Xotin-qizlar muammolari o‘z yechimini topmoqda

Joriy yilning 15 iyul kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi litseyda Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari sayyor qabul o‘tkazdi.

Tadbirda ishtirok etgan ayollar turmushida ko‘p qiynalgan, muammolarini aytib, boshini ko‘p eshikka urgan, biroq hech qanday natija chiqmagach, yashash uchun kurashga bel bog‘lagan, hayotning barcha achchiq-chuchugini totgani sir emas. Shu tufayli avvaliga suhbat unchalik qovushmagan bo‘lsa-da, birozdan keyin ularning yuz-ko‘zlarida ishonch va samimiyat aks eta boshladi. Uchrashuvga kirib kelayotgan ayollar: “Nahotki bizni ham o‘yladiganlar bo‘lsa..? Rostdan ham muammolarimiz hal bo‘larmikan”, deya hayratlanishdi. Ularning gap-so‘zlaridan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillariga nisbatan ishonchi ortayotgani seziladi.

Shuni ta’kidlash joizki, endilikda aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Band­lik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekis­ton Respublikasi Prezidentining 16 iyuldagi “Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilgan.

Qarorga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘mak­lashish davlat jamg‘armasi uchun 2018 yilda Respublika byudjetiga qo‘shimcha tushumlar hisobiga 150 milliard so‘m ajratiladi. 2019 yildan bosh­lab esa byudjet parametrlarida 300 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha mablag‘lar ajratish nazarda tutiladi. Shuningdek, 2018 yil 15 iyuldan boshlab Mehnat organlari xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jamg‘armasi mablag‘larini shakl­lantirish manbalari Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasining Mehnatni rag‘batlantirish jamg‘armasiga ajratmalari hajmlarining 5 foizdan 10 foizgacha oshirilishi hisobiga kengaytiriladi. Qarorga ko‘ra birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uni olgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida soliq to‘lashdan ozod etiladi.

Ikki kunlik qabul jarayonida avvaliga O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi vakillariga ishonchsizlik bilan qaragan ayollarning ko‘pchiligida o‘ziga, kelajagiga ishonch uyg‘ondi. Hatto, erkaklar ham ushbu tadbirga kelib, o‘z muammolarini o‘rtaga tashladi. 175 nafar ayol, 20 nafar erkak tomonidan jami 195 murojaat tinglandi. Ularning aksariyati uy-joy, bandlik, tibbiy yordam, pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma kabi hujjatlarni olish va rasmiylashtirish, kredit olish, dori-darmonlar bilan ta’minlash, oilaviy kelishmovchiliklar, nogironligi bo‘lgan ayollarga yordam, huquqiy masalada advokat ko‘magiga muhtojlik masalalari bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarishdi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

 

Tanzila NORBOYEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari,

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

– Biz bu ayollarning ko‘ngliga yo‘l topishimiz kerak. Shundagina ular o‘zlarini qiynayotgan muammosini aytishadi. Hayot qiyin­chiliklari ularni shunday yashashga majbur qilib qo‘ygan. Mana endi ularning yuragidagi gaplar ochilyapti, bizga ishonib dardini aytayapti. Hayotdan noroziliklari endi yuzaga chiqayapti. Agar ular qo‘polroq gapirsa, bundan xafa bo‘lish kerak emas. Qarang, aksariyatining na uyi, na propiskasi bor. Bu ayollar qayoqqa borsin, axir? To‘g‘ri, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bir kunda hal etish qiyin kechar, biroq murojaat qilgan har bir ayolning muammosi hal etilishini qat’iy nazoratga olishimiz zarur.

Shu kungacha ham O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ana shunday muloqotlar uyushtirilib, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlaridan Toshkent shahriga kelgan 150 nafar xotin-qizlarning muammolari sabablari aniqlangan edi. Bu ayollarning aksariyati davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan, xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, imtiyozli kreditlar va tomorqa xo‘jaliklaridan maqsadli foydalanish, bandlikni ta’minlash kabi sohalarda belgilangan imtiyozlardan xabardor emasligi ma’lum bo‘lgandi. Ushbu tadbir jarayonida ham shunday holat ko‘zga tashlandi. Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda mazkur sohadagi chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish maqsadida barcha viloyatlardagi norasmiy yollanma ishchilar to‘plangan joylariga ish izlab kelayotgan xotin-qizlar bilan muloqotlar o‘tkazish, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bu kabi ishlar zamirida ming­lab ayollarimizning manfaati va haq-huquqlarini himoya qilishdek ezgu amallar yotibdi. Ularning har birini jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topish borasiida amalga oshirilgan ushbu tadbir bardavom bo‘lishini hamda munisalarimiz doimo e’zoz va ardoqda bo‘lishi uchun tizimli ishlar soni va salmog‘i yanada ortishini niyat qilib qolamiz.

 

Sulaymon HAYDAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: