Vatan tuyg‘usi

Tinchlikning yana bir totli tongi otdi. Quyosh shu’lalari yuzimda o‘ynab, shiringina uyqumni uchirib yubordi. Yurtimda boshlangan har bir kun men uchun yanada totli, yanada qadrli bo‘lib bormoqda. Buning sababi esa, men anchadan buyon qidirib yurgan bir savolning javobini topganimdan bo‘lsa kerak…

Hovlimizdagi ayvon ustunlariga har yili qaldirg‘ochlar in qo‘yib, bola ochadi. Butun mavsum ularning vijir-vijir aytgan qo‘shig‘ini tinglab har tongim otadi va kunim botadi. Kuz kelgach, ular bilan xayrlashib, biz ayvondan uy ichiga ko‘chamiz, ular esa janubga uchib ketishadi. Qiziq, janubda, ular uchib boradigan o‘lkalarda yil – o‘n ikki oy issiq havo hukm sursa ham ular yurtimizda kezgan bahor nafasini sezib, yana ortga – qadrdon ayvonidagi qadrdon iniga qaytadi. Janubda emas, shu ayvonda bola ochadi. Ularni ulg‘aytirib, uchirma qiladi. Qushlarni har yili shu yerga qaytib kelishiga undovchi kuch nima? Nega aynan ular shu yerda bola ochadi? Har holda gap to‘kinlik va to‘qlik sabab emasdir. Axir tirik jon borki, yaratgan Egam uning rizqini qayerda bo‘lmasin berib turadi.

Amakim bolalikdan butun mahalla ahli faxrlanib yuradigan bola bo‘lgan ekan. Ulg‘aygach, oliy o‘quv yurtini tamomlab o‘zimizga qaytadi, deb keksalar rosa ilhaq bo‘lishgan ekan. Biroq amakim institutni tamomlagach, parvozga shaydo qush kabi keng ufqlar tomon intilish hissini jilovlay olmay, boshqa mamlakatga omadlarini sinash uchun ketibdi. Oradan yana yillar o‘tib, ular o‘zlari istagan mavqe, o‘zlari istagan obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lib, olis yurtning ko‘chalarida mag‘rur kezib yurganlarida nogahon qoqilib tushibdi. Jarohatlari tez bitgan bo‘lsa-da, qalbda paydo bo‘lgan yaraga malhamni faqat va faqat ona yurtida topajaklarini sezib ortga butunlay qaytibdi. “Mana shu o‘nqir-cho‘nqir, tosh ko‘chalarda necha bor yugurib-elib yurib biror marta yiqilmadim, yiqilgan bo‘lsam-da hech ham malol kelmagan ekan. Faqat o‘z yeringda har bir daqiqada halovat va lazzat topishimni o‘zga yurtga borganda his qila boshladim. U yerda kattiq yiqilmadim, biroq juda malol keldi, judayam…” – deydi amakim.

Endi meni qiynagan savolga kelsak, bu siz uchun oddiydek tuyulishi mumkin. Vatan nima? Vatan qanday? U qayerda? Men ko‘p kitoblardan javob izladim. Shuni bildimki, bu savolga o‘z qalbimdan javob topmas ekanman, Vatanni his qilish baxtini menga hech bir kitob o‘rgata olmaydi.

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2015-8)

Yaqinda bir hikoya yozdim. U o‘zimga juda yoqdi, biroq ehtiyotsizlik qilib kompyuter xotirasidan o‘chirib yuboribman. Men yozganlarimni hech qachon qog‘ozda saqlamasdim. Ko‘proq kompyuter xotirasiga ishonardim. Keyin bu odatimdan juda afsuslandim. Yozganlarimni qayta xotiramda tiklashga urindim, biroq har safar kiritgan o‘zgartishlarim chiroyli libosga “yamoq” bo‘lib tushar, bundan diqqatim oshib, miyamdagi fikrlar xuddi tutun va dud ichida qolgandek bo‘lardi. Shunda ukam ish stolimga ikki dona atirgul uzib keltirib qo‘ydi. Aytishicha, uning hidi mening “ilhom parilarimni” chaqirar ekan. Derazamni ochib yubordim. Yozning dim havosi bilan to‘lgan xonaga salqin havo va mayin shamol kirdi. Xonani gullar isi tutib ketdi. Kim biladi, bu daydi yellar qaysi tog‘ gullarining iforini o‘g‘irlab kelgan ekan?!

Derazadan asta tashqariga, hovlimizga qaradim. Ariqchadan jilolanib-jilolanib oqayotgan suvda to‘lin oy aksi ko‘rinadi. Hovli chetidagi teraklarning bargi shamol bilan raqsga tushar, kun bo‘yi chirqillab sayrab yurgan mahmadona chumchuqlar daraxt shoxlaridagi uyasida orom olishmoqda edi. Maysazordagi chigirtkalar va ariqlardagi qurbaqalar jo‘r ovoz bo‘lib, “oqshom simfoniyasi”ni kuylashmoqda. Oqshom o‘z o‘rnini ajib tunga bo‘shatdi. Bularni tomosha qilib ish stolimdagi ukam keltirgan atirgullarni hidladim, shunaqayam xushbo‘yki, uning tasirida xayolimga ajoyib fikrlar quyilib kela boshladi. Nihoyat yoza boshladim…

Vatanni anglashimga sabab ana shu voqea edi. Mening xotiramdagi fikrlar, yuragimdagi hislarning uyg‘onishiga sababchi bo‘lgan turtki nimaligini o‘shanda bilmagan ekanman. Yo‘q, bilmadim, buni o‘sha gullarning ifori deb o‘yladim, biroq bu gullar ifori aslida ona tuproqning menga yetkazgan ilhombaxsh mujdasi ekanini tushunib yetdim. Quchog‘imga sig‘mas yurtimni ko‘z qorachig‘imga jo etib, endi qayerda bo‘lmay uning taftini, mehrini his qilaman. Uni gullar iforida, qushlar sayrog‘ida, shamol qanotlarida, yomg‘irning bir tomchisi, daraxtning har bir bargida, suvning har qatrasiyu qumning har zarrasida, ona xalqimning mehr to‘la nigohiyu qadoq qo‘llarida sezaman. Bu yerda olgan nafasim vujudimga orom beradi. Ichgan har qatra suvim tomirlarimga hayot baxsh etadi. Yuragimning har urishida unga bo‘lgan muhabbatim uchqunlari sachraydi. Vatan sizu bizga hayot bergan onamiznig bag‘ridek taftli, Vatan dunyo qadar keng-u, lekin ko‘z qorachig‘iga jo bo‘lgan borliq, Vatan – jon tomirimiz suv ichadigan hayot bulog‘i, u qalbimizda, yuragimizda.

Yana o‘qing:  Ertak aytishni bilasizmi?

Dilsora ABDUSATTOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: