Oqqon qanday dard?

Davomi. Boshi

O‘tkir leykoz klinikasi

Kasallik belgilari suyak ko‘migida leykoz hujayralari to‘plami-kloni o‘sishi sababli paydo bo‘ladi. Klon hujayralar ko‘payishi bilan uning atrofidagi normal qon ishlab chiqarish jarayoni buzilishi yuzaga keladi. Qonda sog‘lom hujayralarning kamayishi tufayli klon va normal hujayralarning nisbiy o‘zgarishi darajasi hisobiga klinik belgilarning rivojlanishi kuzatiladi. Xasta odamda lohaslik, darmonsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, taloq va periferik limfa tugunlarining kattalashishi kuzatilib, terida gemorragik toshmalar paydo bo‘ladi. Bemor burnidan qon ketganda LOR shifokorga, me’da-ichak tizimidan qon ketsa jarrohga, buyrakdan qon ketsa urologga murojaat qiladi. Leykotsitlarning kamayishi xastaning immun tizimi faoliyatini susaytirib yuboradi. Natijada unda gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar va yuqumli kasalliklarga moyillik paydo bo‘ladi. Bo‘g‘imlarda kuzatiladigan og‘riq va shishlarning paydo bo‘lishi bemorni revmatizm (bod) tashxisi bilan davolanishga majbur etadi. Shu kabi o‘tkir leykoz bilan kasallangan bemorlar terapevt, pulmonalog, infeksionist, stomatolog, dermatolog va boshqa shifokorlarga murojaat qilishadi. Davolashning ijobiy natijasi bo‘lmasa bemorning takror o‘tkazilgan qon tahlillarida kuzatilgan keskin o‘zgarishlar tufayli mutaxassis-gemotalog o‘tkir leykozga gumon qilishi mumkin. Ancha kech bo‘lsada u maxsus klinikaga tekshirish va davolanish uchun yuboriladi. Demak, o‘tkir leykozning boshlanishi o‘ziga xos belgilar bilan emas, balki asoratlarning klinik ko‘rinishi bilan kechadi. Shunday bo‘lsada ularning turlarini aniqlashga imkon beradigan xastalik belgilarini ham topsa bo‘ladi.

Metastazlar

Gemoblastozning boshqa turlarida va umuman o‘sma jarayonlarida metastazlar (o‘smalarning tarqalishi) odatda kasallikning kechikkan davrlarida kuzatiladi. Chunonchi, leykozlarda va ayniqsa, ularning o‘tkir turlarida metastaz kasallikning boshlanishidayoq yuzaga keladi. Ularning o‘sma hujayralari qon hujayralaridan (negiz yoki o‘q hujayra) va uning yaqin avlodlaridan tashkil topganligi sababli ular osonlik bilan qonga o‘tadi. Qonga o‘tgan leykoz hujayralari turli a’zolarda, birinchi navbatda qon yaratuvchi a’zolar bo‘lgan to‘qima, jigar, taloq, limfa tugunlarida, keyinchalik esa boshqalarda (buyrak, miya pardalarida, ovqat hazm qilish a’zolarida hatto, og‘iz bo‘shlig‘idagi to‘qimalar va terida) o‘rnashib, leykemik infiltrat-yiring (leykoz proliferatsiyasi)ni yuzaga keltiradi, ya’ni, o‘smalar hosil qiladi. Bular yuqorida ko‘rsatilgan a’zolarning faoliyatiga so‘zsiz qattiq zarar yetkazadi. Blast hujayralarning sitostatik moddalarga nisbatan sezuvchanligi yo‘qolib bemorni davolash g‘oyat qiyinlashadi.

Yana o‘qing:  Muqaddasim, munavvarim – ona tilim

Leykozlarning bir necha tasniflari bor. Qonning morfologiyasiga qarab quyidagilari farqlanadi:

  1. Limfoleykoz – limfotsitar tizimning shikastlanishidan yuzaga keladigan leykoz, uning o‘tkir (limfoblastli leykoz yoki limfoblastoz) va surunkali turi mavjud.
  2. Miyeloleykoz – miyeloid to‘qimaning shikastlanishi sababli vujudga keluvchi leykoz. Bu leykozning quyidagi turlari farqlanadi:

a) miyeloleykoz – o‘tkir (miyeloblastoz) va surunkali miyeloleykoz;

b) monotsitar leykoz – o‘tkir (monoblastoz) va surunkali monotsitar leykoz;

v) eritrotsitar leykoz – o‘tkir (eritroblastoz) va surunkali eritrotsitar leykoz (eritremiya yoki Vakez kasalligi);

g) trombotsitar leykoz – o‘tkir (megakarioblastoz) va surunkali trombotsitar leykoz.

Avvallari kasallik leykemiya deb atalgan bo‘lib, bu ikki ma’no (leykemiya va leykoz) bilan bog‘liq bo‘lgan. Birinchidan, oqqon tanachalarining ko‘p bo‘lishi (oqqonlik) va ikkinchidan, qonga leykemoid hujayralarning o‘tishi nazarda tutilgan.

Leykozning o‘tkir shakllari hayot uchun ayniqsa, xavfli bo‘lib, tez rivojlanadi va bir-ikki oy, hatto, bir necha hafta ichida bemorning o‘limiga sabab bo‘lishi ma’lum. O‘lim sabablari: o‘ta og‘ir darajadagi anemiya (kamqonlik), leykoz infiltratlarining tarqalib, a’zolarni shikastlashi va ko‘pincha immun tizimining sustlashishi natijasida ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishidir.

Leykozlarning davosi

Kimiyoviy dori vositalari – ya’ni, sitostatik dori vositalari, antibiotiklar, qon komponentlari, yangi muzlatilgan zardob trombokonsentrat va qo‘shimcha dori vositalari bilan davolash. Bemorlar albatta ovqatlanish ratsioniga ham katta e’tibor berishlari kerak.

Gemoglobin miqdori kam bo‘lsa eritrotsitar massa, qon ketganda yangi muzlatilgan plazma quyish, gemostatik davo, infeksion asoratlar bo‘lsa antibakterial preparatlar, zamburug‘ga qarshi davo o‘tkaziladi.

Tashxis aniq bo‘lgandan keyin davo faqat polikimyoterapiya usuli bilan olib boriladi. O‘tkir leykozlarni davolash uchun bir necha rejali davolash usullari mavjud bo‘lib, ular immunofenotipik varianti va xavf omillari borligiga ko‘ra tanlanadi. Blast xujayralar immunofenotipik tekshiruvi mavjud terapevtik protokollarni tanlashda muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy polikimyoterapiya protokollar asosida (ALL-BFM-95, ALL-MB – 2008 va 2015) induksiya, konsolidatsiya kurslarini o‘tkazish va kasallikni bir muncha vaqt davomida qo‘zg‘almasligini ta’minlab turuvchi polikimyoterapiya kurslari o‘tkaziladi.

Bemorlar o‘tkir leykoz hurujidan to‘liq chiqqandan so‘ng 5 yil davomida kuzatuvda bo‘lishadi. Ular to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga rioya qilishlari kerak. Kundalik ratsionga o‘simlik tolasi (kletchatka)ga boy mahsulotlarni (sabzavot va ko‘katlar, yormalar, dag‘al undan tortilgan va tayyorlangan mahsulotlar), to‘yinmagan yog‘ kislotalari (kam miqdorda o‘simlik moylari, baliq) kiritiladi.

Yana o‘qing:  Xorijda kimlar davolanadi?

Xasta kishilar xavfli omillarning oldini olishlari, zararli odatlar-spirtli ichimliklar iste’mol qilishni va chekishni tashlashlari, jismoniy faollikni kamaytirishlari kerak.

Aziza MAHMUDOVA,

Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktor o‘rinbosari,

tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: