Akademik eshkak eshish: o‘smirlarimizning muvaffaqiyati
11-14 oktyabr kunlari Singapurda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
E’tiborga molik jihati, bu safargi qit’a chempionati kelasi yili Argentinada bo‘lib o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga saralash bosqichi vazifasini ham o‘tab berdi. Osiyo chempionati yakuniga ko‘ra hamyurtimiz Kamila Maqsudova yakkalik ekipajida musobaqani kuchli to‘rtlikda yakunlab, o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritdi.
Singapurdagi musobaqaning so‘nggi kunida barcha yo‘nalishlarda final bahslari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi unda muvaffaqiyatli ishtirok etib, medallar shodasiga ega chiqdi. Alisher Turdiyev, Sardor To‘lqinxo‘jayev, Elyor Raupov va Shahzod Nurmatovlardan iborat birinchi to‘rtlik start avvalidanoq peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi va 2000 metr masofaga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Keyinroq o‘smirlar o‘rtasida yakkalik ekipaj bahslarida poygalar tashkil etildi. Unda ishtirok etgan hamyurtimiz Jasur Mavlonov marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tdi va bronza medaliga loyiq ko‘rildi. Shuningdek, ikki kishilik ekipaj bahslarida Alisher Turdiyev va Sardor To‘lqinxo‘jayevlardan iborat juftligimiz barcha raqiblarini ortda qoldirib oltin medalga sazovor bo‘lishdi. Terma jamoamizga uchinchi oltinni Yevgeniy Agafonov, Davrjon Davronov, Abduaziz Rahimjonov va Jasur Mavlonovdan iborat to‘rtlik ekipaji keltirdi.
Ana shu tariqa Akademik eshkak eshish bo‘yicha terma jamoamiz mamlakatimiz uchun o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga ajratilgan maksimal 2 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
T. ORTIQOVA