Biznes loyiha endi uni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy qilish, “elektron hukumat” tizimini tatbiq etish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Bu, ayniqsa, yoshlarimiz o‘zining biznes loyihalarini amalga oshirishda ayni muddaodir.

Biznes sub’yektlarining davlat xizmatlaridan foydalanishida qulayliklar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar tadbirkorlarga vaqt va mablag‘ini tejash imkonini bermoqda. Qolaversa, bu harakat davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarning ochiqligini ta’minlamoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 oktyabrdagi “Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish jarayonlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu hujjat talablarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Elektron hukumat” markazi, Adliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Davlat soliq, statistika qo‘mitalari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tizimi ishlab chiqildi.

 Joriy yilning 1 aprelidan boshlab fo. birdarcha.uz veb-manzilida ishga tushirilgan tizim orqali yuridik shaxs maqomiga ega sub’yektlar va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z bizneslarini real vaqt rejimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin.

 Avtomatlashtirilgan tizim ta’sis hujjatlarini olish, ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat bojini to‘lash va guvohnoma olish imkonini beradi. Qayd etish kerakki, yangi tizim orqali biznesni istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Tizimdagi yaratilgan qulayliklardan biri – to‘lov uchun imtiyozlardir. Agar tadbirkor o‘z biznesini mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazayotgan bo‘lsa, belgilangan to‘lovning 50 foizini amalga oshiradi. To‘lovlarni banklar orqali amalga oshirish yoki onlayn to‘lash ham mumkin. Muhimi, tadbirkor bosqichma-bosqich jarayon yordamida hukumat ma’lumotlar bazasida onlayn reestr orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Guvohnomalarning QR-kodlar bilan taqdim etilishi, tadbirkorlik sub’yektining haqiqiyligi, maqomi va barcha ma’lumotlarini tekshirish imkonini beradi. Barcha amaldagi tadbirkorlik sub’yektlari yangi namunadagi guvohnoma olish huquqiga ega.

Ro‘yxatdan o‘tishdagi hamma bosqichlar – da’vogarga oid ma’lumotni olish, tashkiliy-huquqiy shaklni, firma nomini tanlashdan to guvohnoma olishgacha bo‘lgan jarayon avtomatlashtirilgan. Faoliyat turini tanlashda Davlat statistika qo‘mitasining yangi klassifikatori qo‘llaniladi.

Yuridik shaxsni tashkil etishda birdan ortiq muassis ishtirok etgan taqdirda, har bir muassis ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan tadbirkorlik sub’yektining muassislar tarkibiga kirishga roziligini tasdiqlaydi. Bunda har bir muassisga tasdiqlash uchun elektron xabar yuboriladi va muassis unga rozilik beradi.

Yana o‘qing:  MEMORANDUM IMZOLANDI

Tizimning “Elektron hukumat” tizimiga to‘liq integratsiya qilingani turli tashkilotlar o‘rtasida ma’lumotlar almashish imkonini bermoqda. Masalan, mustaqil ravishda bank hisob-raqami ochilganida barcha zarur ma’lumotlar avtomatik tarzda Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat statistika qo‘mitasiga davlat ro‘yxatiga qo‘yish uchun yuboriladi.

Internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tayotgan tadbirkorlik sub’yektlari ko‘payib borayotgani yangi tizim ishbilarmonlar tomonidan ijobiy kutib olinganidan dalolat bermoqda. Chunonchi, 1 apreldan buyon 1 ming 200 ga yaqin tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun ana shu interaktiv xizmatdan foydalangan.

 

Dono ALIMOVA,

Toshkent qurilish kommunal kasb-hunar kolleji iqtisod fani o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: