Janubiy koreyalik shifokorlar Andijonda bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi

Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti “Severance” gospitali shifokorlari Andijon viloyatida bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi sohaga oid davlat dasturlari ijrosi doirasida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Masalan, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Janubiy Koreyaning “Save the Children” xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o‘rnatilgan hamkorlik samarasida tug‘ma yurak nuqsoni, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, teri kuyish asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bir guruh bolalar bepul sog‘lomlashtirildi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Koreya Respublikasining Yonsey universiteti “Severance” gospitali o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bemor bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasalligi og‘ir deb topilgan bolalar jarrohlik amaliyoti yordamida davolandi.

– Janubiy koreyalik shifokorlar tomonidan 5 kun davomida tug‘ma yurak nuqsoni, terida kuyish asoratlari, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, lab-tanglay xastaliklari bor bemorlar, asosan bolalar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori Tursunboy Berdirahmatov. – Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 35 bola yurtimiz shifokorlari bilan hamkorlikda plastik operatsiya qilindi.

– Maqsadimiz O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashish, mahalliy shifokorlar bilan tajriba almashish va hamkorlikni yanada kengaytirishdir, – deydi Yonsey universiteti professori Pak Buyong Yun. – Yurtingizda, ayniqsa, tibbiyot sohasida salmoqli yutuqlarga erishilgan. Kelishuv doirasidagi o‘zaro hamkorligimiz ijobiy samaralar berishiga ishonaman. Guruhimiz shifokorlari andijonlik tajribali mutaxassislar bilan muloqotlar o‘tkazgani ikki tomon uchun ham birday foydali bo‘ldi.

Tibbiy ko‘rik davomida xorijlik shifokorlar tomonidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi, bir guruh bemorlarga bepul dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi.

Faxriddin UBAYDULLAYEV,

O‘zA

Yana o‘qing:  To‘g‘ri ovqatlanish maktab yoshidagi bolalar uchun juda muhim

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: