, kim bilandir solishtirganda uning tarozi pallasi bosmasligini katta iztirob bilan qabul qiladi. Bunday bolalar doimiy maqtov, ijobiy baholanishga muhtoj bo‘lishadi. Basharti bu uning ko‘nglidagidek yuz bermas ekan, o‘z-o‘zi bilan bo‘lib, kechinmalari ichida o‘ralashib qoladi, faqat kim yaxshi-yu kim yomonligi haqida o‘ylaydi, hamma vaziyatlarda o‘zini haq deb biladi. Bunday haddan ortiq araz asosida bolaning o‘ziga nisbatan ishonchi kamligi yotadi.

Ko‘pgina ota-onalar arazchi bolaning gap ko‘tara olmasligi, ko‘ngli nozikligini hisobga olib, uni ko‘proq maqtashga, tengdoshlaridan ustunligini isbotlashga harakat qilishadi. Biroq bu bilan muammo to‘liq hal bo‘lmaydi. Har qanday baho bolaning diqqatini fe’lidagi u yoki bu xislatga qaratishga, o‘zini hamisha boshqalar bilan taqqoslashiga sabab bo‘lishi mumkin. Oqibatda farzand atrofidagi bolalarni o‘ziga nisbatan raqobatdosh sifatida qabul qiladi.

Demak, arazchilikni yengishda ota-onaning farzandini noreal baholamasligi va o‘zgalar bilan taqqoslamasligi eng birinchi shart hisoblanadi. Bu gapirishga oson, ammo maqtov va tanbeh berish tarbiyaning odatiy usuliga aylanib bo‘lgani sababli ham amal qilish nihoyatda qiyin.

Afsuski, ko‘pgina ota-onalar o‘z mehrini dilbandini maqtash bilan ifodalashga harakat qilishadi. Bu bolakayni hamisha o‘z qadrini bildirib qo‘yuvchi, afzalligini ko‘rsatuvchi tadbirlarni yuk sifatida qabul qilishiga olib keladi.

Yana o‘qing:  Choy daraxti ekstrakti infeksiyalardan himoyalaydi

Shunday tarbiya usullarini olib borsangiz, farzandingiz yaqin orada arazchilikni tashlab, optimist va xushmuomala bo‘lib qolganini sezasiz.

 

Ota-onalar uchun eng muhim qoidalar:

– Farzandingiz bilan hamkorlik o‘rnating. Yuragidagi tug‘yonlarni bildirishiga imkon bering.

– Bola bilan dildan suhbatlashing. Arazining sababini ifodalashiga ko‘maklashing, yuz-ko‘ziga diqqat bilan razm soling. Xohish­larini og‘zaki ifodalashiga yordam bering.

– Farzandingizdagi ta’sirchanlikni so‘ndirishga harakat qilmang. Kerak vaqti o‘z hissiyotlarini tashqariga chiqarishga imkon yarating. So‘ng o‘tirib u bilan bafurja gaplashing.

– Avval unga diqqat bilan quloq soling. Ba’zan “Seni tushunaman. Menda ham shunday bo‘lib turadi”, deyishning o‘zi ham kifoya qiladi.

 

Avval vaziyatni to‘liq tushunib oling, so‘ng unga tushuntiring. Bolaga olabo‘ji aslida yo‘qligini ming tushuntirmang, baribir ulardan qo‘rqsa, bu barcha harakatlaringiz zoye ketdi, degani. Avval farzandingizning ishonchini qozoning, so‘ng mantiqiy va’zni boshlash mumkin.

 

Psixolog Valentina KIM tavsiyalari asosida Dilnoza UMAROVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: