Ezgulikka yo‘l ochgan dargoh
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zaliga tashrif buyurganmisiz? Ushbu dargoh respublikamizning barcha viloyatlarida rang-tasvir, amaliy san’at yo‘nalishida ijod qilayotgan bolajonlarning haqiqiy mahorat maydoniga aylangan. Ijodiy ishlarni kuzata turib, yurtimiz farzandlari naqadar ijodkor, dunyoqarashi keng, ko‘ngli yaxshiliklarga limmo-lim ekanligiga guvohi bo‘lasiz. Zero, ijod mahsuli bu ko‘ngil aksidir deyishadi.
Ko‘rgazmalar orasida tinchlik va ezgulik elchisi bo‘lmish bir juft laylaklarning ajoyib rasm kishi e’tiborini tortadi. Musaffo osmon ostiga o‘z qo‘rg‘onini o‘rnatgan, iniga xavf-xatar chang solmasligini his etgan holda turgan laylaklar hademay dunyo yuzini ko‘rajak polaponlarini baxtli kunlar bilan qutlayotgandek mamnun va baxtiyor…
Navoiy shahar «Mehribonlik uyi»da tarbiyalanayotgan bolalarning barchasi o‘ziga xos iqtidor egalari. Ushbu tarbiya maskani 117 nafar bolalarni o‘z bag‘riga olgan. Bu degani turfa orzularga qanot bo‘lish, turli xil ko‘ngillarga yo‘l topish va qarashlarni bir yerga jamlab ularni ahil va inoqlikda tarbiyalash demakdir.
Ushbu maskanda turli millatga mansub maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar tarbiyalanmoqda.
Tabiatdan bir giyoh yulinsa, borliq seskanadi, deyishadi. Bolaning ko‘ngli ham misoli kurtak yozayotgan niholdir. Vatanning bir bo‘lagi bo‘lgan tarbiya maskanidagi bolalarning hech kimdan kam bo‘lmagan holda ta’lim olishlari uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Muassasaning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash uchun turli ko‘rinishdagi zamonaviy jihozlar, kompyuterlar bolalar ixtiyorida.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bolalar qiziqishlari inobatga olingan holda, musiqa, sport yo‘nalishiga doir to‘garaklar ham tashkil etilgan. Musiqaga ko‘ngil qo‘ygan bolalar shahar hududidagi to‘garaklar va Glinka nomli musiqa maktabning turli yo‘nalishlariga jalb etilgan. 2013 yilning aprel oylarida viloyatda bo‘lib o‘tgan «Istiqlol g‘unchalari» bolalar ijodiyot festivalida Ruslan Niyozov «Musiqa asbobi ijrosi» yo‘nalishida o‘zining ajoyib chiqishi bilan alohida e’tirof etilishi ham ana shu kabi to‘garaklar faoliyatining samarasidir.
Yaratilgan imkoniyatlar natijasi o‘laroq shahar viloyat va respublika tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Bobosher Mavlonov, Siroj Sodiqov, Muxlisa Nurullayeva, Mehrangiz Qalandarova, Aziz To‘xtayevlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan iste’dod egalari desak mubolag‘a bo‘lmas.
«Mehribonlik uy»ining tarbiyalanuvchilari orasidagi totuvlik va birdamlik kishini xushnud etadi. Ko‘p yildan beri muassasada bolalarga rahbarlik qilib kelayotgan Dilbar Bozorova so‘zlaridan ham fikrimiz isbotini anglashingiz mumkin:
– Bolalarimizning barchasi iqtidorli, mehnatkash, bir-biri bilan ahil va inoqdir. Qanday yumush bo‘lmasin, doimo birgalikda bajarishga harakat qilishadi. Ular aka-uka, opa-singil bo‘lib, bir-birini qo‘llab-quvvatlashadi. O‘zaro hurmat va mehr-oqibat bizning eng katta yutug‘imizdir.
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining markaziy zalida, barchaning e’tirofiga va e’tiboriga sazovor bo‘lgan «Oq laylaklar»deb nomlangan amaliy san’at asarining tagiga Navoiy shahar, «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchisi Mehrangiz Qalandarova degan so‘zlar bitilgan. Bu yili Hukumatga qarashli bo‘lmagan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «Kamalak jilosi» respublika rasmlar ko‘rik-tanlovida amaliy san’at yo‘nalishida navoiylik qizaloqning ana shu asari birinchilikni qo‘lga kiritgan. Bu bejizga emas, albatta. Yaxshilik va mehr-oqibat tarannum etilgan dargohda hamisha yuksalish va taraqqiyot bo‘ladi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri