Farzandingiz bilan birga til o‘rganing
Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr eng so‘nggi texnologiyalar bilan ishlay olishni, bir emas, bir nechta xorijiy tillarni mukammal o‘rganishni talab etadi. Shu sabab hozirda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini chet tillarini chuqur o‘rganishlarini istaydi. Biz bu borada ota-onalarni bir nechta oson usullar bilan tanishtirib o‘tamiz.
- Agar farzandingizni til o‘rgatish kurslarida o‘qitishni istasangiz, o‘qituvchi tanlashga e’tiborli bo‘ling. Bu bilan bolangizni darslarda zerikib qolishini oldini olgan bo‘lasiz.
O‘qituvchining bola bilan ishlash jarayonini kuzatish orqali farzandingizga yaxshi ustoz tanlashingiz mumkin. Murabbiy bir nechta dars mashg‘ulotlari o‘tganidan keyin bolangiz xorijiy tilni qanday o‘rganayotgani bilan qiziqib ko‘ring.
- Agar farzandingizni uy sharoitida o‘zingiz o‘qitishni istasangiz, unutmang, bolalar rasm chizish, raqsga tushish va ashula aytishni xush ko‘rishadi. Siz bu vositalardan til o‘rganishda unumli foydalanishingiz mumkin. Bolalar giperaktiv (o‘ta harakatchan) bo‘lishadi. Shu sababli ularni harakatlangan holatda dars qilishlariga imkon bering.
- Qiziqarli adabiyot tanlang. O‘quv qo‘llanma zerikarli bo‘lishi kerak emas. Kitob do‘konlarida turli rasmlar bilan bezatilgan, tilni osongina o‘zlashtirishga yordam beradigan maxsus kitoblar sotiladi. Bu borada internet manbalaridan ham foydalanish mumkin.
- Multfilm tomoshasi ham bola dunyoqarashini o‘stirish va tashqi dunyo bilan tanishtirishda muhim vosita sanaladi. Filmdagi qahramonlar tomonidan gapirilayotgan iboralar bolaning so‘z boyligini orttiruvchi muhim vositadir. Multfilmda so‘z va iboralarning qayta-qayta takrorlanishi, shubhasiz, farzandingiz xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.
- Til o‘rgatish bo‘yicha yangi ma’lumotlar izlang. Takror aytilaverib, zerikarli bo‘lib ketgan ertaklarni emas, balki chet tilida bolalar uchun qiziqarli, va zamonaviy hikoyalarni kitob do‘konlari yoki internet saytlaridan izlab toping. Buni eshitish farzandingiz uchun shubhasiz, o‘ta maroqli bo‘ladi.
- O‘qitish jarayonini tez-tez o‘zgartirib turing. Bir xil mashg‘ulot bilan shug‘ullanish uni zeriktiradi.
Masalan, 15 daqiqa multfilm tomosha qilgach, bolangiz bilan 10 daqiqa uni muhokama qiling. So‘ng 15 daqiqa ertak o‘qing, qolgan 10 daqiqa u o‘zi eshitgan ertagini so‘zlab bersin. Qarabsizki, bolaning so‘z boyligi kun sayin ortib boradi.
- Birgalikda dars tayyorlang. Bu maslahat nafaqat xorijiy tillarni o‘rganishda, balki uyga vazifalarni tayyorlashda ham ayni muddaodir. Ishonavering bola bilan birgalikda xorijiy tilni o‘rganish, siz uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi!
Xurshida HUSENOVA