Akrobatika – ohanglarga monand harakat
Gimnastik sport turlari ichida akrobatika o‘zining betakror harakatlari, inson salomatligiga ijobiy ta’siri bilan alohida ajralib turadi. Akrobatika Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan bo‘lsa-da, dunyodagi eng ommalashgan sport turlaridan sanaladi.
Yaqinda Qozog‘istonning Ostona shahrida sport akrobatikasi bo‘yicha X Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu galgi qit’a birinchiligida ilk bor 8 ta davlat terma jamoalari ishtirok etishdi. Jumladan, Hindiston, Eron, Shimoliy Koreya va Tojikistondan kelgan akrobatlar musobaqada birinchi bor qatnashdilar. Uch yosh toifasida o‘tkazilgan bahslarda o‘zbek delegatsiyasi 28 nafar sportchi bilan ishtirok etib, jami 11 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Madina Rihsiboyeva hamda Nafosat Muhitdinovalar juftligi kumush medalga sazovor bo‘lishdi. Biz Madinani suhbatga tortdik:
– Mana o‘n yildirki, sport akrobatikasi bilan shug‘ullanaman. O‘tgan vaqt davomida ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladim. Sizga aytsam, sportning salomatlikka juda katta foydasi bor. U bilan shug‘ullangan insonning ruhi tetik, tanasi sog‘lom bo‘ladi. Eng asosiysi, sportda biror muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lgan inson irodali, sabrli bo‘lishi zarur.
Akrobatika murakkab koordinatsion sport turi bo‘lishi bilan birga atletlarni chaqqonlik, epchillikka o‘rgatishi bilan ahamiyatlidir. Boshqa qizlarga o‘rnak bo‘lib mazkur sport turida o‘z malaka va mahoratini oshirib borayotgan akrobatlarimiz mintaqaviy chempionatlardagi natijalari bilan murabbiy va mutaxassislar nazariga tushishmoqda. Murabbiy Mohira Qodirova shogirdlari Madina va Nafosatlarning natijalaridan nihoyatda hursand:
– Qirq yildan buyon qizlarga akrobatikadan saboq berib kelaman. Hozirda o‘zim faoliyat ko‘rsatayotgan Gimnastikaga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida ko‘plab shogirdlarim mazkur sport turiga oshno bo‘lishgan. Bilasizmi, akrobatika bilan mashq qilgan qizlar tengqurlariga nisbatan ancha erta ulg‘ayadilar. Bolalikdan mustaqil, mas’uliyatli va sabr-toqatli bo‘lishga odatlanadilar. Mashg‘ulotlar jarayonida chaqqon, epchil bo‘lishga intiladilar. Oilasida bir oz erkaroq bo‘lgan qizlarning esa tabiati ijobiy tarafga o‘zgaradi.
Sport akrobatikasida natija faqat bir sportchiga bog‘liq bo‘lmaydi. Har bir atletning ichki intizomi, mas’uliyati, ishiga bo‘lgan munosabati bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Akrobatika sport turi bilan mashq qilganlarga natijaga erishish uchun “faqat o‘zim bo‘lay” deydigan hudbinlik hissi begona. Ular bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, zal tashqarisida ham jamoa a’zosini o‘z yaqinlari kabi e’zozlashadi. Terma jamoamiz a’zolarining ana shunday havas qilgulik munosabatlari, ularning Osiyo chempionatidagi natijalariga poydevor bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.
Yulduz ORTIQOVA