Do‘stlikning sharti

Qo‘shnim Anvarni qachon ko‘rmay nuqul To‘rtko‘zni mahallada yetaklab yurgani-yurgan. Atrofiga bolalarni yig‘ib olardi-da, ularga tozi iti bilan maqtanardi. Ba’zida bu odati jig‘imga tegsa-da, ochig‘i unga chindan havasim kelardi.

Ayiqdek bahaybat, ranglari ham qo‘ng‘ir tusli, shalpang quloqlari o‘ziga yarashgan, ustiga-ustak o‘rgatilgan, aqlli iti bo‘lishini kim ham xohlamaydi, deysiz. Ayniqsa, Anvarning To‘rtko‘zga yumush buyurganida, odamlardek uni tushunib, bajarishi hammamizni hayratga solardi. To‘rtko‘z boshqa itlarga sira ham o‘xshamasdi. Uning bir ajoyib odati bor – konfetni juda yaxshi ko‘radi. Shuning uchun mahallaning bolalari unga atab turli konfetlarni saqlab qo‘yishar, Anvar itini o‘ynatishga ruxsat berishi uchun konfetlar bilan uni siylashardi. Mug‘ombir Anvar esa iti bahona konfetlarni o‘zi “paqqos” tushirardi. Bobom esa bizni koyigani-koyigan: – Itga hadeb konfet beraverish yaxshi emas, – der edi. To‘rtko‘zga nisbatan bizdagi avvalgi qo‘rquv bora-bora mehrga aylandi. Unga juda ham o‘rganib qolgandik.

Ammo keyingi paytlarda negadir mahallaning erkatoyiga aylanib ulgurgan to‘rt oyoqli do‘stimiz ko‘rinmay qoldi. To‘rtko‘zdan xabar yo‘q. Anvardan so‘rasak durustroq javob bermasdi.

– Eh, pulim ko‘p bo‘lganida edi, – dedi menga jiddiy ohangda do‘stim Sardor.

– Nega unday deysan?

– To‘rtko‘zni o‘zim sotib olardim. Keyin ikkimiz birgalashib maktabga borardik, o‘ynardik.

To‘g‘risini aytsam, do‘stim Sardornikidek niyat menda ham yo‘q emasdi. Endichi, endi esa To‘rtko‘z yo‘q. Unga atalgan konfetlarim ham anchagina yig‘ilib qolgan edi. Bobom ham uni sog‘inganimni angladi chog‘i asta yonimga kelib, sovuq ohangda – Qo‘yaver ketgani yaxshi bo‘ldi. Senlarga qolsa, unga konfet beraverib, kasal qilib qo‘yardilaring, – deb qo‘ydi…

Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng darvoza zarb bilan taqilladi. Tashqariga chiqsam, Sardor, rangi-quti o‘chgan, o‘zi esa bir ahvolda.

– Yur, tez bo‘l, senga bir narsani ko‘rsataman, – deya meni mahallamizning sal narirog‘idagi jarlikka boshladi. Do‘stimning ortidan ergashdim. Jarlik qiya bo‘lib, quyida suv oqib o‘tar, unga yetmasdan esa katta tut daraxti tarvaqaylab o‘sib, keng shoxlarini suvga to‘shagandi. Shoxlarining quyuqligidan daraxt poyi ko‘rinmasdi. Sardor mayda toshlar bilan sirg‘ala-sirg‘ala asta pastga tushdi va menga imladi. Ortidan tushdim. Birdaniga achchiq qo‘lansa hid dimog‘imga urildi. Shunda ahyon-ahyonda mahallamizga kelib turadigan bu yoqimsiz hid shu yerdan chiqayotganiga amin bo‘ldim. Sardor biroz holatimni tushundi chog‘i, tutning quyuq shoxlarini surib asta ochdi-da menga daraxt tagidagi hurpaygan narsani ko‘rsatdi. U To‘rtko‘z edi…

Yana o‘qing:  KONSTITUTSIYa – YOSH MUSAVVIRLAR NIGOHIDA

…Uyga qaytarkanmiz, Sardor ikkimiz bir-birimizga bir so‘z ham aytmadik. Bechora To‘rtko‘zning ahvolini eslarkanman dimog‘im achishib, ko‘zimda yosh qalqidi. Ammo buni Sardorga bildirmaslikka harakat qildim.

Itning qorni shishib ketgan, oyoqlarini uzatganicha ayanchli holda jonsiz uzala yotar, o‘ziga yarashgan pahmoq junlari hali ham jilosini yo‘qotmagan edi. Uni ko‘rib, bobomning so‘zlari yodimga tushdi. “…konfetni ko‘p beraverma…” ehtimol biz konfetni ko‘p berganimizga To‘rtko‘z o‘lib qoldimikin deb o‘yladim… Meni kechir, To‘rtko‘z.

– Hozir borib Anvarni rosa do‘pposlayman. Sardorning jahl ohangidagi so‘zlari xayolimni buzib yubordi. – To‘rtko‘zni u o‘ldirgan. Nuqul, bechorani qorniga tepgani-tepgan edi. Uch-to‘rt kun avval uyida bechorani rosa urayotganini ko‘rgandim. Hozir boramanda, men ham boplab qorniga tushiraman.

Uyga keldim. Darvoza yonida xo‘rsinib endigina ichkariga kirishga oshiqayotganimda bobom menga peshvoz chiqdi. Ahvolimni sezganday, asta so‘radi: – Qayerda eding?

– Jarda, tut tagida. U yerda To‘rtko‘z o‘lib yotibdi.

Bobom javobimga ajablandi chog‘i menga ma’noli tikildi-da, asta yonimga o‘tirdi. Qo‘llarini yelkamga qo‘yib, gap boshladi: – Senday paytlarimda bir itim bo‘lardi. O‘zi ham juda aqlli edi jonivor. Unga mehrim bo‘lakcha bo‘lgan. Qisqasi, u bolalikdagi do‘stim edi. Nima bo‘ldi-yu, u… Eh! Shunda bobom yonimga kelib, kichik do‘stim oldidagi do‘stlik burchini ado etishimni qattiq uqtirgan. Bu do‘stlikning so‘nggi burchi deya tayinlagan. Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Bo‘lib o‘tgan voqea yodimdan ham ko‘tarildi. Ammo, bobomning do‘stlik borasidagi o‘giti esimdan hech ham ko‘tarilgani yo‘q. Uning hurmatini joyiga qo‘yib, oyoq ostida qolmaydigan bir chekkaga ko‘mgandim. Chunki, bobom menga do‘stni boru yo‘g‘ida ham hurmatini joyiga qo‘yish kerakligini uqtirgandi…

Bobomning so‘zlarini tinglar ekanman, Sardor bilan ikkimiz To‘rtko‘z oldidagi do‘stlik shartiga sodiq qolganimizdan ko‘nglim biroz taskin topdi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: