“TOSHKENT OPEN – 2012”: ULKAN IMKONIYATLAR BELLASHUVI
Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zahiralari Tennis maktabi kortlarida 8 sentyabr kuni “TASHKENT OPEN – 2012” an’anaviy xalqaro turneri start oldi. Unda dunyoning 20 ga yaqin mamlakatdan kelgan tennischi qizlar yakkalik va juftlik bellashuvlarida kuch sinashadi. Bahslar 15 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston jahon tennis hamjamiyatiga rasman qo‘shilganligiga bu yil roppa-rosa 20 yil to‘ldi. Mamlakatimiz tennis federatsiyasining ITF, ATP hamda WTA singari nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganligi esa ushbu sport turining yurtimizda keng quloch yozib rivojlanishiga turtki berdi. Jumladan, mamlakatimizning barcha xududlarida zamonaviy, hamma qulayliklarga ega tennis majmualari, inshootlari foydalanuvchilar ixtiyoriga berildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro turnirlar soni 20 dan oshib ketdi. Ana shu musobaqalar orasida eng birinchilardan hisoblangan “Toshkent open” xalqaro turniri yil sayin WTA turnirlari orasida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Jahonning yetakchi raketka ustalari mahoratlaridan bahramand bo‘layotgan yoshlarimiz o‘z malakalarini oshirib, xalqaro arenalarda o‘zlarini ko‘rsatishga erishmoqdalar. Iroda To‘laganova hamda Oqgul Omonmurodovalar ortidan Sabina Sharipova, Nigina Abduraimova, Vlada Yekshibarova Alina Abdurahimova, Arina Folts, Sarvinoz Saidxadjayeva singari iste’dodli qizlar voyaga yetishayotgani quvonarli, albatta
“Toshkent open” xalqaro musobaqasi esa bu yo‘lda izlanayotgan o‘zbekistonlik tennischilar uchun navbatdagi mahorat maktabi vazifasini o‘tashiga ishonamiz.
Shubhasiz, Olimpiya Tennis maktabi bu hafta juda ko‘plab qiziqarli o‘yinlarga shohid bo‘ladi. Ehtimol musobaqa chempioni jahonning eng kuchli sakkiz nafar raketka ustasi orasidan joy olib, noyabrda Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkaziladigan hamda mavsumni yakunlab beruvchi chempionlar turniri qatnashchilari safidan joy egallaydi.