Samarqandda elektron poliklinika ishga tushdi
Samarqand shahridagi 12-son oilaviy poliklinikada aholini onlayn tarzda elektron ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirildi.
“Elektron poliklinika” dasturi bemorlarni yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmog‘i orqali shifokor qabuliga yozilishda ko‘maklashadi. Hozirda poliklinika hududida yashovchi fuqarolarning yagona tibbiy kartasi yaratilmoqda.
Muassasaning kutish zalida o‘rnatilgan monitorlar orqali har kim navbati kelganini kuzatib turishi mumkin. “Salomatlik-3” loyihasi asosida ro‘yxatxona va shifokorlar xonalari zamonaviy kompyuter tizimlari bilan ta’minlanib, lokal-hisoblash tarmoqlariga ulandi. Endilikda qaysi ixtisoslikdagi shifokor nechanchi xonada qabul qilishi, ish vaqti va qabul kunlari bilan tanishish mumkin. Shifokor qabuli ham telefon orqali, ham uydan chiqmagan holda elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin. Yana bir qulaylik, bemor shifokor qabuliga oldindan navbat olmay kelgan bo‘lsa, shu yerning o‘zida elektron tarzda navbatda turadi.