Hayot ritmi harakatda
Amerikalik olimlar surunkali uyqusizlik kasalligiga yo‘liqqan bemorlar bilan tadqiqot o‘tkazishdi.
Ularning fikricha o‘n daqiqa davomida zinadan ko‘tarilish miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etar ekan. Ya’ni, qon harakat tufayli kislorod bilan yaxshi to‘yinib, odamning xotirasi yaxshilanadi hamda diqqat-e’tibor kuchayadi.
Ko‘pchilik uyquni “qochirish uchun” qahva ichishadi. Ammo, qahva tarkibidagi kofein diqqatni jamlash va ishchanlikka ta’sir etmaydi. Agar kimdir uyqusizlikdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, yotish oldidan bir stakan iliq sutga bir choy qoshiq tabiiy asal solib ichishi mumkin. Yana zerikarli kitob o‘qish ham uyqu keltiradi. Shuningdek, soat 18: 00 dan keyin kechki ovqatni tanovul etmaslik kerak. Chunki, haddan tashqari to‘yib ovqatlanish ham me’daga og‘irlik qiladi va odam uxlashga qiynaladi. Sababi quyuq ovqat kamida 3 soat davomida hazm bo‘ladi. Uyquga yotishdan oldin toza havoda uzoq vaqt sayr etish ijobiy samara beradi. Yana surunkali qabziyat ham uyqusizlikka va bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Chunki, insonning o‘z vaqtida ichi yurishmasa najasdagi indol va skatol kabi zaharli moddalar yo‘g‘on ichak vorsinka (ichak devoridagi maxsus so‘rg‘ich)lari orqali qonga qayta so‘riladi. Natijada organizm ortiqcha zararli xiltlar chiqib ketmaganligi sababli zaharlanadi. Shu sababli bemorning boshi og‘riydi, ko‘ngli ayniydi va uyqusi qochadi. U esa kasallikning asl sababini bilmasdan turib sun’iy dori vositalarini iste’mol qiladi. Organizmni xiltlardan tozalash esa insonning tiniqib uxlashiga zamin yaratadi.
GULSHIRIN