Mutaxassislar parvoz vaqtida uxlamaslikni masahat beradi
Mutaxassislar fikricha, samolyot bortida uxlab ketuvchi odamlarning qulog‘i shikastlanishi mumkin. Ayniqsa, samolyotning yuqoriga ko‘tarilishi va qo‘nish vaqti uxlayotgan yo‘lovchilar uchun eng xavfli vaqt hisoblanadi. Bu paytda quloq pardasining ichki va tashqari tomonidagi bosim turlicha bo‘lgani sababli quloq berkilib qoladi. Bu holatni esnash yoki yutinish orqali bartaraf qilish mumkin.
Ba’zi aviakompaniyalar yo‘lovchilarga parvoz yoki qo‘nish vaqtida noxush tuyg‘ular bo‘lmasligi uchun chaynaladigan konfetlar tarqatadi. Odam konfetni chaynayotganida o‘rta quloq bo‘shlig‘ini burun-tomoq bo‘shlig‘i bilan tutashtiruvchi naycha ochiladi. Bu esa o‘rta quloq bilan burun va tomoq o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi.
Inson uxlayotgan paytda esa bosimni tenglashtira olmaydi, oqibatda quloq naychalari to‘silib qolishi tufayli eshitish organlarining shikastlanish xavfi ortadi. Bundan tashqari, quloqning uzoq vaqt berkilib qolishi infeksiya rivojlanishi, eshitish qobiliyatining pasayishi va quloqda suyuqlik paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar parvoz va qo‘nish vaqtida yo‘lovchilar albatta uyg‘oq bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.