Ma’naviyatli yoshlar xalqaro tinchlikni ta’minlaydi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 19 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi nafaqat xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Prezidentimiz dunyoning eng nufuzli minbaridan turib, o‘zbekona qat’iyat va mulohaza bilan mamlakatimiz hayoti, Markaziy Osiyo mintaqasi hamda jahondagi tinchlik va barqarorlik bilan bog‘liq eng muhim masalalarni o‘rtaga tashladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, bir so‘z bilan aytganda, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyilining hayotga izchil tatbiq etilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning BMT tuzilmalari bilan bundan keyin ham hamkorlik aloqalarini davom ettirishini bildirgan holda ushbu nufuzli xalqaro tashkilotni bosqichma-bosqich isloh etish zarurligini ta’kidladi va bir qator takliflarni ilgari surdi.
BMT Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish, uning boshqarish tizimini takomillashtirish, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilingan maxsus dasturni to‘liq amalga oshirish, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish, BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish kabi global muammolarni hal etishga qaratilgan takliflar nafaqat O‘zbekiston manfaatlarini ifoda etadi, balki BMTga a’zo 190 dan ortiq mamlakatlarning tinchligi, taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qiladi.
Shuningdek, ma’ruzada dunyoda terrorizm tahdidlari, ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchayib borayotgani haqida so‘z yuritilib, Yurtboshimiz tomonidan ushbu global muammoni xal etishning eng ta’sirchan va samarali yo‘li sammit ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida “Ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda.
Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi, “virusi” tarqalishining oldini olishdir”, – deya ta’kidladi. Shu munosabat bilan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning “Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.
Prezidentimiz tomonidan dunyoning eng yirik siyosatchilariga qarata yuksak minbardan turib aytgan bu fikrlari katta e’tibor bilan qarshi olindi. Chunki, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi global davrda yoshlar ongi va shuuriga qaratilgan tahdidlar tobora avj olmoqda va bu masala dunyo ma’rifatparvarlarini ham qayg‘uga solayotgani achchiq haqiqat.
Ayni damda dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan xunrezliklar, ekstremizm va terrorizm balosining avj olishiga ham to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, ongu shuuri buzg‘unchi g‘oyalar bilan zaharlangan yoshlar sababchi ekanligini jahon afkor ommasi yaxshi anglab turibdi. Ana shunday balo-qazolarning oldini olish, dunyoni jaholatdan saqlab qolishning eng oqilona yo‘li bu yoshlarni ma’naviyat va ma’rifatli qilib tarbiyalash ekanligi Prezdiyentimiz tomonidan yana bir bor kuyunchaklik bilan ta’kidlab o‘tildi.
Tan olib aytishimiz mumkinki, yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qabul qilinishi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilganligi, “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar Ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun – 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni”, deb e’lon qilinganligi buning yorqin namunasidir.
Albatta mamlakatimizda olib borilayotgan ijobiy ishlar juda ko‘p, lekin muammolar ham yetarli. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, davlatimiz rahbarining BMTning “Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi”ni ishlab chiqish haqidagi taklifi eng o‘rinli va oqilona taklif ekaniga shubha yo‘q.
Mavluda XODJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati